48 19.11.2024
Bu safar parlament saylovlarida O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi: Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 38 foizini xotin qizlar tashkil etdi
Albatta, bu shunchaki qayd etiladigan raqam emas. Bu mamlakatimizda nafosat va go‘zallik timsoli – ayollarga bo‘lgan e’tibor yildan-yilga kuchayayotganidan dalolat. Zotan, donishmand xalqimiz ayollarni hamisha e’zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatgan. Ayolini e’zozlagan yurtning poydevori mustahkam bo‘lishini ta’kidlab kelgan.
Kecha deputat sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida ishtirok etib hamda unda Prezidentimiz nutqini eshitib, isbot talab qilmaydigan ushbu haqiqat ro‘yobiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Nafaqat quyi palatada, umuman, mahalliy kengash deputatlari orasida ham ayollarning ko‘payib borayotgani bejiz emas. Tan olishimiz lozim, ayni paytda aksariyat opa-singillarimiz har jabhada, hatto oila va farzandlar ta’lim-tarbiyasidagi mas’uliyatni ham erkaklarga qaraganda ko‘proq zimmasiga olyaptilar. Muammolarni yurakdan his qilib, ularni hal qilish yo‘lida mardonavor kurashishyapti.
Bu ayni paytda opa-singillarimizning barcha soha va tizimlarda faollashayotganlarida ham ko‘rinyapti. Bahs, munozara va raqobat haqida gap ketganida Davlatimiz rahbarining saylovlardagi sog‘lom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga ko‘chib o‘tsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qiladi degan gaplari bejizga aytilmadi, deb o‘ylayman.
Endigi vazifamiz esa partiyamiz fraksiyasi a’zosi sifatida dasturimizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, islohotlar va o‘zgarishlar jarayonida bevosita ishtirokini ta’minlash, ulardagi daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar hayotiyligini ta’minlashdan iboratdir. Zero, deputat uchun xalq ishonchini oqlash har narsadan ustun.
Vasila FAYZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 19-noyabr sonidan olindi