1730 10.11.2026
Inson qadri, uning mehnatiga munosib baho beriş, huquq va manfaatlarini himoyalaş, salomatligini asraş – har qanday ijtimoiy davlat taraqqiyotining muhim mezoni. Zero, mamlakatning iqtisodiy qudrati hamda jamiyat farovonligi, avvalo, öz mehnati bilan hayotimizni obod etayotgan işçi-xodimlarga boğliq.
Ayniqsa, Orolböyi mintaqasida bu masala alohida ahamiyat kasb etadi. Tabiiy-iqlim şaroitlari, ekologik omillar va işlab çiqariş jarayonlarining öziga xos xususiyatlari bilan boğliq qiyinçiliklarga qaramay, minglab yurtdoşlarimiz qişloq xöjaligi, sanoat, quriliş, transport, energetika, tibbiyot va taʼlim sohalarida fidokorona mehnat qilmoqda. Ularning mehnat huquqlarini himoyalaş, xavfsiz iş şaroitlarini yaratiş, ijtimoiy qöllab quvvatlaş hamda salomatligini tiklaş Özbekiston kasaba uyuşmalari Federatsiyasining Qoraqalpoğiston kengaşi faoliyatida ustuvor yönalişlardan biri.
Taʼkidlaş joizki, bugun kasaba uyuşmalari xodim va iş beruvçi örtasidagi ijtimoiy şeriklikni mustahkamlaş bilan birga mehnat munosabatlarida qonuniylik hamda adolatni taʼminlaşda faol iştirok etib kelayotir. Tabiyki, bu jarayonda jamoa şartnomalari muhim huquqiy mexanizm bölib xizmat qiladi. Joriy yilda Qoraqalpoğiston Respublikasida 8 288 ta yuridik şaxsda jamoa şartnomalari qabul qilingan bölib, ular orqali 309 270 nafar xodimning mehnat va ijtimoiy huquqlari, imtiyoz hamda kafolatlari taʼminlanmoqda.
Quvonarlisi, mazkur körsatkiçlar ötgan yildagiga nisbatan sezilarli darajada ösgan. 204 ta korxona va taşkilotda tarif koeffitsiyentlarining oşirilişi natijasida 28 mingdan ziyod xodimlarning iş haqi köpayişiga erişildi. Şuningdek, xodimlar uçun qöşimça taʼtillar, ijtimoiy imtiyozlar, iş vaqtining maqbul tartiblari hamda boşqa kafolatlar joriy etilmoqda.
Mehnat muhofazasi – inson hayoti va salomatligi kafolati. Şu maʼnoda, Orolböyi şaroitida mehnat muhofazasiga alohida eʼtibor qaratiş ğoyatda muhim. Joriy yilning ötgan ön oyida kengaş tomonidan 20 ta taşkilotda mehnat muhofazasi holati örganilib, aniqlangan 44 ta qonunçilik va meʼyoriy talablar buzilişi kasaba uyuşmalari aralaşuvi bilan bartaraf etildi. Hisobot davrida korxona va taşkilotlar tomonidan mehnat muhofazasi uçun 16,3 mlrd. sömdan ziyod mablağ ajratildi.
Mehnat insondan kuç, sabr va jismoniy çidam talab qiladi. Ayniqsa, oğir mehnat şaroitida işlayotganlar uçun muntazam tibbiy nazorat, profilaktika va sifatli soğlomlaştiriş xizmatlaridan foydalaniş juda muhim.
Şu bois kasaba uyuşmalari faoliyatida mehnatkaşlarni sanatoriylarda soğlomlaştiriş, salomatligini tiklaş hamda oila aʼzolari bilan mazmunli dam olişini taşkil etişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, hisobot davrida ijtimoiy suğurta mablağlari hisobidan turli tarmoqlarda mehnat qilayotgan 2 ming nafarga yaqin işçi-xodimlar yöllanma asosida kasaba uyuşmalari tizimidagi sanatoriylarda, bundan taşqari, yil dasturi doirasida 76 nafar xodim bepul soğlomlaştirildi. Ular orasida kam taʼminlangan köp bolali oilalarning işlovçi aʼzolari, tibbiyot xodimlari, farzand körmagan oilalar va mehnat faoliyatini davom ettirayotgan keksalar ham bor.
Mehnatkaşlar va ularning oila aʼzolarini soğlomlaştiriş haqida gap ketganda, Qoraqalpoğistonda barpo qilingan zamonaviy “Bözatov” sanatoriysini alohida eʼtirof etiş lozim. Negaki, “Bözatov” – Orolböyida inson qadriga qaratilgan eʼtibor ramzi. Davlatimiz rahbarining taşabbusi bilan oçilgan uşbu majmua bir vaqtning özida 200 nafar dam oluvçini qabul qiliş imkoniyatiga ega. Unda zamonaviy tibbiy xizmat xonalari, fizioterapiya va balneologik muolaja bölimlari, yopiq basseyn, sport va dam oliş maskanlari, qulay yotoqxonalar taşkil etilgan. Muhimi, sanatoriy iş boşlaganidan buyon unda 2 854 nafar dam oluvçi soğlomlaştirildi. Bu raqamlar yangi maskan qisqa vaqt içida aholi va mehnatkaşlar uçun muhim soğlomlaştiriş markaziga aylanganini körsatadi.
Darvoqe, kasaba uyuşmalari faoliyatining yana bir muhim yönalişi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qöllab-quvvatlaşdan iborat. Şundan kelib çiqib joriy yilning dastlabki töqqiz oyida 16 662 nafar fuqaroga jami 7 mlrd. 559 mln. sömdan ziyod moddiy yordam körsatildi. Mablağlar kam ta’minlangan oilalar, pensionerlar, nogironligi bölgan şaxslar, yoş onalar va boşqa ehtiyojmand toifalarni manzilli qöllab-quvvatlaşga yönaltirildi. Jumladan, qariyb 3 ming kam ta’minlangan oilaga moddiy yordam berilib, ularning farzandlariga öquv qurollari hamda darsliklar xarid qiliş xarajatlari qoplandi. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kam ta’minlangan va çin yetim talabalarning şartnoma tölovlarini tölaşda ham yaqindan kömaklaşildi.
Hisobot davrida kengaşga kelib tuşgan murojaatlarni örganiş natijasida 42 nafar fuqaroning huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 2 mlrd. 669 mln. sömdan ziyod mablağ undirib berildi. Bunday amaliy natijalar kasaba uyuşmalari faoliyati inson manfaatlariga qançalik yaqin ekanini körsatadi. Zero, har bir murojaat ortida muayyan inson taqdiri, bir oilaning muammosi va adolatga işonç turadi.
Madaniy hordiq, sport, sayohat hamda oilaviy dam oliş ham soğlom turmuş tarzining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Şu maqsadda “Özbekiston böylab sayohat qil!” dasturi doirasida mehnatkaşlar va ularning oila a’zolari uçun yurtimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlar taşkil etildi. Uşbu yönalişda 8 mingdan ziyod xodimla rning dam olişi uçun qariyb 2,8 mlrd. söm sarflandi.
Yil davomida sport musobaqalari, teatr va muzeylarga taşriflar, madaniy- ma’rifiy tadbirlar muntazam ötkazildi. Şuningdek, yozgi mavsumda 24 558 nafar bolaning oromgohlar hamda madaniyat-sport maydonçalarida mazmunli dam olişi ta’minlandi. Barça sa’y-harakat mehnatkaşlar va ularning oilalariga körsatilayotgan yuksak e’tibor hamda ğamxörlikning uzviy qismidir.
Bugun mehnat munosabatlari şiddat bilan özgarmoqda, yangi işlab çiqariş tarmoqlari va bandlik şakllari paydo bölmoqda. Bu esa kasaba uyuşmalaridan yanada faol va taşabbuskor bölişni talab etadi. Oldimizda norasmiy bandlikka barham beriş, mehnat şartnomalarini qonuniy rasmiylaştiriş, majburiy va bolalar mehnatining oldini oliş, iş joylarida xavfsizlik talablariga rioya etilişini ta’minlaş kabi muhim vazifalar turibdi. Ayni çoğda oğir mehnat şaroitida işlayotgan xodimlarning salomatligini tiklaş, sanatoriy va soğlomlaştiriş maskanlaridan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga manzilli yordam körsatiş işlari izçil davom ettiriladi.
Zero, inson mehnati qadrlangan, huquqi himoyalangan hamda salomatligi e’zozlangan joydagina özini aziz his qiladi. Bunday muhit esa jamiyat taraqqiyoti hamda xalq farovonligining mustahkam asosidir.
Uluğbek JALMENOV,
Özbekiston kasaba uyuşmalari
Federatsiyasining Qoraqalpoğiston kengaşi raisi.
“Xalq sözi” gazetasining 2026-yil 6-noyabr sonidan olindi