Mas’uliyatni his etishga start berildi


74     07.11.2024

Demokratik taraqqiyotimizning yorqin ifodasi sifatida Yangi O‘zbekiston tarixida o‘chmas iz qoldirgan saylov natijalariga ko‘ra, Qonunchilik palatasiga saylangan jami 150 nafar deputatlar tarkibining partiyaviy mansubligi quyidagicha bo‘ldi:

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan - 64 ta o‘rin yoki 42,7 foiz;
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan - 29 ta o‘rin yoki 19,3 foiz;

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan - 21 ta o‘rin yoki 14 foiz;
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan - 20 ta o‘rin yoki 13,3 foiz;
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan - 16 ta yoki 10,7 foiz.

 

Eng muhim faktlar: parlament quyi palatasining tarkibi qariyb 60 foizga yangilandi. Saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Deputatlarning qariyb 15 foizi xorijiy davlatlarda tahsil olgan, 35 foizi esa ilmiy darajaga ega bo‘lgan turli soha egalaridir.
 

Sifat tarkibi bo‘yicha 2 nafari - 30 yoshgacha, 38,6 foizi - 30 yoshdan 45 yoshgacha, 46,6 foizi - 45 yoshdan 60 yoshgacha, 13,3 foizi esa 60 yoshdan oshganlar bo‘ldi.
Mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari esa deputatlarning 12,7 foizini tashkil etdi. Ulardan 5 nafari rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafari koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz millatiga mansub deputatlardir.

 

Xalq vakillarining barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 30 foizi - iqtisodchilar, 22 foizi - huquqshunoslar, 18,7 foizi - pedagoglar, 12 foizi - muhandislar, 9,3 foizi -tibbiyot sohasi, 8 foizi esa madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlardir.
 

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra, mahalliy Kengashlar tarkibi 59,2 foizga yangilandi. Yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu amaldagi ko‘rsatkichdan 9 foizga ziyoddir.
Shu o‘rinda deputatlarning 4 foizi - 30 yoshgacha, 39,5 foizi - 30 yoshdan 45 yoshgacha, 40,8 foizi - 45 yoshdan 60 yoshgacha, 15,7 foizi esa 60 yoshdan oshganlar ekanini ta’kidlash joiz.
Boshqa millat vakillari esa jami saylangan deputatlarning 11,2 foizini tashkil qildi. Jumladan, ulardan 175 nafari tojik, 111 nafari qozoq, 33 nafari turkman, 29 nafari rus, 21 nafari qirg‘iz, qolgani esa boshqa millatlarga mansub.

 

Yana bir fakt: mahalliy Kengash deputatlarining 93,3 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 36,2 foizini pedagoglar, 18,2 foizini iqtisodchilar, 13 foizini muhandislar, 7,6 foizini shifokorlar, 5 foizini huquqshunos, 20 foizini madaniyat sohasi vakillari, tadbirkor va fermerlar tashkil etdi. 138 nafar nogironligi bor shaxs ham mahalliy Kengash deputatligiga saylandi.
Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, “Mening tanlovim - obod Vatanim” shiori ostida ochiq, oshkora, shaffof, demokratik tamoyillar asosida o‘tgan saylovda 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etdi. Eng asosiysi, xorijiy kuzatuvchilar tomonidan saylovlar ijobiy baholanib, ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi va umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari, demokratik saylov standartlari va talablariga mos ravishda o‘tkazilgani e’tirof etildi.

 

Jumladan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Bosh kotibi Sergey Lebedevning ta’kidlashicha, saylov demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkoralik ruhida o‘tdi.
Saylovlar tinch va osoyishta, yuqori darajada tashkillashtirilib, saylov qonunchiligiga rioya qilingan holda o‘tkazildi.

 

- Guvohi bo‘lyapmizki, o‘tgan yillarga qaraganda, O‘zbekistonning parlament saylovi tizimida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Eng asosiysi, saylovchilar uchun barcha qulayliklar yaratib berildi, - deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi vakili Azay Guliyev.
Misr Senati raisi o‘rinbosari Fibi Favzi esa O‘zbekistonda ilk marotaba majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazilgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganidan mamnun ekanini bildirib, saylovlarda ayol nomzodlarning ko‘pligi, oddiy xotin-qizlarning ham ushbu muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etgani, ko‘plab saylov uchastkalari rahbarlari aynan ayollardan iborat ekanligi e’tiborga molikligini ta’kidladi.

 

- Sharq xalqlari orasida bunday faollik va uning hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy rivojlanish, zamonaviy yangi avlod shakllanishida muhim rol o‘ynaydi, - dedi Fibi Favzi.
Buxoro shahridagi saylov uchastkalarida bo‘lgan Germaniyaning “Berliner Telegraph” gazetasi muxbiri Tatyana Xekker esa shahar ko‘chalari, bozorlarda odamlar bilan muloqot qilganida fuqarolar ularning ovozi ertangi taraqqiyot uchun, bolalarining kelajagi uchun muhim ekanini ta’kidlaganini qayd etdi.

 

Garchi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi uchun saylov kutilmagan natijalar bilan yakunlangan bo‘lsada, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 29 ta o‘rinni egallab, parlamentdagi ikkinchi yirik partiya sifatidagi maqomini saqlab qoldi.
 

Deputatlarning barchasi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 37,9 foizini iqtisodchilar, 27,6 foizini huqushunoslar, 17,2 foizini pedagoglar, 17,3 fozini boshqa soha vakillari tashkil etadi. Shu o‘rinda ayollar ulushi qariyb 30 foizga yetganini aytish joiz. Ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lgan deputatlar ulushi 37,9 foiz, davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlari esa 31 foizdir.
 

Eng asosiysi, partiya o‘z maqsad-muddaolarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan birga mahalliy Kengashlarda ham qat’iy himoya qilishini, saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar ijrosi uchun faol ish olib borishini ta’kidlamoqda. Zotan, hazrati saylovchi uchun qaysi partiya qancha ovoz olgani emas, balki partiyalarning saylovoldi va’dalari ijrosi muhim. Endi mas’uliyat chegarasini saylovchi belgilaydi. Ya’ni, partiya O‘zbekistonda qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurish uchun qat’iy davom etajagini bildiryapti.
 

Ravshan MAHMUDOV,

“Milliy tiklanish” muxbiri

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 6-noyabr sonidan olindi