Alifbo islohoti bilan boğliq tarixiy buriliş


1656     27.10.2026

Özbekistonda uzoq yillar davomida ilmiy va ijtimoiy muhokamalarning markazida bölib kelgan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştiriş masalasi qonunçilik jihatidan yakuniy va qat’iy yeçimga ega böldi. Oliy Majlis Qonunçilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullangan hamda Prezident tomonidan imzolangan qonun milliy imlo tizimimizni tubdan takomillaştirişga qaratilgan tarixiy buriliş nuqtasi böldi.

Uşbu özgariş şunçaki ayrim harflarning grafik şaklini almaştiriş yoki lingvistik yangilaniş emas, balki Özbekistonning uzoq muddatli davlat strategiyasi va global raqamli makondagi özligini ta’minlaşga qaratilgan kontseptual qadamdir. Islohotning tub mohiyati davlat tilining yozma şaklini zamonaviy texnologiyalar asriga moslaştiriş va amaldagi tizimning funksional muammolarini töliq bartaraf etişga asoslanadi.

Ma’lumki, 1995-yilda joriy qilingan amaldagi alifbodagi ayrim belgilar hamda harf birikmalari amaliyotda özini oqlamadi, aksinça, tilimizning rivojlanişiga sun’iy tösiq bölib xizmat qildi. Şu sababli, yangi qonunçilik taşabbusi doirasida “bir tovuş – bir harf” fundamental tamoyiliga qat’iy amal qilindi. Amaldagi murakkab va bir neçta harakatni talab qiluvçi O‘ va G‘ harflari örniga universal tizimida özaro mos keluvçi yaxlit Ö va Ğ belgilari kiritildi.

Şuningdek, matn yaxlitligini buzuvçi va imloviy qiyinçiliklar tuğdiruvçi Sh va Ch ikkita harf örniga mukammal grafik körinişdagi Ş va Ç harflari joriy etilib, tilimizda mustaqil fonetik birlik sifatida aks etmaydigan ng birikmasi alifbodan çiqarildi. Bu özgarişlar yoş avlodning savodxonlik darajasini oşiriş barobarida, ta’lim tizimidagi metodologik yuklamalarni sezilarli darajada yengillaştiradi.

Bugungi global axborotlaşuv asrida alifboning mukammalligi davlat va jamiyat boşqaruvining samaradorligini belgilovçi eng muhim omillardan biridir. Avvalgi imlo tizimidagi apostrof va harf birikmalari milliy tilimizni raqamlaştiriş, katta ma’lumotlar bazasini şakllantiriş, sun’iy intellektni özbek tilida mukammal işlaşga örgatiş hamda qidiruv tizimlarida özbekça ma’lumotlarni “indekslaş”da juda katta algoritmik xatolarni yuzaga keltirayotgan edi. Yangilangan yozuv esa özbek tilining kompyuter texnologiyalari va raqamli gadjetlar dunyosiga muammosiz integratsiyalaşuvini kafolatlaydi. Bundan taşqari, uşbu islohot Özbekistonning boşqa turkiy tilli davlatlar bilan umumiy madaniy-ma’rifiy makondagi aloqalarini mustahkamlaydi, ilmiy hamkorlik va mintaqaviy integratsiya jarayonlariga kuçli ijobiy turtki beradi.

Parlament a’zolari qonun ijodkorligi jarayonida har bir islohotning xalqimiz farovonligi va iqtisodiy barqarorlikka ta’sirini çuqur tahlil qildi. Jamiyatimizda ayrim fuqarolar tomonidan bildirilgan xavotirlar – hujjatlarni almaştirişdagi daxmaza va davlat byudjetiga tuşadigan moliyaviy yuklamalar masalasi qonunda eng oqilona yöl bilan hal etildi. Islohot mutlaqo muvozanatlaşgan, bosqiçma-bosqiç ötiş strategiyasiga tayanadi.

Yangi alifbo kuçga kirgandan söng ham aholining amaldagi pasporti, haydovçilik guvohnomasi, mulk huquqini tasdiqlovçi va boşqa barça rasmiy hujjatlari öz yuridik kuçini töliq saqlab qoladi. Ya’ni, bunday hujjatlarni majburiy almaştiriş talabi qöyilmaydi. Ular faqat muddati tugaşi munosabati bilan rejaviy tarzda yangilanadi, xolos. Şuningdek, milliy valyutamiz, qimmatli qoğozlar va bino peşlavhalari ham tabiiy eskiriş muddati yakunlangaç bosqiçma-bosqiç özgartirilişi belgilandi.

Ta’lim sohasida darsliklarning yangilanişi esa 2027-yildan boşlab dastlab quyi sinflardan rejaviy ravişda amalga oşiriladi. Bu bilan byudjet mablağlarining ortiqça sarflanişi oldi olinadi.

Xulosa örnida ta’kidlaş joizki, takomillaştirilgan özbek alifbosi mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida milliy ğoya va ma’naviy mustaqillik poydevorini yanada mustahkamlaydi. Jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlagan holda, xalqimizning intellektual salohiyatini yuksaltirişga xizmat qiladi. Davlat tili nufuzini oşiriş va uning kelajak asrlarga mukammal yetib borişini ta’minlaş yölidagi uşbu tarixiy qaror Uçinçi Renessans poydevorini qöyayotgan Yangi Özbekistonning intellektual qiyofasini butun dunyoga namoyon etadi.

 

Maxsud MUHAMMEDOV,

Oliy Majlis Qonunçilik palatasi deputati