O‘zbek tili millatimiz yuzi, o‘zligimiz timsoli


1942     20.10.2026

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamkorligida 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “Davlat tili – milliy yuksalish va Yangi O‘zbekiston maʼnaviy taraqqiyotining muhim asosi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Deputatlar, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari hamda soha mutaxassislari ishtirokida o‘tgan tadbirda o‘zbek tilining nufuzini oshirishda parlamentning roli va qonunchilik tashabbuslari, bu boradagi mavjud muammolardan tortib, tez o‘zgarayotgan dunyoda ona tilimizning zamonaviy axborot makonidagi o‘rni masalalari ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi mavqeini yuksaltirish, xalqimiz ijtimoiy hayotidagi o‘rnini mustahkamlash va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon bilan 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun bilan esa ushbu sanani har yili bayram sifatida nishonlashning huquqiy asosi mustahkamlandi.

Shuningdek, 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontsepsiyasi hamda uni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar davlat tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentning 2025-yil 20-oktyabrdagi davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qarori esa o‘zbek tilining sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, uning xalqimiz ijtimoiy hayotidagi o‘rni va mavqeini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Davra suhbatida davlat tilini rivojlantirishga oid qabul qilinayotgan hujjatlarning ijrosini taʼminlash, o‘zbek tilining sofligini saqlash, uni zamonaviy atama va tushunchalar bilan boyitish, yosh avlodning ona tiliga hurmatini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Darhaqiqat, Qonunchilik palatasida qonun ijodkorligi jarayonida davlat tili meʼyorlariga rioya etish, qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlarning mazmunan aniq, til jihatidan ravon va keng jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishini taʼminlash muhim vazifa sifatida belgilangan. Zero, qonun normalarining aniq va tushunarli ifodalanishi ularni bir xilda talqin qilish hamda amaliyotda to‘g‘ri qo‘llashning muhim shartlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, deputatlar nafaqat qonun ijodkorligi jarayonida, balki aholi bilan uchrashuvlar davomida ham davlat tiliga oid qonunchilik talablariga amal qilinishiga eʼtibor qaratishi, bu boradagi deputatlik nazoratini kuchaytirishi zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirda oʼzbek tilining boy tarixi, uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Mahmud Qoshg‘ariy, Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Аbdulla Qodiriy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Аbdulla Аvloniy kabi buyuk alloma va maʼrifatparvarlarning merosi haqida ham so‘z yuritildi. Ularning asarlarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish ona tilimizning boy imkoniyatlarini namoyon qilishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tili millatimizning yuzi, milliy o‘zligimiz va g‘urur-iftixorimizning ifodasi ekanini taʼkidlab, ona tilimizni asrab-avaylash va uning davlat tili sifatidagi maqomini yanada yuksaltirish har bir fuqaroning masʼuliyati ekanini qayd etdilar.

Davra suhbati yakunida davlat tilini rivojlantirish, uning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash va kelajak avlodga boy maʼnaviy meros sifatida yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish, bu borada parlament aʼzolari, ziyolilar, vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.