19 30.10.2024
Qadimdan odamlar tenglikka intilib yashaganlar. Hatto ibtidoiy davrlarning ham o‘ziga xos demokratiyasi bo‘lgan. Jumladan, xalq o‘z yetakchilarini umumxalq kengashlarida ovoz berish yo‘li bilan saylaganlar. Shu tariqa odil hukmronlik va boshqaruvning dastlabki ko‘rinishlari shakllangan.
Saylovlar jarayonida ozod fuqarolar faol ishtirok etib, mamlakatning siyosiy hayoti rivojiga o‘z hissalarini qo‘shgan. Qadimgi Yunoniston va Rim saylovlariga oid manbalarda yozilishicha, xalq istagi mamlakat qonunchiligining asosini tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, Yunonistonda saylov jarayonlarida nomzodlarni aniqlash ochiq ovoz berish yoki qurʼa tashlash bilan amalga oshirilgan. Hatto, maxfiylikni taʼminlash uchun saylov “varaqasi” o‘rnida loviya donidan ham foydalanilgan: oq rangli loviya “ijobiy”, qora rangli loviya esa “salbiy” (qarshi) javobni bildirgan.
Qadimiy Afinada ham maxfiy ovoz berish usullari bo‘lib, unga ko‘ra, faoliyati davomida demokratiya asoslariga xavf solish ehtimoli kuzatilayotgan davlat arbobini xalq mamlakatdan tashqariga quvg‘in qilish huquqiga ega bo‘lgan. Quvg‘inni amalga oshirish yoki oshirmaslik ovoz berish orqali aniqlangan. Bu jarayonda ishtirok etayotgan fuqaroga sopoldan yasalgan buyum taqdim etilgan. Fuqaro Afinadan quvg‘in qilinishi kerak bo‘lgan odamning ismini sopol buyumga yozgan va uni saylovlar paytida shahar maydonida tashkil etilib, qo‘riqlanadigan maxsus joyda qoldirgan. Qaysi davlat arbobining nomzodi ko‘p ovoz olsa, o‘sha shaxs quvg‘in qilingan.
Bundan tashqari, Qadimiy Rimda saylovoldi tadbirlari saylovlar o‘tkazilishidan ancha ilgari boshlangan. Birinchi qadamda nomzod hukumat aʼzolariga saylovlarda ishtirok etishi to‘g‘risidagi xohishini bildirgan. Saylovoldi tadbirlari quyidagicha o‘tkazilgan: nomzod oq libos kiyib (oq rangli libos nomzodning xalq oldida vijdoni toza ekanligini anglatgan), saylovchilar-dan unga ovoz berishlarini va qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab, bozor va maydonlarda yurgan. Saylov kuni saylovchilar maxsus taxtachalarga o‘zlari ovoz bergan nomzod ismini yozib katta savatga tashlashgan.
Shy o‘rinda Yunonlarning erkin jamiyat va tenglik kabi qarashlari keyinchalik Rim imperiyasi tomonidan ham faol o‘zlashtirilgan. Qayd etish joizki, bu jarayonda mamlakat mustaqilligining asosi o‘z xohish-istaklarini xalq kengashlarida ochiq bayon etadigan omma hisoblangan. Xalq kengashlarida qonunlar qabul qilingan va bekor qilingan, tinchlik bitimlari tuzilgan hamda urushlar eʼlon qilingan, xalq vakillari, din arboblari saylangan, chiqarilgan sud hukmlari muhokama qilingan, mamlakat hayotiga oid eng muhim qarorlar qabul qilingan.
G.Beknazarova tayyorladi.
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 9-oktyabr sonidan olindi