Yangiliklar


466   31-01-2022

Barcha muammolar iqtisodiy taraqqiyot orqali hal qilinadi

Keyingi besh yillikda O‘zbekistonda amalga oshiriladigan islohotlarning dasturulamali bo‘lib xizmat qiladigan “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.

Taʼkidlash lozim, “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” g‘oyalar asosida ishlab chiqilgan ushbu Farmonni takomilga yetkazishda har galgidek xalqimiz ham faol ishtirok etdi. O‘tgan yilning 30-dekabridan joriy yilning 15-yanvariga qadar  jamoatchilik muhokamasiga qo‘ylgan farmon loyihasi bo‘yicha aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olindi. Ular tasniflanib, umumlashtirilishi natijasida dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan to‘ldirildi. Albatta, bu xalqimizning islohotlarga bo‘lgan ishonchi va davlatimiz kelajagiga daxldorligidan dalolatdir.

Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish surʼatlarini taʼminlash, shubhasiz, Taraqqiyot strategiyasining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Chunki bugun mamlakatimiz uchun eng ustuvor bo‘lgan masalalar – tinchilikni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikka barham berish, tadbirkorlikni rivojlantirish, pirovardida xalqimiz farovonligini taʼminlash iqtisodiy taraqqiyot bilan hal qilinadi.

Davlatimiz rahbari 26-yanvar kuni O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu haqda shunday degan edilar:

– Hech kimga sir emas – bugun jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash eng muhim vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasi bo‘lib turibdi. Faqat barqaror iqtisodiyotgina ijtimoiy muammolarni hal etish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Taraqqiyot strategiyasida kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 mlrd. dollardan oshirish maqsad qilingan bo‘lib, bunda raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver”ga aylantirish belgilangan. Chunki bugungi globallashuv jarayonida O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mutaxassislar ham joriy yilda dunyo YAIMning qariyb chorak qismi raqamli sektorga to‘g‘ri kelishini prognoz qilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot YAIMni kamida 30 foizga oshiradi, shuningdek, xufyona iqtisodiyotga barham beradi. 

Investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 mlrd. AQSH dollari, jumladan, 70 mlrd. dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish belgilangan. Mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish orqali esa 2026- yilda eksport hajmini 30 mlrd. dollariga yetkazish maqsad qilingan.

Maʼlumki, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda mutlaqo yangi tizim yaratildi. Bu boradagi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda. Shundan kelib chiqib, strategiyada tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda xususiy sektorning YAIMdagi ulushini 80 foizga, eksportdagi ulushini esa 60 foizga yetkazish belgilangan.

Turizm dunyo iqtisodining eng tez rivojlanayotgan sohalaridan biri bo‘lib, ko‘plab mamlakatlar uchun katta daromad manbaiga aylandi. Mamlakatimiz ham sayyohlik bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Yurtimizda yetti mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud va ularning 200 ga yaqini YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, betakror tabiatimiz, go‘zal dam olish maskanlarimiz yangi turistik yo‘nalishlar ochish imkonini beradi.

Taraqqiyot starategiyasida bu borada ham ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 mln. nafardan oshirish, xorijiy turistlar sonini esa 9 mln. nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Albatta, bu maqsad va vazifalar shunchaki belgilanmagan. Xalqimizga xos bo‘lgan fazilat – yetti o‘lchab bir kesilgan. Yettita ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsadni birlashtirgan strategiyaning moliyaviy manbalari ham belgilangan. Shu bilan birga, ijroning aniq sanasi va masʼullar ham tayin qilingan. Demak, endigi maqsad barcha kuchlarni birlashtirib, xalqimiz farovonligi, davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ezgu maqsadlar hayotiyligini taʼminlashdir.

 

Jamshid QOSIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi aʼzosi