1877 28.10.2026
Ma’lumki, alifbo biror tilning tovuşlarini yozma ravişda ifodalaş uçun qabul qilingan harflar yoki belgilarning ma’lum tartibdagi majmuasi bölib, har bir millat tilini asrab-avaylaş, rivojlantiriş hamda kelajak avlodlarga yetkazişda muhim ahamiyatga ega. Şuning uçun dunyodagi barça xalqlar va davlatlar öz alifbosini doimo himoya qilib keladi.
Mamlakatimizda ham Prezidentimiz rahbarligida Davlat tili – özbek tilining jamiyatda tutgan örnini mustahkamlaş, şuningdek, lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştiriş borasida tizimli işlar olib borilmoqda.
Xususan, 1993-yilda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi qonuniga özgartiriş kiritiş haqida qonun Oliy Majlis palatalarida körib çiqilib ma’qullandi. Prezidentimiz tomonidan esa joriy yilning 21-oktabr – Özbek tili bayrami kuni uşbu qonun imzolanganida ham katta ma’no va maqsadlar mujassam. Bu özbek tilini rivojlantiriş bilan birga uning davlat tili sifatida nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlaşga ham xizmat qiladi.
Qonunga asosan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi örniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan taşkil topişini nazarda tutuvçi özgartiriş kiritildi.
Uşbu özgartirişlar özbek tilidagi sözlarni yozma şaklda qöllaşda bir qator tuşunmovçilik va noqulayliklarning oldini olişda ham muhim ahamiyatga ega. Bu özgarişlar özbek tilini raqamli texnologiyalarga moslaştiriş va imloni soddalaştiriş imkonini ham beradi.
Aholiga qiyinçilik tuğdirmasligi uçun yangi alifboga ötiş bosqiçma-bosqiç va fuqarolarga ortiqça xarajat yoki noqulaylik tuğdirmaydigan tarzda amalga oşiriladi. Jumladan, avval rasmiylanştirilgan şaxsiy hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar öz kuçini yöqotmaydi. Darsliklar esa navbati bilan yangilanadi. 2027-yildan boşlab faqat 1-sinf darsliklari yangi yozuvda çop etiladi. Qolganlari esa reja asosida 2031-yilgaça töliq yangilab boriladi. Şu bilan birga köça va taşkilot peşlavhalari, yöl körsatkiçlari eskirib, yaroqsiz holga kelguniga qadar işlatilişi mumkin.
Albatta, har bir yangilik öz-özidan bölmaydi. Buni töğri tuşungan holda hayotga tatbiq etiş har bir özini hurmat qilgan fuqaroning burçidir.
Tölqin AXMEDOV,
partiyaning Navoiy viloyati Kengaşi raisi