1884 16.10.2026
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 18-19 sentyabr kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi hududimizda taraqqiyotning butunlay yangi bosqichini boshlab berdi, deyish mumkin. Bunga Qoraqalpog‘istonni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tibbiyot va transport sohalarini yaxshilashga qaratilgan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yirik loyihalarga start berilgani ham ko‘rsatib turibdi.
Ma’lumki, har qanday o‘zgarishning haqiqiy natijasi raqamlar bilan emas, odamlar hayotidagi o‘zgarishlar, ularning daromadi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, tashrif chog‘ida bugunimizni anglash uchun tariximizni, ayni o‘zgarishlarni va oldimizda turgan vazifalarni bir butun holda ko‘rishimiz lozimligi alohida ta’kidlandi.
E’tibor bering, keyingi to‘qqiz yilda hududga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritildi. 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, 7 milliard dollarlik 47 ta loyihaning qurilishi boshlandi. Bundan tashqari, Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Eng muhimi, 2030 yilgacha jami 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalarini ishga tushirish, «yashil» energiya ulushini 76 foizga yetkazish va 400 megavattli energiya saqlash quvvatini yaratishdek marra belgilab olindi. Shu bilan birga, Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 100 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlariga start berildi. Shu o‘rinda A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri 384 million dollar hisobiga beton qoplamaga o‘tkazilganini aytish joiz. Yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrida 233 million dollarlik qurilish ishlari boshlandi. Natijada tranzit 1,5 karra oshib, yuklar To‘rtko‘ldan Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib boradi. Kelasi yil mart oyidan boshlab esa Toshkent - Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 16 soatdan 7 soatga qisqaradi.
Bunday yangilanishlar shubhasiz, Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga yuksak e’tibori va tashriflari chog‘ida belgilab berilgan vazifalar hamda hududni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasidir. Bu islohotlarning amaliy ifodasi qoraqalpog‘istonliklar hayotida aks etib, har bir mahalla, har bir ovul va oilada yaqqol sezilmoqda. Maqtanishga yo‘ymangu, eng chekka hududlaridagi imkoniyatlarni ham ishga solish, qoraqalpoq yoshlarining kelajak bilan bog‘liq loyihalarini moliyalashtirish, yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida alohida yondashuvimiz borligi muammolarga tizimli ravishda yechim topishda qo‘l kelyapti. Darvoqe, Davlatimiz rahbarining bu galgi tashriflari chog‘ida mahalla va ko‘chalar obodligini ta’minlash masalasiga yangicha yondashuvlar ilgari surildi. Ta’kidlanganidek, har bir shahar va ovulda qulay turmush sharoitini yaratishda ko‘cha va mahalla faollari, nuroniylar tajribasi, yoshlarning g‘ayrati va aholining tashabbuskorligini birlashtirish zarur.
Chunki haqiqiy obodlik odamlarning o‘z hududiga daxldorlik hissi, uni asrashga bo‘lgan mas’uliyati va yagona maqsad yo‘lida hamjihat harakatidan boshlanadi. Tozalik va obodlik bor joyda esa baraka bo‘ladi. Tashrifning yana bir muhim jihati — kelgusi yili qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘aboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash, uning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, raqamlashtirish va yoshlar orasida keng targ‘ib etish bo‘yicha vazifalar belgilangani bo‘ldi. Davlatimiz rahbari shoirning adabiy merosi ahamiyatiga to‘xtalib, «Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun» degan hikmatli so‘zlarini yana bir bor eslatdilar.
Chindan ham qoraqalpoq farzandi Berdaq ijodida xalq, adolat, insonparvarlik, mehnat va el- yurtga xizmat qilish g‘oyalari chuqur aks etgan. Shu jihatdan uning ijodiy merosi faqat tarixiy yoki adabiy boylik emas, balki bugungi avlod tarbiyasi uchun ham muhim ma’naviy manbadir. Uning she’rlarida xalqning dardu armoni, adolatga intilishi, erk va ma’rifatga bo‘lgan umidi, Vatan va inson qadriga sadoqati yorqin ifoda etilgan. Shu ma’noda, Berdaq tavalludining 200 yilligini keng nishonlash — shunchaki buyuk shoir xotirasini e’zozlash emas, balki butun bir xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviy tafakkuri va milliy qadriyatlarini dunyoga namoyon etish demakdir. Manbalarda qayd etilganidek, Berdaq yashagan XIX asr qoraqalpoq xalqining ijtimoiy hayoti, og‘ir turmush sharoiti va adolatga intilishlari bilan bog‘liq murakkab davr edi. Shu bois shoir ijodida xalq manfaati, inson qadri va el taqdiri masalalari alohida ahamiyat kasb etgan.
Bu jihatlar Berdaqning «Xalq uchun», «Kerak», «Avlodlar» kabi asarlaridagi g‘oyalar bilan hamohang. Xususan, «Avlodlar» dostonida xalq tarixi va o‘tmish xotirasi, tarixiy dostonlarida esa el-yurt taqdiri va millat qahramonlariga munosabat aks etadi. Shu boisdan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi bu boradagi tayyorgarlik ishlarini boshlab, ulug‘ shoirning 200 yillik adabiy merosini butun dunyoga namoyon etishdek ulkan vazifani o‘z oldiga qo‘ydi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashriflari davomida ham investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligi, yangi ish o‘rinlari yaratish, ta’lim sifatini oshirish va yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish, tibbiyot xizmatlarini takomillashtirish, transport hamda turizm salohiyatini oshirish kabi o‘nlab muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya, raqamli texnologiyalar va aholi daromadlarini oshirish masalalarida muhim vazifalar belgilab berildi.
Yakunda bir fikr: Prezidentimiz tashrifidan keyingi o‘zaro suhbatlarda bir yoshulli «yurt otasining bizga mehri bo‘lakcha», degan gapi ko‘pchilik e’tiborini tortdi va bunday munosabatning bardavomligi uchun ko‘pchilik, uzoq duo qildi…
Tajibay ROMANOV,
Jo‘qorg‘i Kenges deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2026-yil 14-oktyabr sonidan olindi