O‘zaro hamkorlikning muhim bosqichi


2653     12.10.2026

Iqtisodiy va milliy manfaatlarni himoya qilish tobora murakkablashayotgan bir davrda, ishonchli hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yib, o‘zini manfaatli sherik sifatida namoyon eta olgan davlatgina maqsadlariga erishishi mumkinligi bugun real voqelikka aylandi. E’tirof etish lozim, O‘zbekistonning bu boradagi bugungi tashqi siyosati muvaffaqiyatli qaror sifatida amalda o‘zining isbotini topyapti.

Yangi O‘zbekiston islohotlari nafaqat mamlakatimizdagi ichki o‘zgarishlarga, balki yurtimizning tashqi dunyodagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy Osiyo — Ozarbayjon formatidagi hamkorlik esa nafaqat bugun, balki ayni notinch dunyoda iqtisodiy zanjirlar uzilayotgan bir sharoitda kelgusi 10-15 yilda o‘rnimiz qayerda bo‘lishimiz mumkinligi haqidagi savollarga ham javob beradi.

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev odatdagidek bunday formatdagi uchrashuvlarda pragmatik yondashuvi bilan alohida ajralib turadi. Turkmaniston uchrashuvlarida ham davlat rahbari tomonidan bildirilgan takliflar, jumladan, “Olti iqtisodiyot — bir mahsulot” tamoyili asosidagi tashabbuslar barchaning manfaatlarini birdek himoya qilishda naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatdi.

Prezidentimizning Markaziy Osiyo alohida manfaatlarini himoya qilolmasligini, faqat birgalikda, hamkorlikdagi sa’y-harakatlar orqaligina foydali bo‘lishini va bu jarayonda Ozarbayjonning ishtiroki muhimligini allaqachon anglab yetganini ta’kidlash lozim.

Bugun mintaqa nafaqat energetika, suv resurslari, balki infratuzilmaviy masalalarda, kadrlarni shakllantirishda, shu bilan birga, texnologik va sanoatni rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilishi har jihatdan muhimdir. Bugun hatto qudratli davlatlar ham yolg‘iz o‘z manfaatlarini himoya qilolmayotgani hech kimga sir emas. Aynan shu davrda katta resurs va imkoniyatlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo — Ozarbayjon hamkorligi yaqin yillarda jiddiy natijaga aylanishi aynan O‘zbekiston tomonidan sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surilgan takliflar ijrosi bilan bevosita bog‘liq.

Tasavvur qiling: Markaziy Osiyodagi 5 ta davlat va Ozarbayjon energetika sohasida yagona maqsad yo‘lida birlashib harakat qilsa, infratuzilmani yaratsa, bu iqtisodiy rivojlanish uchun, shubhasiz, muhim strategik qadam bo‘ladi. Shuningdek,  birgalikdagi harakatlar, umumiy investitsion joziba ustidagi hamkorlik, standartlarni bir-biriga yaqinlashtirish, hatto kadrlar tayyorlash strategiyasini birlashtirish harakatlari yaqin yillarda qanday natija berishini tasavvur qilish qiyin emas.

Shulardan kelib chiqib, Turkmanistonda o‘tgan Maslahat uchrashuvini Markaziy Osiyo — Ozarbayjon hamkorlik platformasining katta muvaffaqiyati sifatida baholash mumkin. Bu nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun Turkiy dunyoning kelajakdagi 50-100 yilligi uchun tashlangan muhim qadam bo‘ladi.

 

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari