1622 15.10.2026
Ta’lim insonga bilim bersa, tarbiya ana shu bilimni ezgulik yo‘lida qo‘llashni o‘rgatadi. Tarbiya bilan uyg‘unlashmagan ilm ertaga nojo‘ya harakatlarga sabab bo‘lishi mumkinligi tarixda ko‘p isbotlangan. Shuning uchun ham farzandlarimizga ilm berish bilan birga ularda insoniy fazilatlar, qadriyatlarga hurmat va ma’naviy mas’uliyatni shakllantirishimiz muhim ahamiyatga ega.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Milliy yuksalish poydevori: tarbiya, ta’lim va ilm-fan uyg‘unligi” mavzusidagi jamoatchilik eshituvida partiyamiz rahbari Alisher Qodirovning tarbiya borasidagi fikrlari bizni yanada ko‘proq o‘z ustimizda ishlashga, qadriyatlarimizni qayta ko‘rib chiqishga va, eng avvalo, o‘zimizga nazar tashlashga undadi.
Bog‘cha yoshidagi bolaga kitob nima uchun kerak? Faqat o‘qishni o‘rganishi uchunmi? Partiya rahbari ushbu savollarga javob berar ekan, kitob bilan ertaroq va tez-tez oshno bo‘lish, uni qo‘lga olish, varaqlash orqali bolada kitobga nisbatan qiziqish va odat shakllanishini ta’kidladi. Bugun oddiy ko‘ringan ushbu ko‘nikma ertaga uning kitobsevar, ilmga chanqoq inson bo‘lib kamol topishiga zamin yaratishi mumkin. Ba’zan katta natijalarga olib boradigan yo‘l oddiy, lekin muntazam takrorlanadigan kichik odatlardan boshlanishini unutib qo‘yamiz.
Bu fikr men uchun shunchaki yangi ma’lumot emas, farzand tarbiyasiga bo‘lgan qarashlarimni yana bir bor tahlil qilishga turtki bo‘ldi.
Oilada ayolning o‘rni haqidagi fikrlar esa meni ona sifatida o‘zimni qayta taftish qilishga undadi. Farzandlarimga bo‘lgan munosabatimni qayta ko‘rib chiqish va ularning shaxsiyatini rivojlantirishdagi mas’uliyatimni chuqurroq anglash zarurligini his qildim.
Psixologiyadan ma’lumki, ba’zan bolaning imkoniyatini uning o‘zi emas, atrofidagi kattalarning unga bo‘lgan ishonchi belgilab beradi. Bir og‘iz rag‘bat unga qanot bag‘ishlagani kabi o‘ylamay aytilgan bir og‘iz so‘z qalbini vayron qilishi mumkin.
Albatta, farzand tarbiyasi faqat maqtovlardan iborat emas. U intizomni, mas’uliyatni, sabr va chegaralarni ham bilishi kerak. Bunda bolaning sha’nini kamsitmasdan, uni boshqalar bilan solishtirmasdan, mehr va tushuntirish orqali o‘rgatish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bolani tarbiyalash uni o‘zimiz istagan insonga aylantirish emas, balki undagi imkoniyatlarni kashf etib, mustaqil fikrlaydigan, ezgulikni tanlaydigan va o‘z qadrini anglaydigan komil inson bo‘lib kamol topishiga yordam berishdir.
Buning uchun esa, avvalo, o‘zimiz ilm olishimiz, rivojlanishimiz, dunyoqarashimizni kengaytirishimiz kerak. Chunki farzandlarimizga faqat aytgan gaplarimiz emas, balki o‘zimiz qanday yashayotganimiz, xatolarimizni qanday tan olishimiz, muammolarni qanday hal qilishimiz va hayot davomida qanchalik o‘sishga intilayotganimiz ham namuna bo‘ladi. Buyuk insonlar kamoloti ortida ularga ishongan, ilmga yo‘naltirgan, qiyinchiliklarda qo‘llab-quvvatlagan va o‘zlari ham rivojlanishdan to‘xtamagan onalar turgan.
Shuning uchun jamoatchilik eshituvidan olgan eng muhim xulosalarimdan biri shu bo‘ldiki, buyuk avlodni tarbiyalash uchun, avvalo, o‘zimiz ham ma’nan, aqlan va ruhan o‘sishda davom etishimiz kerak. Farzandlarimizning ilmli bo‘lishini istasak avvalo o‘zimiz ham o‘rganaylik. Kitobsevar bo‘lishini istasak, kitob o‘qiylik. Mustaqil fikrlashini istasak, ularni tinglaylik. O‘ziga ishonishini istasak, harakatlarini qadrlaylik. Xatolaridan qo‘rqmasligini istasak, xatoni jazo emas, o‘rganish imkoniyati sifatida qabul qilishni o‘rgataylik.
Bolalarimiz biz orqali hayotni anglaydi. Keling, ularga hayot faqat taqiqlar, qo‘rquv va talablardan iborat emasligini, balki imkoniyatlar, izlanish, mehnat va ezgu orzular olami ekanini ham amalda ko‘rsataylik. Zero, tarbiya farzandga nasihat qilishdan oldin o‘zingga nazar tashlash, undan talab qilishdan oldin o‘zing namuna bo‘lishing, uni o‘zgartirishdan oldin esa o‘zingni isloh qilishingdan boshlanadi.
Maqsuda OCHILOVA,
partiyaning Navoiy viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari