85 06.11.2024
Shu o‘rinda keyingi uch yilda navoiylik yoshlar oliygohga kirish bo‘yicha 1-o‘rinni egallab kelayotganini alohida taʼkidlash lozim. Bog‘cha qamrovi esa 85 foizga yetib, respublikada 2-o‘ringa chiqdi.
Viloyatimizning mamlakatimiz markazida joylashgani, boy tabiiy resurslar, yetarli infratuzilma va inson salohiyatiga ega hudud ekanini eʼtiborga olsak, hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda katta ekani ayon bo‘ladi. Birgina yurtimizdagi 5 trillion dollarlikdan ortiq qazilma boyliklarining 20 foizi Navoiy zaminida joylashgan.
Mamlakatimizning eng muhim transport arteriyalarining 16 foizi ham hududimiz orqali o‘tadi. Shuningdek, hozir viloyatda 11 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilayotganini aytish joiz. Yana 5,2 gigavattli shamol va quyosh stansiyalari ishga tushish arafasida.
Taʼkidlash lozim, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda viloyatimizga qilgan ikki kunlik tashriflari biz -navoiyliklarni yangi marralar sari yetakladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, Davlatimiz rahbarining 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilish haqidagi taklifi butun viloyat ahlining dilidagi gap bo‘ldi. Prezidentimizning buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan viloyat maʼnaviy tarbiya, maʼrifiy yuksalish yo‘lida ham barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, taʼbir joiz bo‘lsa, yurtimizning maʼnaviy brendiga aylanishi zarur degan taʼkidlari esa navoiyliklarga Yangi O‘zbekiston islohotlarida yana-da faol ishtirok etishga kuch-quvvat, yoshlarimizga esa motivatsiya berdi.
Endi ushbu tashabbus doirasida “Hazrat Navoiyni anglash -o‘zligimizni anglash” mavzusida Prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi. Yoshlarbop kitoblar chop etilib, shoir asarlari bo‘yicha filmlar tayyorlanadi. “Yangi Navoiy” shaharchasida muhtasham haykal va muzey barpo etiladi. “Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiy bobomizga atab yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining yangi loyihalarga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etib, 3 ta korxonaning ishga tushirilishi va 12 tasining qurilishini boshlashga start bergani ushbu tashrifning eng xayrli voqealaridan biri bo‘ldi, albatta. Mazkur loyihalarning umumiy qiymati 3 milliard 600 million dollar bo‘lib, 7 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish imkoniyatini yaratadi. Bugun viloyatimizda 300 dan ortiq chet el korxonalari ishlab turgan bo‘lsa, yaqin kelajakda ularning soni yana-da ko‘payadi.
Prezidentimiz ishtirokida Navbahor tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kelgusi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda esa iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali yangi sanoat korxonalarni ishga tushirish, tadbirkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligi, yangi ish o‘rinlarini yaratish va pirovardida, odamlar daromadini ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Chekka hududlardagi 18 ta eski maktab va ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash, yangi va zamonaviy bog‘cha, maktablar qurish, aholi salomatligini mustahkamlash, tadbirkorlikka qiziqishi bor 9 ming xotin-qizni kasbga o‘qitib, bandligini taʼminlash hamda yoshlar bilan ishlashni yaxshilash yuzasidan ham muhim vazifalar belgilandi. Yig‘ilishda viloyatimizda 16 ming kambag‘al oila, 8 mingdan ziyod ishsiz fuqaro borligi ko‘rsatilib, shuncha yirik korxonasi bor viloyatga bu raqamlar yarashmasligi va mutasaddilarga chetga ishlashga ketgan odamlar bilan gaplashish, ularning oila aʼzolaridan xabar olish, daromadlarini oshirish uchun sharoit yaratish vazifalari topshirildi. Bu masalalarga jiddiy qaramagan rahbarlarga nisbatan esa xulosa ham jiddiy bo‘lishi qayd etildi.
Albatta, navoiyliklar farovonligini oshirishga qaratilgan bunday ezgu ishlar partiyamizdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, xalqimiz barcha bo‘g‘indagi deputatlarimiz timsolida zimmasidagi masʼuliyatni chuqur anglaydigan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimizning erkin va farovon hayotini taʼminlash yo‘lida o‘zini ayamasdan tinimsiz harakat qiladigan, bor bilim va tajribasini Vatan ravnaqi uchun safarbar etadigan fidoyi insonlarni tasavvur qiladi. Zero, xalqimiz xalq vakillarining yangi g‘oya va tashabbuslariga katta umid va ishonch bilan qaramoqda.
Ilhom RAJABOV,
partiyaning Navoiy viloyati Kengashi raisi,
xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 6-noyabr sonidan olindi