14 31.10.2024
Maʼlumki, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi mamlakatimizning 2030 yilga qadar asosiy yo‘nalishlarini, turli sohalardagi rejalarini belgilab beradigan muhim dastur hisoblanadi. Unda partiyamizning g‘oya va maqsadlariga hamohang bo‘lgan ko‘plab vazifalar belgilangani, partiyadoshlarimizning taklif va istaklari aks etgani biz uchun alohida ahamiyatga ega. Ishonch bilan aytish mumkinki, parlamentda partiyalar orasidagi raqobat faqatgina saylovlar arafasidagina emas, balki qonunlar muhokamasida, hatto moddalar bo‘yicha tortishuvlarda ham yuzaga kelishi kerak.
Taʼkidlash joiz, hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarimiz juda ko‘p. Asosiysi, saylovoldi dasturimizda “Insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirish” g‘oyasi ustuvor etib belgilangan. Buning uchun tarbiya va taʼlimga katta eʼtibor qaratmoqdamiz. Shuningdek, jamiyatni o‘zgartirishda qadriyatlarimizga, uch ming yillik davlatchiligimiz tarixi hamda ko‘hna madaniyatimizga tayanib ish ko‘rishni niyat qilganmiz.
Yana bir gap, partiya doimo “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” g‘oyasini ham ilgari surmoqda. Zotan, mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida, yuzaga kelgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etilishi hamda qabul qilinayotgan qarorlarning barchasida milliy manfaatlarimiz, jumladan, qadriyatlarimiz alohida ustuvorlik kasb etmog‘i lozim deb hisoblaymiz.
Bilasizmi, bugun O‘zbekistonda siyosiy partiyalar hamda g‘oyalarning rang-barangligi masalasi bu yangi tushuncha desak, xato bo‘lmaydi. 33 yillik mustaqillik davrida O‘zbekistonda aynan parlamentarizm g‘oyalarining xilma-xilligi bir muhitda rivojlanmoqda. Aynan shu muhitda g‘oyalarning xilma-xil bo‘lishi va ular uchun tortisha olish jarayonini vujudga keltirish mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan partiyamiz ilk tashkil etilgan kundan boshlab o‘zining ustuvor g‘oyasi sifatida taraqqiyotning barcha bosqichlarida milliy qadriyatlarga tayanish lozimligini o‘z aʼzolariyu, saylovchilariga taʼkidlab kelmoqda. Va, maʼlum maʼnoda bu maqsadning yurtdoshlarimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlashlariga ham erishmoqda.
Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 29-oktyabr sonidan olindi