55 14.11.2024
Yangi O‘zbekiston islohotlari samarasini o‘zida aks ettirgan va demokratik taraqqiyotimizning yorqin ifodasi sifatida o‘tgan saylovlar yakunlanganiga ham o‘n yetti kun bo‘ldi. Ta’kidlash lozim, keyingi yillarda parlament hamda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatidagi o‘zgarishlar, xususan, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar rolini kuchaytirish, vakillik organlariga saylangan deputat va senatorlarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar yurtdoshlarimizning ana shu institutlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Shuni alohida qayd etish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida qonunchilikka aynan parlament faoliyati bilan bog‘liq bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, deputatlik maqomi yangi vakolat va huquqlar bilan yanada kengayishi barobarida siyosiy partiyalarning ham «qo‘li uzaytirildi».
Yana bir muhim o‘zgarish: xalqimiz xohish-irodasi asosida qabul qilingan Bosh Qomusimizga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovi bu gal aralash saylov tizimi asosida o‘tdi. Quyi palata deputatlarining 50 foizi, ya’ni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 50 foizi esa proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati (partiya ro‘yxati) asosida saylandi.
Qayd etish joizki, bunday o‘zgarishlar eng avvalo, partiyalar vakolatini yanada kengaytirishga xizmat qildi.
To‘g‘ri, saylovlar yakunida yuz foiz biz kutgan nomzodlar saylanmadi. Bunga raqobat sabab bo‘lyapti.
Endi partiyalar saylovchilar talabiga javob bermagan, partiya g‘oyalaridan uzoqlashib, aloqalarni uzgan deputatlarni chaqirib olib, yangi nomzodlarni ilgari surish huquqiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, bunday o‘zgarishlar saylov jarayonining xalqaro saylov mezoni va standartlariga muvofiq, ochiqlik, oshkoralik, erkin va adolat prinsiplariga mos ravishda o‘tkazilishini ham ta’minlab berdi.
Saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin siyosiy partiyalar o‘z fraksiyalarini shakllantirish, fraksiya rahbari va uning o‘rinbosarini saylashga egallagan partiya taklif qilar, nomzod Prezident tomonidan ma’qullangach, u har ikkala palata vakillari tomonidan tasdiqlanar edi.
Yangilangan Konstitutsiya talabiga ko‘ra, endi Bosh vazir nomzodini Prezident taqdim etadi. Davlat rahbari Bosh vazir nomzodini taqdim etishdan oldin esa parlamentga kirgan partiyalarning fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi. Ya’ni, Qonunchilik palatasi Prezident taqdim etgan nomzodni ko‘rib chiqadi, agar deputatlarning yarmidan ko‘pi nomzodni ma’qullasa, u Bosh vazir lavozimiga tasdiqlanadi.
Ayni paytda siyosiy islohotlarning asosiy bo‘g‘ini sanalgan xalq deputatlari mahalliy kengashlarida ham ish qizg‘in. Yangi saylangan deputatlar o‘z hududlarida ilk sessiyalarini o‘tkazib, mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarini saylamoqdalar.
Guvohi bo‘lganimizdek, shu kungacha barcha hududlarda ilk sessiyalar o‘tkazilib, kengashlarning yangi saylangan deputatlari viloyat, tuman va shahar hokimlarini qayta tasdiqladilar.
Amaldagi qonunchilikka asosan, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimi lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodlargina O‘zbekiston Prezidenti tomonidan taqdim etiladi va partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkazilib, saylanadi.
Bu jarayondagi eng muhim yangilik, shubhasiz, xalq deputatlari viloyat Kengashlariga hokimlarning raislik qilishi amalda bekor qilingani bo‘ldi. Endi Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 120-moddasiga ko‘ra, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallagan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallay olmaydi.
Ma’lumki, partiyamizning 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida mahalliy ijro hokimiyati rahbarini bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi bo‘lishini bosqichma-bosqich bekor qilish taklifi ilgari surilgan edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga aynan partiyamiz tashubbusi bilan ana shunday qo‘shimcha kiritildi.
Kengashlarga saylanadigan rais boshchilik qilishiga oid o‘zgartishlar viloyatlar, Toshkent shahridagi kengashlarga nisbatan kuchga kirgan bo‘lsa, tuman, shahar davlat hokimiyatining vakillik va ijro etuvchi organlarida bu o‘zgarishlar 2026-yil 1-yanvardan boshlanadi. Ushbu tartibdan kelib chiqib, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq sessiyalarda viloyatlar kengashlariga raislar ham saylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev ushbu o‘zgarishga munosabat bildirar ekan, demokratiya sari yana bir muhim qadam tashlanganini, bu fuqarolar bilan maslahatlashib, 2023-yilda referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning yana bir muhim normasi amalda qo‘llanilganligini ta’kidladi.
- Viloyat kengashiga raislik qilish har qanday deputatdan katta hayotiy tajriba talab qiladi. Bu lavozimdagi shaxs xalq dardini o‘z dardi deb biladigan, hayot sinovlarida toblangan, eng asosiysi hududdagi masala va muammolarni yaxshi biladigan, odamlar orasida katta obro‘ga ega, shu bilan birga kun tartibiga dolzarb masalalarni qo‘ya oladigan shaxs bo‘lishi lozim, - deydi Odiljon Tojiyev ijtimoiy tarmoqdagi «post»ida.
Qayd etish joizki, ayni paytda hududlarda o‘tayotgan mahalliy Kengashlarning qo‘shma sessiyalarida Oliy Majlis Senati a’zolari ham saylanmoqdalar.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlis Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan har bir hududdan teng miqdorda - to‘rt kishidan saylanadi.
Senatning to‘qqiz nafar a’zosi esa fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasi hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan tanlanib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Umuman olganda, yangi Senatda 65 nafar vakil faoliyat ko‘rsatadi. Avvalgi tartibga ko‘ra, Senatorlar soni 100 nafar edi.
Kuni kecha ikki chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatgan fraksiyamiz a’zosi Zumrad Bekatova ham Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylandi.
Zumrad Bekatovaning endi Senatda partiyamizning g‘oya va maqsadlarini himoya qilish, saylovoldi dasturimizda belgilangan tashabbuslar ijrosini ta'minlash, elektorat va saylovchilar ishonchini oqlashda yanada faol bo‘lishi, shubhasiz. Zero, partiyamizning eng faol a’zosi quyi palata deputati sifatida ish olib borganda ham ana shunday maqomga ega bo‘lgan kam sonli deputatlarimizdan biri edi.
Xullas, yaqin kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Senat va, albatta, mahalliy kengashlarda yana hayot qaynay boshlaydi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz demokratik taraqqiyotning yangi davriga, sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu esa barcha bo‘g‘indagi deputatlardan o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglashni, amaldagi qonunlarga qat’iy amal qilib, o‘ziga ishonch bildirgan saylovchi manfaati yo‘lida tizimli ish olib borishni taqozo etadi.
Zero, saylov o‘tdi. Endi saylovgacha va saylov paytidagi his-tuyg‘ular, balandparvoz chiqishlar unutilib, millat va mamlakat manfaati birlamchi o‘ringa chiqishi shart. Shundagina xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimizning erkin va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida o‘zini ayamasdan harakat qiladigan, bor bilim va tajribasini Vatan ravnaqi uchun safarbar etadigan fidoyi insonlarni boshiga ko‘taradi. Boshqacha aytganda, endi mavsumiy mas’uliyatga o‘rin yo‘q!
Ravshan MAHMUDOV,
“Milliy tiklanish” muxbiri
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 13-noyabr sonidan olindi