45 05.11.2024
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda milliyligimiz-u ma’naviyatimizga zid bo‘lgan reklamalar ko‘payib ketgani bor gap. Ammo keyingi paytlarda bu salbiy holatning millionlab auditoriyaga ega bo‘lgan ba’zi telekanallarga ham ko‘chgani bot-bot ta’kidlanmoqda. Afsuski, bu haqli e’tirozlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Kuni kecha televideniyeda choy reklamasiga ko‘zim tushib qoldi. Shunaqangi saviyasi past reklamaki, uni na oila davrasida ko‘ra olasiz, na boshqa joyda...
Ajablanarli tomoni, begona erkak birovning ayoli bilan “qo‘lga” tushib turibdida, birozdan so‘ng ular mashhurlik cho‘qqisiga chiqishi g‘alatimasmi?
Eng yomoni, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “shkaf” ichidan chiqish tabiiy holga aylanib qoldi. Er-xotin farzandlari bilan oila davrasida suhbat qilib tursa, “shkaf”ning ichidan choyni reklama qilib begona erkak chiqib kelsa, er uni qo‘lidagi choyini ko‘rib hayratga tushsa hamda uni olqishlasa...
Afsuski, dunyoda mafkuraviy g‘oyalar targ‘iboti va kurashi kun sayin kuchayayotgan bir paytda biz “axloqi” past reklamalar to‘ridan qutula olmayapmiz. Bugun reklama ishlari bilan shug‘ullanayotganlarning ko‘ziga faqatgina “soqqa” ko‘rinyapti, xolos.
Turk seriallarini tanqid qilib, bolalarimizning tarbiyasini buzadi deb, ayyuhannos solyapmiz-u ammo telekanallarda bir kunda o‘n martalab efirga uzatilayotgan saviyasi past, tuturiqsiz reklama roliklariga indamay ko‘z yumyapmiz.
To‘g‘risi, ayrim reklamalar oiladagi sharm- hayo pardasining yo‘qolishiga xizmat qilyapti. Bu be’mani, behayo reklamalar kimlargadir foyda keltirayotgandir. Ammo kelajak avlod ongini zaharlayotganiga kim javobgar bo‘ladi?
Dilda turli mulohazalar tug‘iladi: sohani tartibga solish bo‘yicha tegishli qonunlar allaqachon qabul qilingan. Bunga 2022 yilning iyun oyida qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni misol keltirish mumkin. Unda bir qancha yangi tartiblar, cheklovlar joriy qilingan. Lekin ijro bilan bog‘liq ishlar haligacha sust ahvolda. Aslida vakolatli davlat organi - Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bu boradagi qonunbuzilish holatlatlarini qat’iy nazoratga olishi lozim.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-1-moddasiga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama berish, tashqi reklamani joylashtirish talabiga rioya qilmaslik yoki aksilreklama berishdan bosh tortish, shuningdek, qonunchilikda taqiqlangan mahsulotni reklama qilish BHMning 7 baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Nima bo‘lganda ham inson ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, nosog‘lom muhitni targ‘ib qiladigan har qanday reklamalarga chek qo‘yish vaqti keldi. Zero, reklama faqat daromad emas, balki odamlarga tovar va xizmatlar haqida axborot berishning to‘g‘ri hamda ishonchli manbaiga aylanishi lozim.
Baxtishod RASHIDOV,
partiya Markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 28-avgust sonidan olindi