15 02.11.2024
Nihoyat, natijalar eʼlon qilindi. Partiyamiz 19,3 foiz ovoz bilan parlamentda yana ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi. Partiya yetakchisi Alisher Qodirov taʼkidlaganidek, biz parlamentda ikkinchi siyosiy partiya masʼuliyatini qadrlaymiz. To‘g‘ri, bu saylovda bundanda zalvorliroq natijalarga umid qilgandik. Ammo shunga qaramay o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va vazifalarni yanada katta kuch va shijoat bilan davom ettira olamiz degan umiddaman.
Saylovoldi dasturimizda belgilanganidek, asosiy g‘oyamiz “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shioriga tayangan holda barcha g‘oya-tashabbuslarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un bo‘lishiga erishish.
Avval qayd etganimizdek, biz uchun eng ustuvor masala bu tarbiya. Yangi dasturimizda ana shu g‘oyadan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tarbiya va taʼlim masalalariga ustuvorlik berilishi lozimligini taʼkidlaganmiz.
Ko‘pchilikka maʼlumki, milliy madaniyat va maʼnaviyatni rivojlantirish, qadriyatlarni saqlash, boyitish, oilani mustahkamlash, ayollar va yoshlarga oid takliflarni kecha yoki bugun ko‘tarib chiqayotganimiz yo‘q. O‘tgan saylovdan to bugunga qadar yuzdan ortiq ijtimoiy loyihalarni jamiyatga tatbiq etdik. Aynan bugungi harakat dasturimizdan ham ko‘plab samarali va muhim loyihalar joy olgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Milliy tiklanish”ning tolmas karvoni bundan qariyb 30 yil avval xalqqa xizmat qilish uchun qay darajada bel bog‘lab yo‘lga chiqqan bo‘lsa, bugun ham ana shu shijoat bilan harakat qilamiz. Bu yo‘lda Aziz Qayumov, Ibrohim G‘ofurov, Xurshid Do‘stmuhammad kabi ustozlardan meros qolgan masʼuliyat yukini esa doimo his etamiz.
Sherzod QULMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 29-oktyabr sonidan olindi