O‘zbekiston — TDT: qardosh xalqlar farovonligi va taraqqiyoti yo‘lida


75     11.11.2024

O‘zbekistonning TDTga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi ushbu tuzilma rivojini yangi bosqichga olib chiqdi, desak yanglishmaymiz. Zero, 2019-yildan boshlab, Prezidentimizning 30 dan ortiq takliflari mazkur tashkilot tomonidan alohida inobatga olinib, amaliyotga joriy qilindi. Xususan, 2022-yilning 10-11-noyabr kunlari yangi nom olgan Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand shahridagi sammiti ko‘p ekspertlar tomonidan e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Aynan shu yili dunyoda geosiy keskinlik nihoyatda taranglashgan, dalatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch darz ketgan paytda turkiy oila bo‘lib vujudga kelayotgan umumiy muammolarga nisbatan birgalikda yechimlar topib harakat qilish juda muhim edi.

Shu bois, Samarqand sammiti yakunlari bo‘yicha 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasining qabul qilinishi muhim voqea bo‘ldi. Ushbu hujjat turkiy mamlakatlarning “Turkiy nigoh – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi yo‘l xaritasidir.

Qayd etish joizki, TDT bilan hamkorlik O‘zbekiston manfaatlari uchun ham to‘la javob beradi. Tashkilot faoliyatining ilk yillarida asosan madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlikka e’tibor berilgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘zaro hamkorlik ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Ayniqsa, transport-logistika, raqamlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, xavfsizlik masallariga alohida ahamiyat qaratilyapti.

Keyingi yillarda tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi eksport-import operatsiyalari hajmi yiliga 45 milliard dollardan oshmoqda. Jumladan, transkaspiy xalqaro koridorining ahamiyati bugun har doimgidan ham muhim ahamiyat kasb etyapti. Barcha a’zo davlatlarning ushbu transport yo‘lagi orqali tashqi savdo yuklarini tashish hajmini oshirish, nafaqat TDT davlatlarining o‘zaro tovar aylanmasining ko‘payishiga, balki Yevropa va jahon bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 5-6-noyabr kunlari Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisidagi ishtiroki ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Zero, sammitda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar turkiy dunyo taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi mazmun bilan to‘ldirib, butun turkiy dunyo ravnaqini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi.

Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida transport koridorlaridan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratib, o‘rta koridor bo‘ylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish umumiy manfaatlarimizga to‘la javob berishini qayd etdi.

Bu borada tashkilot doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolashga chaqirdi. Bunday dolzarb masalalarni biznes vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazish taklif etildi.

Ushbu sammit va uning yakunida qabul qilingan muhim hujjatlar va qarorlar turkiy xalqlar farovonligi va taraqqiyoti yo‘lida ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitadi.

 

Nodir TILAVOLDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati