Birligimiz alifbodan boshlanadi


35     30.10.2024

   Sherzodxon Qudratxo‘ja nafaqat mamlakatimiz, balki jahon media makonining nufuzli ekspertlari ro‘yxatida ham turadi. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori,professor, taniqli jurnalist va bloger Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘zining hozirjavobligi, voqea-hodisalarni teran tahlil qilishi, eng asosiysi millati va Vataniga muhabbati hamda fidoyiligi bilan ham nom qozongan. Yaqinda matbuotda Sherzodxon Qudratxo‘janing umumturkiy alifbo mavzusidagi maqolasi eʼlon qilindi. Mavzuning nihoyatda dolzarbligini eʼtiborga olib, taniqli olimimizga bir nechta savollar bilan murojaat qildik:

   - Nihoyat turkiy dunyo tilshunoslari o‘rtasida umumturkiy alifbo bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. Sizningcha, bu alifboga o‘tish turkiy tilli xalqlarga nima beradi?

   - Avvalo, mintaqaviy Turkiy akademiya va Turkiya tilshunoslik jamiyati tomonidan 9-11 sentyabr kunlari Boku shahrida tashkil etilgan Umumturkiy alifbo komissiyasining uchinchi sessiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani bilan barcha qardosh do‘stlarimizni qutlashni istar edim. Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan tuzilgan mazkur komissiya aʼzolarining ishtirokidagi muhim uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad tilshunoslik sohasida bilim va tajriba almashish, shuningdek, komissiya tadqiqotlari asosida turkiy tilli xalqlar uchun umumiy alifbo loyihasini yakunlash edi.

   Komissiya aʼzolari tomonidan 1991 yilda taklif etilgan lotin yozuvi asosidagi umumturkiy alifbo loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Shu o‘rinda komissiya aʼzolarining alifbodagi har bir harfning turkiy tillarda mavjud bo‘lgan turli fonemalarni ifodalashiga alohida eʼtibor qaratganlarini taʼkidlash joiz. Muhokamalar yakuniga ko‘ra, 34 ta harfdan iborat umumturkiy alifbo bo‘yicha yagona kelishuvga erishildi. Bu, aytish joizki, turkiy xalqlar tarixidagi juda muhim voqea bo‘ldi.

   Til haqida, alifbomiz haqida gap ketganda biz beixtiyor buyuk mutafakkirlarimizni, xalqlarimizning ham ruhiy, ham dunyoviy yaqinligiga xizmat qilgan allomalarimizni, ayniqsa, Alisher Navoiyni eslaymiz. Xuddi shunday turk adabiyotining turli davrlarda yashab, ijod qilgan vakillari - Nizomiy Ganjaviy, Maxtumquli Firog‘iy, Chingiz Aytmatov, Abay Qo‘nonboyev va Rashod Nuri Guntekin singari buyuk namo-yandalari ijodi ham alifbo masalasi bejiz ko‘tarilmaganini ko‘rsatadi. Maʼlumki, turkiy xalqlarga mansub bo‘lgan bunday benazir adiblar o‘z davrida bir-birlarini tarjimonlarsiz tushunishgan, anglashgan. Shu bilan birga turli millat vakillari o‘rtasidagi chegaralarni buzib, adabiyot orqali, so‘z orqali xalqlarni yaqin qilishgan. Lekin afsuslar bo‘lsinkim, qora kunlar soyasida o‘tgan keyingi 150 yil davomida biz bir-birimizdan uzoqlashtirildik. Hatto 1991 yilda mustaqillikka erishgan bo‘lsak-da, yaratilganidir. Mana bu harakatlar bizga nima beradi, degan savolingiz-ga javob. Garchi, Alisher Navoiyning:

   Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami misralari o‘rta asrlarda yozilgan bo‘lsa-da, ularning ahamiyati turkiy xalqlarimiz o‘zaro jipslashayotgan bugungi kunlarda yana-da yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

   - Sizningcha, O‘zbekistonning lotin alifbosiga to‘liq o‘tishi yana qanchaga cho‘zilishi mumkin?

   - Sir emaski, keyingi 80-yilda alifbomiz oltinchi marta o‘zgartirilgandi. Tilshunoslarning yozishlaricha, 1910 yillarning oxirida jadid Abdurauf Fitrat o‘zbek tilini turkcha (chig‘atoy turkchasi) uslub va grammatikaga keltirish orqali uni fors va arab tilidagi so‘zlardan tozalash g‘oyasini ilgari surgan ekan. Aslida Chig‘atoy turkchasi o‘zbek tilining ajdodi hisoblanadi. Tilshunoslar uni «eski o‘zbek tili» deb ham atashgan.

   Indiana universitetining professori Uilyam Fiyerman o‘zbek tili islohotlari tarixiga bag‘ishlangan kitobida “O‘zbek 1921-yilga kelib, Fitrat eski o‘zbek tilining (bu atama barchaga tushunarli bo‘lishi uchun qo‘llanilmoqda) taqdiri borasida o‘z tasavvurlarini shakllantirdi. U arab imlosiga asoslangan o‘zbek yozuvini isloh qilishni taklif qildi. Fitrat mazkur islohot aholi orasida savodxonlikni oshiradi va arab tilining o‘zbek tiliga taʼsirini susaytiradi deb hisoblagan” deb yozgan ekan.

   Yana bir manbada keltirilishicha, xuddi shu yili lotin alifbosiga o‘tish haqida birinchi bo‘lib Botu so‘z yuritgan, biroq uning taklifi nomigagina qabul qilingan. 1929-yildan boshlab tilimiz katta o‘zgarish - lotin yozuviga o‘tish jarayonini boshdan kechirgan. Ammo 1940-yilda o‘zbek lotin alifbosi kiril alifbosiga almashtirilgan.

   Faqat O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingina hukumat lotin alifbosiga qaytishga qaror qilgan. Shubhasiz, bu sovet o‘tmishidan voz kechishga qaratilgan ishora edi.

   - Ayni paytda OAVlarida ham, rasmiy hujjatlarda ham har ikki alifbodan foydalanyapmiz. Nima deb o‘ylaysiz, umumturkiy alifboning qabul qilinishi qaysi avlod vakillariga ko‘proq qiyinchilik tug‘diradi?

   - Tabiiyki, kiril alifbosida yozib, o‘qiganlarga qiyinroq bo‘ladi. Lotin alifbosida savod chiqargan avlod uchun bu jarayon yengil kechadi, albatta. Ammo eng katta eʼtiborni savodxonlik darajasining tushib ketmasligiga qaratish kerak.

   Shu o‘rinda bu boradagi bir maʼlumot esimga tushdi: Yozuvchi Oybekning uy-muzeyida uning fotosuratlari, romanlari nashrlarining turlari, shaxsiy buyumlari va qo‘lyozmalari jamlangan. Xususan, qo‘lyozmalari orasida 1940 va 1944-yillarda nashr etilgan «Qutlug‘ qon» va “Navoiy” romanlari ham bor.

   Bundan ko‘rinadiki, biz lotin alifbosiga o‘tish uchun 30 yil emas, balki undan ham ko‘proq - taxminan 100 yildan beri muvaffaqiyatsiz urinib kelyapmiz.

   Bugungacha ham ana shu jarayon davom etmoqda. Natijada ikki xil alifboda yozadigan millat paydo bo‘ldi. Shuning uchun ham bu masalada umummilliy yondashuvni shakllantirishimiz kerak. Biz qancha tez lotin alifbosiga o‘tsak, shuncha tez bu alifboga o‘tgan xalqlar bilan yaqinlashamiz.

   Xo‘sh, birlashish uchun bizga birinchi navbatda nima kerak? Til birligi, qalb birligi kerak. Bu jarayon esa eng avvalo, alifbodan boshlanadi. Shu bois, Bokuda erishilgan yagona turkiy alifbo bo‘yicha kelishuv katta ahamiyatga ega. Endi bizning umumiy so‘zlarimizni ifodalaydigan umumiy alifbomiz bor. Endi biz bir-birimizni eshitishni, o‘zaro tarjimonsiz gaplashishni o‘rganishimiz kerak. Nafaqat so‘zlar, balki nazm orqali, navo orqali, sheʼriy misralar orqali bir-birimizni anglashga odatlanishimiz lozim. Shundagina birligimiz fitratimizga, qalbimizga yetib boradi.

   Umumturkiy alifbo yaratilishi bilan bu tilda birinchi bo‘lib tilchilar, adabiyotshunoslar, diplomatlar, siyosatshunoslar so‘zlasha boshlashadi.

Dastlab alifbo, keyinchalik so‘z lug‘ati yaratiladi va ana shundan keyin ilmiy qo‘llanmalar yoziladi.

   - Umumalifboga o‘tish maʼlum bir vaqtni talab etadi, shunday emasmi?

   - Albatta, bu bir kunda amalga oshadigan jarayon emas. Bu alifboni millatlar o‘rtasida o‘rnatilayotgan ulkan ko‘prikka qiyoslash mumkin. Lekin qancha vaqt talab etilmasin, bu turkiy tilli davlatlarning ilmiy, adabiy va hatto umumiy qarashlarini yaqinlashtirish sari tashlangan muhim qadami bo‘ldi. Bilasizmi, nima uchun biz yashayotgan hudud O‘rta Osiyo deb nomlangan. Xaritani olib qarasangiz, biz Yevropa va Rossiya, Amerikaga nisbatan o‘rtada joylashganmiz. Shuning uchun bizni O‘rta Osiyo deyishadi. Aslida biz buyuk Osiyomiz. Biz o‘zimizni buyuk Osiyo yoki Turon, Turkiston deb bilishimiz va ana shu buyuklik sari intilishimiz kerak. Shu maʼnoda ham men Markaziy Osiyo emas, buyuk Osiyo deyilishi tarafdoriman. Biz o‘tmishimizdan, tariximizdan, bugunimizdan faxrlanishimiz kerak. Shuning uchun ham biz bugungi kunni bayram qilishimiz kerak. 150-200 yil davomida o‘zimizga xosligimizni yo‘qotganimizdan keyin yana turkiylar sifatida birlashyapmiz. Atrofga kengroq qarasak, biz Kaspiy tarafdan, Orol bo‘yidan, Dashti qipchoqdan ekanimizni, yaʼni butun turkiylar dunyoga yoyilib ketganini ko‘ramiz.

   Bizni uzoq yillar, ayniqsa, sho‘ro davrida bolsheviklar, kommunistlar panturkizm g‘oyasi bilan aldab keldi. Biz turkiy bo‘la turib, panturkizm so‘zidan qo‘rqib yashadik. Garchi mustaqil, ozod bo‘lganimizga 33 yil bo‘lsada, ammo 25 yil davomida qo‘rquvdan xalos bo‘lolmadik. Nihoyat Yangi O‘zbekiston ham turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo bo‘ldi. Bokuda shu maʼnoda ham tarixiy natijaga erishildi. Yuqorida aytganimdek, til birligi yurak birligi, qalb birligidir. Endi alifbo tufayli so‘zlarimiz, dillarimiz yaqinlashyapti. Keyingi navbat siyosatga, iqtisodiyotga, xalq diplomatiyasiga.

   Fursatdan foydalanib, yana bir bor ushbu voqea bilan turkiy qo‘shnilarimizni - do‘stlarimizni, butun turkiy birodarlarimizni muborakbod etaman. Shunday tarixiy vazifani muvaffaqiyatli ado etgani uchun esa jonkuyar mutaxassislar va siyosiy iroda uchun Turkiy davlatlar tashkilotiga minnatdorligimni bildiraman. Umid qilamanki, endi biz bir-birimizni yanada yaxshiroq tushunamiz va yana-da tezroq jipslashamiz.

Mahbuba KARIMOVA suhbatlashdi.

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 9-oktyabr sonidan olindi