Yangiliklar


203

Agrar sohada yangi texnika va tejamkor texnologiyalar keng joriy etiladi

Keyingi yillarda mamlakatimizda agrar sohani rivojlantirish, uni bozor talablariga moslashtirish, yer unumdorligini oshirish, tarmoqqa ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, dunyoda tan olingan xo‘jalik yuritishning yangi shakllaridan keng foydalanish, dehqon va fermerlar mehnatini munosib qadrlash, rag‘batlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ham sohani yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga bozor mexanizmlarini joriy etish, agrar sohada yillik o‘sishni oshirish bo‘yicha ustuvor vazifa va maqsadlar belgilanmoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Taʼkidlash joiz, Yangi O‘zbekistonda globallashib borayotgan dunyoda yuzaga kelayotgan chaqiriqlarga javob berish hamda o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab olishga dastur bo‘ladigan strategiya ishlab chiqildi. Bu hujjatning o‘ziga xosligi shundaki, bu tor doiradagi mutaxassislar jamoasi tomonidan emas, balki keng jamoatchilikning ilg‘or fikr va takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgani, jamiyat rivoji, xalqimiz farovonligini taʼminlaydigan sohalar bo‘yicha maqsadlar qo‘yilib unga erishish bo‘yicha vazifalar, manbasi va maʼsullari aniq belgilangani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Videoselektor yig‘ilishida jamiyatimizda ijtimoiy muammolarni hal qilishda barqaror iqtisodiyotni shakllantirish asosiy omil ekanligi Prezidentimiz tomonidan taʼkidlab o‘tildi.

Tarraqqiyot strategiyasida aholimizni arzon va sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash bo‘yicha ham aniq maqsadlar belgilangan. Bu o‘z navbatida, xalqaro tashkilotlar prognozida ko‘zda tutilayotgan yaʼni, 2022-yilda oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, sabzavot va mevalar narxi keskin oshishi va tarixiy rekordlarni yangilashi mumkinligi to‘g‘risidagi chaqiriqlarga o‘z vaqtida ishonchli javob berish imkonini beradi. Xususan, taraqqiyot strategiyasida ilm-fan va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali dehqon va fermerlar daromadini 2 baravar oshirib, agrar tarmoqda yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.

Shuningdek, taraqqiyot strategiyasining 2022-yilda amalga oshirilishi belgilangan vazifalarida sabzavot ekinlarini 157,4 ming gektarga ekish hamda o‘rtacha hosildorlikni 234 sentnerdan 260 sentnerga, kartoshka uchun asosiy maydonlarni 22 ming gektarga oshirib, 71,8 ming gektarga hamda hosildorlikni 210 sentnerdan 230 sentnerga yetkazish, poliz ekinlarining asosiy maydonlarini 13,8 ming gektarga oshirib, 103,5 ming gektarga hamda hosildorlikni 170 sentnerdan 200 sentnerga yetkazish, qoramollar bosh sonini 14,5 mln. boshga yetkazish belgilanmoqda.

Joriy yilning o‘zida meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish bo‘yicha katta marralar olinib, paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan 80 ming gektar maydoni fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladi. Bu esa kamida 320 ming nafar aholimizni ish bilan taʼminlaydi, bozorlarimizni arzon va sifatli oziq ovqat bilan to‘ldirib xalqimiz farovonligiga katta xissa qo‘shadi.

Xulosa qilib aytganda, taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga, agrar sohani modernizatsiya qilishga, sohada yangi texnika va tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishga, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish tarkibini tubdan yangilashga xizmat qiladi.

 

Aʼzamjon TO‘LABOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati