G‘arbni yemirgan dard xavfi


75     04.11.2024

   Bugun insoniyatni urushlardan ham, tabiiy ofat-u, iqtisodiy inqirozlardan ham ko‘proq tashvishga solayotgan bir muammo bor! Bu ona bo‘lishni istamayotgan xotin-qizlarning bu boradagi qarorlaridir. Bilamizki, dunyoning eng qudratli davlatlaridan biriga aylangan, aholi soni bo‘yicha ham jahonning yetakchi davlati sanalgan Xitoyda 1979-yildan 2015-yilgacha «bir oilaga bir farzand» siyosati amal qildi. Lekin xitoyliklar hanuzgacha ana shu siyosat asoratidan aziyat chekmoqdalar. Chunki endi bu boradagi cheklovlar olib tashlangan bo‘lsada, mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirishga qaratilgan urinishlar samara bermayapti.

   XXR hukumati demografik inqirozni oldini olish uchun 2015-yildan ikkitaga, 2021-yildan boshlab esa uch nafar farzand ko‘rishga ruxsat berdi. Garchi aholisining 49,6 foizini ayollar tashkil etayotgan XXRda cheklov yumshatilganiga 9 yildan oshgan bo‘lsada, bu siyosatdan aziyat chekkan oilalarda tug‘ilgan qiz farzandlar (ayniqsa, to‘ng‘ich farzand) ruhan ona bo‘lishga tayyor emas. Aniqrog‘i, ular buni istashmayapti. Bu borada rag‘bat uyg‘otish uchun esa hukumat ko‘chmas mulk uchun subsidiya berishdan tortib, dekret taʼtilini uzaytirishgacha bo‘lgan imtiyozlarni yo‘lga qo‘ydi. Bunday “dard” «Bolalar va oilalar agentligi» faoliyatini yo‘lga qo‘ygan kunchiqar mamlakat hukumati uchun ham begona emas. Garchi ularda «bir farzand» siyosati yuritilmagan bo‘lsada, yapon ayollari onalik baxtini totishga oshiqmayaptilar. Milliy demografik tadqiqotlar va ijtimoiy taʼminot instituti esa vaziyat tezroq o‘nglanmasa, 2070-yilga borib Yaponiyada tug‘ilish darajasi 500 minggacha kamayishi mumkinligini maʼlum qildi. Bo‘lajak onalarga beriladigan imtiyozlarga kelsak, Yaponiya vazirlar mahkamasi 2023-yili kelgusi uch yil ichida bolalar parvarishi uchun yillik xarajatlarni 2024-yildan boshlab 3,5 trillion iyen (25 milliard AQSH dollari)ga oshirdi.

   Yaponiya hukumati bunday xarajatlarni har bir bolaga oilaviy nafaqalar narxi bo‘yicha iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti aʼzolari orasida yetakchi bo‘lgan Shvetsiya darajasiga yetkazishni rejalashtirgan. Mutaxassislarning fikricha, ayollar farzand ko‘rishni istamasligining yana bir sababi homiladorlik davridagi stressdan tashqari, tug‘ilish va farzand o‘stirish xarajatlarining qimmatligidir.

   Qayd etilishicha, ayni paytda Buyuk britaniya kabi boy mamlakatlar migratsiya hisobiga mahalliy aholining kamayishi darajasini yumshatib kelmoqda. Ayrim mamlakatlar esa ota-onalar uchun maqbul taʼtillar, bolalar uchun bepul tibbiy xizmat, qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini ishga solishyapti. Ammo haligacha biron bir mamlakatda ushbu muammoning aniq yechimi topilayotgani yo‘q. «Odamlar muammo qanchalik jiddiy ekanini anglamayaptilar. Ular shunday muammo paydo bo‘lsa, ayollar ko‘proq bola tug‘ib qo‘ya qoladi, deb o‘ylaydilar. Lekin tug‘ilish darajasini oshirish bu qadar oson hal bo‘ladigan ish emas», deb yozadi britaniyalik professor Myurrey.

   Boshqa tadqiqotchilar esa ayollarni tug‘ishga majburlash kerak emasligi, ularni taʼlim va kontratseptik vositalardan foydalanish huquqidan mahrum qilmaslik lozimligini taʼkidlashyapti. «Aholi soni kamayishiga javoban ko‘plab mamlakatlarning bu boradagi siyosati o‘zgaradi, ammo bunday siyosat ayollarning reproduktiv salomatligi va huquqlariga zid bo‘lmasligi zarur», deydi yana bir ingliz professori Shteyn Emil Vollset.

   Darvoqe, BMT ekspertlari dunyodagi demografik inqiroz bilan bog‘liq vaziyat tropik Afrika aholisining ko‘payishi hisobiga o‘nglanishini taxmin qilishmoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, Afrika mamlakatlarida tug‘ilish joriy asr davomida uch barobarga ko‘payib, 2100 yilga borib jami aholining uch milliarddan oshib ketishi bashorat qilinmoqda.

   Yana bir toifa tahlilchilarning fikriga ko‘ra, bunday vaziyat dunyoni irqchilik muammosi domiga tashlashi mumkin...

G‘ARBGA INTILISH TO‘G‘RIMI?

Bilamizki, yaqin tarixda g‘arb sharqning ko‘p farzand ko‘rishga bo‘lgan yondashuvini iqtisodiy tanglik bilan bog‘lab, tizimli ravishda qoralagan edi. Ammo bugunga kelib, g‘arbcha qarashlaru, oilaviy qadriyatlarga bo‘lgan munosabatlar tamomila o‘zgaryapti. Shu bilan birga insoniyat bu jarayonda aqlbovar qilmas yo‘llarga ham qadam qo‘yyapti. Tasavvur qiling: 50-60 yilcha avval ayolga aylanishni istovchi erkak - transgendenlar bilan bir jamiyatda yashaysan, deyilsa, bu g‘irt “safsata”, derdik. Ammo aynan g‘arb taʼsirida bu safsata rostga aylandi. Bugun aksariyat yoshlarning voyaga yetar-yetmas erkinlik talab qilishi ham ayni “madaniyat” taʼsiri emas-mi? Achchiq bo‘lsada, hech bir sabablarsiz, shunchaki, onalik masʼuliyatidan qochib, bolasini sotayotganlarning ko‘payib borayotgani-chi?

NAFSNING CHEGARASI QAYERDA?

Ernest Xeminguey shunday yozadi: «Shuhratparastlik, izzattalablik - barcha illatlarning manbaidir. U ikkiyuzlamachilikni tug‘diradi, hasad uyg‘otadi, yolg‘onchilikka boshlaydi. Ko‘pchilik odamlarning boyliklari ko‘paygani sayin xayr-saxovatli fazilatlari kamayib boradi. Insonga zarur narsalarni bering va u darrov qulayliklarni istab qoladi».

   Afsuski, bugun qulayliklar, imkoniyatlar yaratilgani sari chin insoniylik chekinayotgandek. Ijtimoiy tarmoqqa qaramlik, boqimandalik, oson pul topishning turli usullari urchib borayotir. Eng yomoni, zamonaviylik niqobi ostida qadriyatlar oyoq osti qilinyapti.

   Amerikalik olimlardan biri sichqonlar o‘rtasida o‘tkazilgan tajribadan keyin shunday xulosa chiqaribdi: «Sichqonlarga hamma sharoitni muhayyo qildik. Vaqt o‘tgani sari sichqonlar yomon tomonga o‘zgarib, bir-birlarini o‘ldira boshlashdi. Eng dahshatlisi sichqonlar orasida LGBTlar paydo bo‘ldi. Ona sichqonlar turli noz-neʼmatlar turishiga qaramay, o‘z bolalarini yeya boshladilar... Oxir-oqibatda esa... qirilib ketishdi»... Olim bu tajribani 25 marta takror-lagani, ammo natija bir xil chiqqanini afsus bilan taʼkidlaydi. «O‘ta lyuks sharoit nafaqat sichqonlarni, balki odamlarni ham buzadi, bunga misol G‘arb davlatlari...», deydi olim o‘z so‘zining yakunida.

 

Mahbuba KARIMOVA,

“Milliy tiklanish” muxbiri

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 17-oktyabr sonidan olindi