“Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” g‘oyasi atrofida birlashib,  mamlakatimiz taraqqiyotini birgalikda taʼminlaymiz


192     22.10.2024

   Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovlariga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari hamda nomzodlar bilan uchrashuvlar yana-da qizg‘in pallaga kirmoqda. Ana shanday uchrashuvlardan biri Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida bo‘lib o‘tdi.

   Targ‘ibot tadbirida partiya Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov so‘zga chiqib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan navbatdagi saylovlarda bejiz “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasi ilgari surilmayotganini qayd etdi.

   Ko‘rib turganingizdek, dunyo o‘zgaryapti, maʼnaviy-axloqiy tanazzul borgan sari kuchaymoqda. Shu maʼnoda, butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonida barcha mamlakatlar davlatchilik anʼanalarini o‘zlarining qadriyatlariga tayangan holda davom ettirishga harakat qilmoqda. Har bir xalqning, elning o‘ziga xos qadriyati: tili, dini, adabiyoti, madaniyati, sanʼati, anʼana-yu, urf-odatlari ularning o‘ziga xosligini taʼminlashi mumkin. Shu nuqtai nazardan, tarixiy-madaniy merosimizni avaylab- asrash, anʼanalarimizni saqlash va rivojlantirish bilan birga iqtisodiy taraqqiyotga ham aynan milliy qadriyatlar orqali erishsak, bundan faqat xalqimiz yutadi.

   Bugun rivojlangan g‘arb oilasini yo‘qotdi, qadriyatlarini unutdi, ayolni oilasidan uzoqlashtiridi va buning oqibatlari qanday bo‘layotganini ko‘rib turibmiz.

   “Milliy tiklanish” partiyasi ayolning jamiyatga faol bo‘lishi tarafdori. Ayol jamiyatning quruvchisi, ustuni hisoblanadi. Agar ayol kelajak avlodni dunyoga keltirib, millatni, vatanparvarlarni tarbiyalamasa, jamiyat rivoji haqida gapirish mumkinmi? Yo‘q, albatta.

   – Biz har qanday taraqqiyotga rozimiz. Odamlarning daromadi ko‘p bo‘lib, to‘kin yashashi, har bir oila bekam-ko‘st bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin taraqqiyot xalqimiz qadriyatlariga zid bo‘lmasligi kerak, – dedi Alisher Qodirov.

   “Milliy tiklanish” partiyasi barcha ayollarning taʼlim olishi, ilmli bo‘lishi tarafdori. Lekin shu bilan birga ayolning oila degan muqaddas qo‘rg‘onning asosiy tayanchi ekanini ham aslo unutmasligimiz lozim. Ana shulardan kelib chiqib, partiya dasturida “Maʼrifatli ona – qudratli millat” tamoyiliga asosan xotin-qizlarga oid partiya siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ayollar kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan bolalarni dunyoga keltiruvchilar va ularning tarbiyachilari bo‘lishi barobarida davlat va jamiyat boshqaruvida o‘zlarining boy bilimi, malakasi va kuchini safarbar etishga qodir ulkan salohiyatga ega, jamiyatimizning faol aʼzolari ekanligini eʼtirof etgan holda muhtarama ayollarimiz hayotini yana-da yaxshilashga xizmat qiladigan bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.  

   Jumladan, ayollarning oilada ko‘proq bo‘lishlari uchun sharoitlar yaratish maqsadida moslashuvchan ish vaqti va farzand ko‘rgan ayollarga bola uch yoshga to‘lguniga qadar haq to‘lanadigan “Onalik taʼtili” berish tizimini joriy qilish takliflari shular jumlasidandir.

   Tan olish lozim, bugun yoshlar bilan bog‘liq muammolarning asosiy sababi birlamchi tarbiyaning to‘g‘ri berilmayotgani bilan bog‘liq. Agar bola dastlabki uch yillikda onasining bag‘rida o‘sib, suti bilan oziqlansa, unda shakllangan ona mehri o‘smirlik davriga kelib Vatanga muhabbatga aylandi. Bolaning ong ostida tabiiy ravishda hayotiy maqsadlar – sabr-toqat, qanoat, muammolarini hal qilish ko‘nikmalari shakllanadi. Ammo bu davrda aksariyat onalar oilaviy sharoiti sabab, hatto bir yoshga yetmagan farzandini o‘zgalar parvarishiga berib, ishga chiqishga majbur bo‘lyapti. Shu bois, partiya dasturida farzandli ayol pul haqida o‘ylamasdan uch yoshgacha bolasining tarbiyasi bilan shug‘ullanishi, buning uchun haq to‘lanadigan “Onalik taʼtili” berilishi taklif qilinyapti.

   Dasturda bugun zamonamizning dolzarb masalasiga aylangan tarbiya va taʼlim bilan bog‘liq ko‘plab g‘oyalar ilgari surilganki, ular orasida eng muhimi “Yangi avlod pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish tashabbusidir. Chunki so‘nggi yillarda ushbu dasturning kerakligini har kuni his qilyapmiz. Bugun farzandlarimiz umuman yangicha davrda, axborot texnologiyalari rivojlangan asrda yashayapti. Tan olishimiz lozim, ayrim pedagoglarimiz zamonaviy talablarga javob bera olmayapti. Ayrim masalalarda o‘quvchilardan ortda qolyapti. Shu bois, yangi avlod pedagoglarini tayyorlash va o‘qituvchilik kasbini jozibadorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilishga birinchi vazifa sifatida qarash zarur.

   Albatta, “Milliy tiklanish” partiyasi inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish, hayotimizning maʼno-mazmuniga aylangan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lidagi g‘oya va tashabbuslarning amalga oshishida Aziz saylovchilarning qo‘llab-quvvatloviga tayanadi.

   – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodlarga beradigan ovozingiz Sizning bizga ishonchingizdir. “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” g‘oyasi atrofida birlashib, mamlakatimiz taraqqiyotini birgalikda taʼminlaymiz, – dedi Alisher Qodirov.

   Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar ham so‘zga chiqib, marg‘ilonlik saylovchilarni o‘zlarining dasturlari bilan tanishtirdi. Uchrashuv savol-javoblar bilan davom etdi.