Mushtarak taraqqiyotga qo‘shilgan munosib hissa


1982     20.10.2026

Zamonaviy dunyoda ochiqlik, konstruktiv muloqot, o‘zaro manfaatli hamkorlik har qanday davlat taraqqiyotining eng muhim shartiga aylandi. Shu maʼnoda, bir-biriga qo‘shni, qardosh bo‘lgan mamlakatlar — Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvlari, avvalo, chegara, suv resurslari bilan bog‘lik muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, bugun bu format mintaqa taraqqiyotini harakatga keltiruvchi drayverga aylandi.

Haqiqatan ham, anʼanaviy uchrashuvlar mintaqada katta o‘zgarishlarga asos bo‘ldi. Markaziy Osiyoda o‘zaro munosabatlar muhiti tubdan o‘zgardi. Har qanday masalalar ochiq muhokama qilinib, yechimlar topishda bir-birini qo‘llab-quvvatlash ishonchi paydo bo‘ldi. Qardosh davlat — Ozarbayjonning ushbu tuzilmaga qo‘shilishi esa, shubhasiz, hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik markazida bo‘lib o‘tgan navbatdagi Maslahat uchrashuvida o‘zining amaliy isbotini topdi. Taʼkidlanganidek, mintaqa davlatlarining yaqinlashuvi juda murakkab bir davrga to‘g‘ri keldi. Dunyo tez o‘zgaryapti, keskinlik kuchaygandan kuchaymoqda.

Paydo bo‘lgan yangi xavf-xatarlar savdo va transport aloqalarini qayta qurish ehtiyojini paydo qilmoqda. Bunday notinch vaziyatda o‘zaro munosabatlarni yanada yaqinroq muvofiqlashtirish muhim hisoblanadi.

Prezidentimiz oliy darajadagi uchrashuvda ana shunday ehtiyojlardan kelib chiqib, hamkorlikning yangi bosqichiga xizmat qiladigan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, avvalo, normativ-huquqiy baza takomillashtirilishi lozimligi, bunda faqat hujjatlar soniga emas, ularning bajarilishi va natijadorligiga eʼtibor qaratilishi zarurligi aytildi. Iqtisodiy hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish uchun esa yirik loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini beradigan qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli

xizmatlar va investitsiya mexanizmlari zarur bo‘ladi. Bunda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur muhim o‘rin tutadi va bu hujjat Mintaqaning asosiy ustunligi — umumiy geografiyamizdan foydalanishda yordam beradigan amaliy vositaga aylanishi kerakligi urg‘ulandi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, biz bir-birimiz bilan odatdagi savdosotiq qilish endi yetarli bo‘lmagan davrga yetib kelganmiz. Birgalikda yakuniy mahsulot yaratish lozim. “Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot” formulasi esa biz qanday marraga intilishimiz kerak

ekanini yaxshi ifodalaydi. Bir nechta mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish zanjirida ishtirok etganida, mahsulotlar birgalikda yaratilganida mamlakatlarimiz iqtisodiyoti o‘rtasida butunlay boshqa — odatiy tovar ayirboshlashga qaraganda ancha mustahkam aloqalar paydo bo‘ladi. Prezidentimiz bu boradagi ishlarni rivojlantirish uchun 2027-yilda qadimiy Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Yana bir muhim yo‘nalish — zamonaviy transport va logistika tarmog‘i bilan bog‘lanish masalasi. Aytilganidek, mintaqa global savdoning quruqlikdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkin. Ammo buning uchun faqat yo‘l va temir yo‘llar qurishning o‘zi yetarli emas. Transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy mantiq zarur. Yo‘nalishlar bir-birini davom ettirishi va yagona tizim sifatida ishlashi uchun yirik loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish kerak.

O‘zbekiston tomonining energetika, suv resurslari, havoning ifloslanishi, minerallar, sunʼiy intellekt, inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘liq takliflari ham ishtirokchi davlatlar tomonidan munosib kutib olindi. Zero, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tashabbuslar har doim muhim hisoblangan. Ularning ijrosi esa o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, mavjud muammolarga samarali yechim topish va asosiysi, taraqqiyot hamda xavfsizlik yo‘lida birdam bo‘lish, bu borada ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Abdulhakim ESHBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 18-oktyabr sonidan olindi