Mas'uliyatni his etib


91     02.11.2024

   Yangi O‘zbekistonimiz hayotidagi yana bir muhim voqea - Parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovni 850 dan ortiq xalqaro mutaxassislar kuzatib bordilar. Va uni ochiq-oshkora, xalqaro talab va tamoyillarga amal qilgan holda o‘tkazilganini eʼtirof etishdi.

   Markaziy saylov komissiyasining maʼlum qilishicha, saylovda jami 19 944 859 ming saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, shundan 15 mln 27 ming 529 nafari ovoz bergan. Bu umumiy saylovchilarning 74,72 foizini tashkil qildi. Xorijda ovoz berganlar esa 140 388 nafarga yetgan.

   Keyingi 15 yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarini qiyosiy tahlil qilsak, 1999 yili 95,03 foiz, 2004-yilda 85,1, 2009 yilda 87,8, 2014 yili 88,94, 2019 yil 71,1 foiz saylovchi ishtirok etganini ko‘ramiz.

   Bu galgi saylov natijalariga ko‘ra, “Milliy tiklanish” yana parlamentda ikkinchi siyosiy kuch bo‘lib qoldi. Bu zimmamizga juda katta masʼuliyat yuklaydi. Ayni paytda saylovchilar ishonchi biz uchun o‘z maqsad va muddaolarimizni hayotga tatbiq etish uchun imkon beradi, albatta.

   Saylovoldi dasturimizda keng o‘rin olgan tashabbuslarimizdan biri bu “Yangi avlod tarbiyachi va pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish edi. Bundan tashqari, maktablarga pedagoglarni tanlov asosida ishga qabul qilishning shaffof tizimini amalga oshirish, o‘qituvchilar faoliyatiga baho berishning videokuzatuvga tayangan reyting ballari asosida haq to‘lash tizimini joriy etish kabi takliflarni ham ilgari surdik.    Zero, tizimdagi muammolar aynan shu omillar sabab chuqur ildiz otyapti.

   O‘ylaymizki, barchamiz birgalikda ushbu tashabbuslarning amaliy ifodasiga erishamiz.

Vasila FAYZIYEVA,

O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi direktori

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 29-oktyabr sonidan olindi