45 08.11.2024
Yuzlab chaqirim yo‘l bosib, poytaxtda yashovchi kenja farzandini ko‘rishga kelgan Choriqul cho‘pon shu kunning o'zidayoq yana ortga surxonga qaytdi. Faqat qaytishda shahri azimdagi kattakon dargohlardan birida ishlovchi o‘sha kenjatoyning uch nafar bolasini ham oldiga solib qaytdi...
-Hoy otasi, o‘zi hozirgina keldikku, qilig‘ingiz qursin, bir-ikki kun nafas rostlab olaylik, - deya o‘tingan kampiri Ro‘zigul momo bir og‘iz gapirdiyu, baloga qoldi. Cho‘rtkesar, sertajang oqsoqol stolga chunonam musht tushirdiki, sho‘rlik gapirganiga ham ming pushaymon bo‘ldi.
- Mening urug‘imdan hali chulchit chiqmagan, bildingmi, o‘zi bunga sen ham aybdorsan, kenja bolam deb shu o‘g‘lingni juda taltaytirib yubording. Men ahmoq bo‘lsa, tog‘u toshda qo‘y boqib yuraveribman. O‘qiyman dedi o‘qitdim, uylantir dedi, ko‘nglidagini olib berdim, uyim yo‘q dedi, mol sotib vatanli qildim. Mana endi odam bo‘ldi, elga qo‘shildi deganimda. o‘ziyu, kelin ikkovi bolalarini eldan chiqarib o‘tiribdi. Nevaralaringni qara, bitta o‘zbekcha so‘zni ham eplab gapirisholmayapti. Faqat o‘rischa, inglizcha gapirishayapti. Kelgandan beri og‘izlariga qarayman, qani endi bironta o‘zbekcha kalom aytishsa. Dedushka, babushka va yana allambalolar deyaverishib quloq miyamni qoqib tashlashdiku. Yo‘q, bunday bo‘lmaydi, otasini o‘qitdimmi bolalariniyam o‘qitishga qurbim yetadi. Faqat. mening oldimda qishloqda o‘qishadi. Xullas lash-lushingni yig‘ishtir, qaytamiz.
So‘ngra yanada asabiylashib o‘g‘liga o‘shqirdi:
- Bolalarni xarob qilibsanlarku. Alhamduniku qo‘yaturaylik, jillaqursa o‘zbekcha salomlashishni ham bilishmaydi bularing! Men senga shunday tarbiya berganmidim?! Ota-bobongni tilini kamsitib, murg‘akkina bolalaringni ajnabiylarning tilida o‘qitishni kim maslahat berdi senga?! O‘sha betavfiqlar aytganidayam o‘zingning kallang yo‘qmidi?! Hali suyagi qotmagan bola ilk sabog‘ini o‘zga tilda olsa nimalar bo‘lishini, oqibati qayerlarga borib taqalishini bilasanmi o‘zi?! Bola millatini, dinini, tilini unutadiku! Bularni unutganni esa odam qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi! Xe, seni o‘sha olimligingdan o‘rgildim. Ajdodining tilidan voz kechgan odamdan olim chiqarmidi?! Olim bo‘lishdan avval odam bo‘lish shart!
Oqsoqol shu gaplarni aytarkan, eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Yangi o‘zbekning zabardast namoyondasimiz deya poytaxtda ko‘kragiga mushtlab yurgan «ziyoli o‘g‘il» esa bu rad etib bo‘lmas haqiqat qarshisida lom-mim deya olmay ostonada qaqqayganicha qolaverdi.
Bu - yaqin tanishim, poytaxtdagi nufuzli oliygohlardan birida yoshlarga o‘zbek tili va adabiyoti fanidan saboq berib kelayotgan Eshniyozning kuni kecha menga dil yorib, aytgan hangomasi. Achinarlisi bo‘lib o‘tgan voqeaning bosh qahramoni uning o‘zi!
- Ishxonadagilarning gapiga kirib, «intellegentniy» bo‘lishsin deb bolalarni avval rusiyzabon bog‘chaga, so‘ngra rus va ingliz tiliga ixtisoslashgan xususiy maktabga beruvdik. Ularning o‘z tillarini unutayozganiga e’tibor ham bermabmiz. Kamiga uyda ham ruscha, inglizcha gapira boshlashgandi. Harqalay til o‘rganishyaptiku deb xursand bo‘lib yuraveribmiz. Qishloqdan otam kelganlarida ham bolalar o‘zga tilda chuldirashaveribdi. Bu esa boboyning qaxrini keltirdi. Bilasizmi, otam o‘z tilidan boshqa tilni muqaddas sanamaydi. Shu boisdanmi, nevaralarini oldiyu ketdi. Endi ularni hali-veri shaharga jo‘natmasa kerak. Er-xotin borib ko‘rib kelaylik desak. endi yuzimiz chidamayapti.
To‘g‘risi, uni nima deb yupatishni ham bilmadim. Afsuski, tanishimga yopishgan bu «xastalik» yuqumli dardday, tez urchib, hozirda respublika poytaxti tugul viloyatlar va tumanlar markazigacha shitob bilan kirib boryapti.
Xayolimda esa banogoh partiyamiz yetakchisi Alisher Qodirovning markaziy matbuotdagi chiqishlaridan biridagi quyidagi so'zlari jorilandi: «Afsuski, bugun o‘z bolasini rus bog'chasiga, rus maktabiga berib, bolasi rus tilida tili chiqayotganidan g'ururlanayotganlar ko'paymoqda. Bu bilan esa o'zimizga ziyon keltirayotganligimizni anglamayapmiz. Bugungi kunda Toshkent shahri maktablarida 400 mingga yaqin boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bor, ularning 250 mingga yaqini rus tilida ta’lim olmoqda. E’tibor bering, bu o‘ylab ko‘radigan raqam. Ana shu 250 mingning 80 foizi afsuski o‘zbek. Ayting, qanday ota-onaki, farzandi 1-sinfdan o‘z qadriyatiga teskari, ongu tafakkuri, o‘lchov mezonlari va milliy madaniyatiga zid bo‘lgan tilda savod chiqarishiga yo‘l qo‘yib beryapti. Agar bunga bir-ikki oilaning muammosi deb qarasak, katta xato bo‘ladi. Bu jamiyat muammosi! Tilni yo‘qotish, unga befarqlik ham aynan shu nuqtadan boshlanadi aslida».
Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun unda kamida 1 million kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atiga 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250 talikning ichida ekanligi kishiga anchayin taskin beradi albatta. Biroq. 3 ming yillik tarix vorislari-biz o‘zbeklar ana shu 250 talik ro‘yxatdan kunlar kelib tushib qolishimizni o‘ylamay erta tongdanoq bolalarimizni ajnabiy tildagi bog‘chayu, maktablarga yuboryapmiz. Diqqat qilsangiz, partiya yetakchisi mana shu holatlardan xunob bo‘lib barchani ogohlantirgan edi!
Yana bir gap: respublikadagi vazirlik, idora, qo‘mitalarda o‘tkazilgan ma’muriy islohotlar davrida, yani ularni qisqartirish chog‘ida aynan «Milliy tiklanish» partiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamentining qisqartirilishiga e’tiroz bildirgandi! Aksincha bu idorani tugatish emas, uning faoliyatini zamonaviy taxdid, talablardan kelib chiqib yanada kengaytirish,
takomillashtirish lozimligini aytib, bu yo‘lda jon-jahdi bilan kurashgan partiya ham aynan «Milliy tiklanish» edi!
Ammo ushbu «muazzam dargoh»da paydo bo‘lgan yangi jamoa ishonchni oqlamadi. To‘g‘ri, dastlabki paytlarda g‘ayrat bilan ishga kirishishdi. Ammo bugunga kelib...
Televideniyedagi o‘zga tillar qorishib ketgan almoyi-jalmoyi seriallar, ko‘cha-kuyda to‘lib toshgan ajnabiy tillardagi peshlavhalar, tuturuqsiz qo‘shiqlar, atiga 2,5 foiz aholisi rusiyzabon bo‘lgan O‘zbekistonda, aniqrog‘i uning poytaxtidagi mavjud 53 foiz maktabning rus maktablariga aylanib bo‘lganligi, farzandlarimizning tili xorij multfilmlari orqali chiqayotganligi va yana bir qator salbiy omillar ularni zarracha qiziqtirmay qo‘ydi!
O‘zbek millati va tilining eng jonkuyar allomalaridan biri Qozoqboy Yo‘ldosh mazkur departament rahbarlariga bir emas bir necha marotaba markaziy matbuot orqali yuqoridagi salbiy holatlar xususida murojaat qildiki, bundan biron natija chiqmadi. So‘ngra hafsalasi pir bo‘ldi chog‘i navbatdagi chiqishlaridan birida: «O‘zbek tilini bayram sifatida nishonlashdan avval uning mavqeini joyi-ga qo‘yish kerak!» dedi, xolos...
O‘zbekning yana bir mutafakkiri, ulug‘ olim Ibrohim G‘ofurov esa aynan mazkur departament rahbariyatiga qat’iy bir taklifni bildirdiki bungada biron munosabat bildirilmadi: «21 oktyabrni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun emas, O‘zbek tiliga Davlat tili huquqi berilgan kun deya omma oldida e’tirof etilishini taklif qilaman».
Yuqorida ta’kidlanganidek, ulug‘ olimning ushbu bebaho fikri qog‘ozlarda aniqrog‘i, matbuot sahifalarida qolib ketdi. Ushbuni qoralayapmanu, yana partiya yetakchisi Alisher Qodirovning katta bir yig‘inda kuyunchaklik bilan aytgan quyidagi fikrlari yodga tushadi:
«Til haqida gap ochildimi, darrov lug‘atimizdagi millatchi so‘zi esga olinadi, o‘z tilini himoya qilayotgan odam boshqa tilni kamsitayotganga chiqariladi. Vaholanki, biz o‘zbeklar hech qachon millatchi xalq bo‘lmaganmiz, agar shunday bo‘lganida Ikkinchi jahon urushi davrida bir to‘g‘ram nonimizni bo‘lib, yarmini rusga, yarmini nemisga bermagan bo‘lardik, biz faqat yurtimizda yashayotgan vatandoshlarimizga o‘zbek tilini bilish, uni hurmat qilish lozimligini, qolgan tillarni esa ixtiyoriy o‘rganishlari uchun qulay sharoitlar yaratib berilishining tarafdorimiz».
O‘ylab ko‘raylik, millat rahnamosi BMTda - dunyo minorasidan turib, sof o‘zbek tilida so‘zlamoqda! Bu jamiyat va uning hazrati fuqarosiga qilinayotgan ulug‘ bir ishora aslida. Bundan xulosa chiqarib, tilga munosabat masalasida o‘ta xushyor bo‘lmog‘imiz lozim. Zotan, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tilni unutish va uni hurmat qilmaslikni oqpadarlikka qiyoslaganlari ham bejiz emas.
Sir emas, ko‘pchili-gimiz hali-hanuz tilimizning judayam boy va maftunkorligini, shu bois unga dunyo ahli havas qilishini to‘liq anglab yetmayapmiz. So‘z mulkining sultoni Navoiy hazratlari yuqoridagi fikrimizni XV asrdayoq amalda isbotlab qo‘yganlar. Ulug‘ bobomiz umri davomida o‘z asarlarida 1 mln 378 ming 660 ta so‘z ishlatgan bo‘lsalar, shuning 26 mingtasi betakror so‘zlar ekan.
Vaholanki, dunyo tan olgan ulug‘ shoirlar - Pushkin 21 mingta, Servantes 18 mingta, Shekspir esa o‘z tilida 20 mingta so‘z ishlatgan ekan...
Yana ta’kidlayman, ana shunday boy tilni farzandlarimizga faxr va g‘urur bilan o‘rgatish o‘rniga ularning tiliyu, oyog‘i chiqmasdanoq ajnabiy tildagi bog‘chayu, maktabga chirqillatib sudrab borishimizdan kimga foyda? Maqolaga nuqta qo‘yar chog‘imda taniqli siyosatshunos Sherzodxon Qudratxo‘janing quyidagi fikri xayolimni chaqmoqdek yoritib o‘tdi: «Ona tilini hurmat qilish va uni himoya qilish - Vatanni e’zozlash va himoya qilish bilan barobardir».
Abdug‘affor OMONBOYEV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 6-noyabr sonidan olindi