18 31.10.2024
...Har gal qishloqqa borganimda otam qo‘limga qaraydi. To‘g‘risi unga shahardan olib boradigan to‘rtta patiru, bir-ikki xil meva-chevaning qizig‘i yo‘q. Hozirgi mo‘l-ko‘lchilik zamonida bunaqa narsalar do‘konlarda to‘lib-toshib yotibdi.
Lekin...
Lekin qishloqda gazeta kiosklariyu, kitob do‘konlari yo‘q. Keyingi paytlarda tuman markazlarida ham bunday maskanlarni uchratish amrimahol bo‘lib qoldi. Otamning umidvor ko‘zlariga qarab, shosha-pisha yo‘l haltamni titkilaymanda, yangi chop etilgan kitoblaru, gazeta-jurnallarni u kishiga beraman. Oqsoqolning ko‘zlari shodlikdan porlab ketadida, meni alqay boshlaydilar. Biroz o‘tib esa doimgidek noliy boshlaydilar: Obuna bo‘lgan gazeta-jurnallarimizni juda kech olib kelishayaptida bolam.
Otamning o‘zgacha bir odati bor. Har yili kech kuzda «belni o‘ta baquvvat» qilib tuman markazidagi pochta bo‘limiga boradida o‘ziyu-kelinlari, nevaralarigacha xilma-xil gazeta-jurnallarga obuna bo‘lib qaytadi. Lekin...
Lekin pochtadagi baraka topgurlar ularni vaqtida yetkazib bermay, keksa hisobchini xunob qilishadi.
Bu gal borganimda otam asabiy holatda bir mulohazani aytib qoldi. Oddiy qalamkash sifatida hali-hanuz u kishining bunday jaydari fikrlari taʼsiridan chiqolmayapman. Aksiga olgandek bunga qanchalik urinmay qator mushohadalar og‘ushida qolaverdim.
- Odamlar Internet degan baloyu, qo‘lidagi telefoniga ishonib, bugun taraqqiyotning eng yuqori cho‘qqisiga chiqdik, endi bizga hech narsaning keragi yo‘q, deb o‘ylashyapti. Lekin bu o‘ta xom va xato fikr. Chunki cho‘qqiga chiqqandan keyin kun kelib, undan tushish muqarrarligini anglash, umuman qoyadan yiqilmaslikni ham bilish kerak. Qolaversa, o‘sha «o‘rgimchak to‘ri»yu, anovi aqlli matohni o‘ylab topganlar ham kitob o‘qib, uni yaxshilab uqib, keyin ularni ixtiro qilishgan. Xullas bugunning odami xom sut emgan bandaligiga borib, kitobni mensimay qo‘ydi va hatto undan yuz o‘girdi. Bilib qo‘y, har qanday taraqqiyotning tagzaminida ilm yotadi. O‘sha ilm kitoblarda bitilgan. Senga nasihatim: har narsa albatta, asl holiga qaytadi, demoqchimanki, odamlar kunlar kelib yana kitob o‘qishga majbur bo‘ladilar, lekin o‘shanda kech bo‘lmasa edi deb qo‘rqaman bolam.
Shu yerda o‘zbekning ismi-jismiga monand ulug‘ olimlaridan biri Sultonmurod Olimning markaziy nashrlardan birida chop etilgan maqolasidagi so‘zlar yodga tushadi: «Bugun shunday bir avlod shakllanmoqdaki, u qo‘yib bersangiz hatto maʼnaviyat, maʼrifat, mafkura degan tushunchalarni eskirgan, ahamiyatsiz deb biladi. Hatto.hatto kitobdek ulug‘ neʼmatni eskilik sarqiti deb atashgacha borib yetmoqda!».
Atoqli olimu, oddiygina paxtakor otamning fikrlari xuddi shu nuqtada kesishgandek tuyuladi menga.
Yaqinda xususiy telekanallardan biridagi «Gapirmasak bo‘lmaydi» nomli ko‘rsatuv boshlovchilaridan biri uyal-may, netmay «Umuman bizga bugun kutubxona kerakmi? Axir hamma narsa Internetda borku!» deb qoldi. Uning fikricha, kitoblar o‘tgan asrning “meva”lari ekan. Bugunning odamiga kutubxonalar bor-yo‘qligining ahamiyatsizligi shundanmish. Meni ajablantirgani bu «dohiycha»ning almoyi-jalmoyi valaqlashiga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida qo‘r to‘kib o‘tirgan biron bir to‘ra yoxud janob munosabat bildirmadi!
Yaqinda bo‘lib o‘tgan partiyaning IX Qurultoyida tarixchi olim, akademik Azamat Ziyo so‘zga chiqib, «Bugun hammaga ham nasib etavermaydigan katta o‘zgarishlar davrida yashayapmiz. Shunga shukrona keltirib, Yangi O‘zbekiston islohotlarida faol qatnashmog‘imiz lozim» degan fikrni bildirdi. «O‘zbekkino»ning yangi rahbari, taniqli olim va publitsist Shuhrat Rizayev esa «Biz jadidlar ilgari surgan bitta masalada nihoyatda sustkashlik qilayapmiz. Jadidlar o‘z maqsadlariga erishish uchun jamiyatni ziyolilashtirishni ham o‘ylagan edilar. Chunki ular ziyolilar har qanday millatni yuksaklikka ko‘taradigan, taraqqiyotga yetaklaydigan eng asosiy kuch ekanligini yaxshi bilishardi. O‘z maqsadlariga erishishda ham aynan ziyolilar yetakchi bo‘lishini xohlagandilar» dedi.
Eʼtibor bering, millatning yetuk namoyondalari jamiyatni barcha jabhada yangilashga, uning aʼzolarini ziyolilashtirish uchun katta minbarlarda bong urib turgan pallada bir hovuch kepakmiyalar «Bugun bizga kutubxona kerakmi?» deya keng jamoatchilikni kitobdan yuz o‘girishga daʼvat etayotirlar.
Har kuni avtobusda ishga borib kelaman. Bekatdan sal nariroqda kattagina kitob do‘koni bor. Ko‘rsangizu-kirsangiz adabiyotlarning xilma-xilligidan dilingiz yayraydi. Ochig‘i har gal maosh olganimda shu yerga kelib, yangi kitoblardan sotib olaman. Bir kuni qiziqishim ustun kelib, sotuvchidan bir kunda necha pullik savdo qilishini so‘radim: u biroz xo‘rsinib bazo‘r 600 ming so‘mga yaqin savdo qilayotganligini aytdi. Bu yerdan chiqib yana biroz yurilsa aroq-vino do‘koni bor. Uning sotuvchisidan kunlik savdo hajmini so‘ragandim u dadilgina javob berdi: Kuniga o‘rtacha 15 million!
«Aslida o‘zbekni, shu millatning bolasini kitob o‘qi deb turtishimizning o‘zi o‘ta uyatli hol. Chunki shu ulug‘ neʼmat tufayli dunyo tamadduniga, uning har bir sohasining yuksalishiga ulkan va beqiyos hissa qo‘shgan xalqmiz. Bu fikrimizni tarixda yashab o‘tgan, olam ahli tan olgan va qoyil qolib tan bergan ulug‘ ajdodlarimiz amalga oshirib ketgan buyuk ishlar ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Ular bu yutuqlaru-muvaffaqiyatlarning barcha-barchasiga kitob orqali erishganlar! Umuman mutolaa millatni turli baloyu-ofatlardan asraydi. Ularga qarshi millat vujudida immunitet hosil qiladi. Shunday bo‘lgach, allaqanday targ‘ibot-tashviqotlardan iborat, uni qilma, buni qil degan hayqirig‘u-qichqiriqlarga ehtiyoj ham qolmaydi. Chunki o‘qigan el hushyor yashaydi, sergak bo‘ladi. Or-nomusini har narsadan ustun qo‘yib, uni asrab-avaylaydi. Shunday bo‘lgach kim qayoqqa yetaklasa yetovga tushib yo‘rg‘alab ketavermaydi. Mutolaa qilgan odamda eng asosiysi shaxsiy fikr, dunyoqarash shakllanadi. Biz aslida shunday xalqmiz. Shunday xalqning zurriyodimiz. Oqqan daryo oqaveradi deydilar. Yurakda o‘zgacha sog‘inch va ishonch bilan qo‘limizga yana kitob oladigan kunlarimiz yaqin deb o‘ylayman. Mana shu ilinj ko‘ngilda baribir muqim yashayveradi». Taniqli yozuvchi va munaqqid Olimjon Toshboyevning yuqoridagi fikrlari bilan maqolaga nuqta qo‘ydigu, qolgan xulosani siz aziz mushtariylarga havola etdik: Nima deysiz, haqiqatdan ham kitobga quchoq ochadigan kunlarimiz yaqinmikan?!
Xurshida BOYNIYOZOVA,
Sirdaryo viloyat kengashi bosh mutaxassisi
Abdug‘affor Omonboyev, «Milliy tiklanish» muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 9-oktyabr sonidan olindi