Yangiliklar

438 01-02-2022
Deputat loy kechib, "qil ko‘prik"dan o‘tdi va...
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi Zafar Abdirimov Yangibozor tumani Yangiobod mahallasida bo‘lib, 63-sonli oilaviy poliklinikaga qarashli tez yordam punktining haqiqiy holati bilan tanishdi.
Buning uchun deputat avvalo "Tozado‘rman» mahallasi ko‘chalarida loy kechib, "qil ko‘prik"dan o‘tdi. So‘ngra aholining haqli eʼtiroziga sabab bo‘layotgan shifo maskaniga bordi.
– Odamlarning shikoyat qilganicha bor ekan, tez yordamning o‘zi bugun tez yordamga muhtoj. Punktga "tez yordam" mashinasi ajratilmagan, bino butunlay taʼmirtalab, sharoitlar yo‘q hisobi. Yakkasaroyning loy ko‘chasidan esa yurib bo‘lmaydi. Lekin chekka qishloqlardagi haqiqiy holatni o‘rganmoqchi bo‘lsak, loy kechishimiz kerak, – dedi deputat Z.Abdirimov.
Deputatning bildirishicha, muammolarning barchasi qog‘ozga tushirildi va ularni tezroq hal qilish uchun quyi emas, “yuqori” idoralar bezovta qilinadi. Odamlar vaʼda emas, hamon amaliy natija kutyapti.