Xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot uyg‘unligi — yuqori samara garovi


45     07.11.2024

Aholi salomatligini ta’minlash, tibbiy-sanitar yordam ko‘rsatish, turli xil, ayniqsa surunkali kasalliklar profilaktikasi va ularni davolashda sifat, xavfsizlik va samaradorlik jihatidan amalda sinalgan, ota-bobolarimiz tomonidan qo‘llanilib kelingan usullar, ya’ni xalq tabobati muhim o‘rin tutadi.

Shu bois, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida xalq tabobati usullaridan foydalanishning huquqiy bazasi shakllantirildi. O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tashkil etilib, xalq tabobatining usullari va yutuqlarini samarali va xavfsiz tarzda qo‘llash uchun birinchi navbatdagi shart-sharoitlar yaratildi.

O‘tgan davrda xalq tabobatining kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha samarali usullarini zamonaviy tibbiyot amaliyotiga jadal integratsiyalash, fuqarolar salomatligini yanada mustahkamlash, ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘yish borasida muhim hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xalq tabobati usullarini qo‘llagan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan talablarni, shuningdek, xizmat ko‘rsatish hajmi va tartibini belgilovchi vakolatli organ etib belgilandi.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etildi.

Ammo shunga qaramay, aholining soddadil, ishonuvchan ekanligidan, qonunchiligimizda xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik, shuningdek xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmaganidan foydalanib, daromad orttirishni maqsad qilgan soxta tabiblar paydo bo‘la boshladi.

Bunday hollarda aholimiz soxta tabiblarning qurboniga aylanishi, ushbu xizmatlarning oqibatlari esa fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olib, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan mazkur hujjat bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatganlik, shuningdek xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Bunday xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilib, xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilish qonun bilan taqiqlandi.

Bu esa, o‘z navbatida, jahonda tabobat ilmiga munosib xissa qo‘shgan, asarlari hozirga qadar tibbiyot oliygohlarida darslik sifatida o‘qitiladigan Ibn Sinodek buyuk alloma yurti bo‘lmish O‘zbekistonda xalq tabobatini kasalliklarni profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolashda zamonaviy tibbiyot bilan muvofiq holda qo‘llash orqali yuqori samaradorlikka erishishga xizmat qiladi.

Jumanazar OTAJONOV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati