“Yashil” energetika - farovon kelajak, iqtisodiy barqarorlik kafolati


33     14.11.2024

Bugungi kunda butun dunyoda iqlim sharoitining o‘zgarishi, aholi sonining ko‘payishi, sanoatning rivojlanishi natijasida yoqilg‘I - energiya va issiqlikka bo‘lgan talab ortmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyotga erishgan mamlakatlar tajribasidan ma’lumki, davlatlar sanoatlashgani sari, ularning ishonchli elektr energiya ta’minotidan foydalanish darajasi ham oshib boraveradi. Chunki daromad manbaining oshishi o‘rta sinfning rivojlanishi va natijada turmush tarzining yaxshilanishiga bevosita bog‘liq.

Bunday sharoitda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirishning samarali usuli - muqobil energiya manbalaridan foydalanishdir. Quyosh, shamol, suv va boshqa tabiat in’omlaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish jahonda allaqachon ommalashib bormoqda. Qayta tiklanish xususiyatiga ega ushbu manbalar ekologiyaga mutlaqo zararsiz ekani bilan ham insoniyat uchun qadrli.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini isloh qilish, energiya bozorini liberallashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini hamda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, hozirda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 15 foizni tashkil etadi. 2030-yilga qadar O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqishni maqsad qilgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun esa salmoqli ishlar bajarildi. Masalan, “yashil” energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilingan. Shuningdek, har yili 2 gigavattga yaqin quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda. Bu yil oxiriga qadar tarmoqqa qo‘shimcha 2,6 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlari va 300 megavattli energiya saqlash tizimlari ulanadi.

Darhaqiqat, yurtimizda bugun ushbu sohani rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. “Yashil” energetikadan samarali foydalanish masalasi esa kun tartibiga chiqdi. Bu bejiz emas. Chunki “yashil” energetika — qazilma yoqilg‘i sarfisiz, atmosferaga CO va CO2 gazlari chiqarmaydigan va natijada atrof-muhit ekologiyasiga ziyon yetkazmagan holda energiya ta’minotini amalga oshiradigan tuzilmadir. Bunda iste’mol talabi quyosh, shamol, suv, biomassa, vodorod energetikasi kabi muqobil energiya manbalari evaziga qoplanadi.

E’tiborlisi, bu yiliga 3 milliard kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish, ya’ni tejash degani. Bunday hajmdagi gaz bilan esa 1 million xonadonni bir yil davomida ta’minlash mumkin. Yoki shuncha hajmdagi gaz yordamida qo‘shimcha 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistondagi aholining 98 foizini yil davomida elektr bilan ta’minlash uchun yetarli.

Mamlakatimiz “yashil” energetikaga o‘tish iqtisodiyot uchun naqadar ahamiyatli ekanini anglagan holda, so‘nggi yillarda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratmoqda. Boisi, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tayyor bozor va katta imkoniyat ham. Keyingi paytlarda bu borada ko‘plab muhim kelishuvlarga erishilayotgani e’tiborga molik. Masalan, Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29) doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Agar ushbu loyihaning ekologik ahamiyatiga e’tibor qaratsak, uzatiladigan energiya  bu shamol va quyosh energiyasi bo‘lib, qayta tiklanadigan va toza manba hisoblanadi hamda iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi. Shu orqali tomonlar Parij bitimi va Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Baku sammiti davomida Prezidentimiz “yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirilishi, elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablarining yaratalishi hamda “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘kalamzor hududlar keskin ko‘paytirilishini qayd etdi. Albatta, bu tashabbuslar e’tiborga molik.

Binobarin, “yashil” energetikadan to‘laligicha va unumli foydalanish moliyaviy jihatdan har bir xonadon aholisiga daromad keltiradi. Eng muhimi, tabiiy resurslar tejaladi, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar sezilarli darajada kamayadi va asosiysi, tabiatga yetkazilayotgan zarar miqdori pasayadi. Bu orqali avlodlarimiz uchun “yashil” kelajakni ta’minlashga erishamiz.

Mamlakatimizda yashil energetika, ya’ni quyosh va shamol elektr stansiyalari istiqbollari uchun faol ravishda investitsiyalar jalb qilinishi, davlat budjetidan moliyalashtirish ishlari natijasida nisbatan arzon va ekologiyaga zararsiz qo‘shimcha energiya manbalari yaratiladi. Bu orqali energiya iste’molidagi umumiy yuklamaning asta-sekin muqobil energiya manbalari hisobiga normallashib borishiga erishiladi.

Prezidentimiz tomonidan shu yil 7-avgust kuni imzolangan “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun ham bevosita ushbu maqsadlarga qaratilgan bo‘lib, u davlat va xususiy sektorda energiya samaradorligini oshirishga imkon yaratadi.

Mazkur hujjat energiya tejashga yo‘naltirilgan yangi texnologiyalarni joriy qilish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish va ekologik zararlarni kamaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Uning asosiy maqsadi  energiya resurslaridan oqilona va tejamkorlik asosida foydalanish tizimini yaratish.

Qayd etish kerakki, ushbu qonun energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, sohaga xorijiy va xususiy investitsiyalar jalb etishni ko‘paytirish, narx shakllanishining erkin va shaffof mexanizmlarini joriy qilishga asoslangan elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini tashkil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hujjatda energetika xavfsizligini ta’minlash, energiyani tejash hamda samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish tartib-tamoyillari, elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada tejamli va samarali foydalanish vazifalari va qoidalari ham belgilab berildi.

Mazkur qonun bilan nafaqat energiya sarfini qisqartirish, balki ekologik holatni yaxshilash va mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash ham maqsad qilingani e’tiborga molik. Shu ma’noda, ushbu hujjat energiya resurslari xarajatlarini yanada optimallashtirishga xizmat qilishi barobarida energiya iste’moli samaradorligi tizimli monitoringini amalga oshirish uchun huquqiy poydevor yaratadi.

 Farhod ZAYNIYEV,

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati