Kvadroberlik balosi sari tashlanayotgan qadamlar...


13     31.10.2024

   Inson o‘z-o‘zini ifoda etish va o‘ziga xoslikka qaytib, unutilayotgan qadriyatlar ostonasiga bosh qo‘yayotgan bir paytda kvadroberlar fenomeni hayvonlarga taqlid qiluvchilarning, yaʼni madaniy anʼana va inson tabiatiga qarshi chiqayotgan kontrmadaniyat egalarining paydo bo‘layotganiga ishonish qiyin...

   Ammo bu shu kunlarda achchiq haqiqatga aylandi. To‘g‘ri, bir qarashda, hayvonlarga taqlid qilish oddiy bir o‘yindek ko‘rinishi mumkin, ammo bu “trend”ni chuqurroq tahlil qilsak, bu ayrim yoshlarning ichki inqirozi ekanini anglab yetamiz.

   Bilamizki, yosh avlod vakillari jamiyat bosimi ostida ko‘pincha turli standartlarga mos kelishi kerakligini his qilib, yashaydilar. Bunday sharoitda esa ular aksariyat hollarda o‘ziga xoslik va boshqalardan o‘zlarini ajratish yo‘llarini qidira boshlaydilar. Ammo bu harakat insoniylik mohiyatidan voz kechishga aylansachi?

   Unda nima bo‘ladi?

   Shu maʼnoda kvadroberlar ayrim ekspertlar taʼkidlayotganidek, shunchaki qiziqish yoki o‘yin emas. Bu anʼanaviy va axloqiy qadriyatlar o‘z taʼsirini yo‘qota boshlaganining aniq belgisidir.

   Bunday submadaniyatlarga qiziqib qolgan bolalar esa kimlargadir taqlid qiladi yoki ko‘chirma hayotga odatlanadilar.

   Ular shu tariqa millat va jamiyat aʼzosi sifatida urf-odat, anʼana va ko‘nikmalardan, yaʼni qadriyatlardan uzoqlashadilar. Shubha yo‘qki, o‘zini hayvonga qiyoslayotgan har qanday odam nafaqat madaniy meʼyorlarni, balki shaxs sifatida o‘zligini ham yo‘qotadi.

   Qayd etish joizki, millat madaniyati bu muzeylardagi qadimiy yodgorliklar emas, u jonli tuzilma, avloddan-avlodga o‘tadigan anʼana, qadriyatlar va urf-odatlar majmuasi hamdir. Shu maʼnoda kishi hayvonlarga taqlid qila boshladimi, u nafaqat madaniy anʼanalarni, balki xalqining o‘ziga xos vakili sifatidagi maʼnaviy mohiyatini ham yo‘qotadi. Madaniy shaxsiyatning yo‘qolishi esa millat kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradigan omildir.

   Ayni paytda milliy madaniyat xulq-atvorimizdan tortib, dunyodagi o‘rnimizni belgilaydigan poydevor hamdir. U ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan merosgina emas, balki kundalik harakatlarimizda, o‘zaro aloqalarimiz va o‘zimizni ifoda etishimizda ham namoyon bo‘ladigan jihatlardir.

   Dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori Toshkentda ham ko‘zga tashlanayotgan kvadroberlar taqlidini ijtimoiy normalar va realliklardan qochish deb ham baholash mumkin. Bilamizki, hayvonlar olamida qoidalarga amal qilish va kimlargadir bo‘ysunish shart emas va bunday aqida kattalar talabidan qochishga urinadigan, o‘yinqaroq bolalar uchun jozibador ko‘rinishi mumkin. Ammo bunda juda katta xavf yotadi: zero bu qiziqishlar axloq va instinktlar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qqa chiqaradi.

   Ongli hayot - bu insonning tashqi taʼsirlarga qaramasdan o‘z mohiyatini saqlab qolish qobiliyatidir. Jamiyat o‘zining madaniy ustunlari qulayotganida yoshlarni o‘z ildizla-riga qaytarish va ularga qadriyatlar ahamiyatini eslatishi juda muhim.

   Hayvonlarga taqlid qilish tengdoshlar orasida o‘ziga eʼtibor qaratishning eng oson yo‘li deya qabul qilinishi ham mumkin. Ayniqsa, o‘smirlar muhitida tan olinishga intilish juda kuchli. kvadroberlar kabi submadaniyatlar esa yoshlarga o‘zini ko‘rsatish yoki intellektual saʼy-harakatlarsiz ham tan olinish yo‘lini taklif qiladi.

   Maʼlumki, o‘smirlar psixikasi trendlar va ommaviy hodisalarga juda taʼsirchan bo‘ladi. Zamonaviy OAVlar va Internet bunday sub madaniyatlarning tarqalishini tezlashtiradi va ularni yoshlar uchun yana-da jozibador qiladi. Qayd etish joizki, bolalar juda osonlik bilan bunday taʼsirlarga tushib qoladilar, chunki ular doimo maʼlum bir guruhning ajralmas qismi bo‘lishga intilishadi. Madaniy va axloqiy ustunlarga zid bo‘lsa ham boshqalardan farqlanishga harakat qiladilar.

   Ushbu holatda yana bir jiddiy muammo borki, bu shaxsiy chegaralarni yo‘qotish va o‘zining kim ekanini anglash masalasidir. Agar bola hayvonlarga muntazam taqlid qilsa, u o‘zini inson tabiatiga aloqasi bo‘lmagan obraz bilan tenglashtira boshlaydi. Bu esa uning kelajakda jamiyatga moslashishini qiyinlashtiradi, chunki u o‘z rolini tushunish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishda juda qiynaladi.

   Bir so‘z bilan aytganda, kvadroberlar submadaniyatiga bo‘lgan qiziqish kelajakda shaxs va jamiyat uchun jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda eng avvalo, bola axloqiy normalarni tushunish va hurmat qilish o‘rniga, instinktlar dunyosiga sho‘ng‘ib ketadi. Bunday muhitda nima maqbul va nima aksincha ekani to‘g‘risida aniq chegara yo‘qligi uchun ham bola axloq va instinktlar orasidagi farqni yo‘qota boshlaydi.

   Ikkinchidan kvadroberlar ijtimoiylashuv va o‘z-o‘zini rivojlantirish jarayonlarini rad etadilar, bu esa insonni jamiyatning ongli va masʼuliyatli aʼzosi sifatida o‘sishiga to‘sqinlik qiladi. Ularning xatti-harakatlari ibtidoiy instinktlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu tanqidiy fikrlash, empatiya va masʼuliyatni rivojlantirishga xalaqit beradi. Bunday tendensiyalar jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga ham taʼsir o‘tkazib, yoshlarning jamiyatga moslashuvini qiyinlashtirishi mumkin.

   Yana bir fikr: bunday submadaniyatlar bilan qiziqish avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishiga ham olib keladi. Oilaviy va madaniy qadriyatlarga katta ahamiyat beruvchi katta avlod vakillari ushbu qiziqishlarda jamiyat asoslariga tahdidni ko‘radilar, bu esa nizolar va ijtimoiy zo‘riqishlarga yo‘l ochadi.

   Eng yomoni, kvadroberlar submadaniyatiga qiziqqan bolada taʼlim va o‘z-o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqish so‘nadi. Natijada u o‘z eʼtiborini primitiv instinktlar va fantaziyalarga yo‘naltiradi, bola kasbiy o‘sishga ham befarq bo‘lib ulg‘ayadi. Bu esa uning kelajakka bo‘lgan qarashlarini o‘zgartiradi, jismoniy imkoniyatlarini cheklab, uni to‘g‘ri tushunishlariga salbiy taʼsir qiladi.

 

Ibrohim JO‘RABOYEV

partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 17-oktyabr sonidan olindi