Yangiliklar

425 02-02-2022
Taʼlimdagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 yanvar kuni maktab taʼlimini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi va taʼkidlash lozim, ushbu yig‘ilish sohada yillar davomida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga yechim topishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz.
Maʼlumki, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berish, ularni har tomonlama maʼnan va jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetishi, Vatanparvar ruhda o‘sishida maktabning o‘rni beqiyos. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot bilimda. Ayniqsa, bugun yangilanayotgan O‘zbekiston shiddatkor islohotlar jarayonida yetuk, bilimli, malakali yoshlar kuchiga tayanmoqda.
Deputat sifatida ko‘p maktablarda bo‘lamiz, ota-onalar, o‘qituvchilar bilan gaplashamiz. O‘rganishlarda maktablardagi sharoitlar har xil ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Yaʼni, qaysidir maktab zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan, ayrimlarida esa sharoit yo‘q. Lekin shunday maktablar borki, davlatning “qo‘liga” qaramay, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanib, mustaqil ravishda sharoitlarini havas qilarli darajada yaxshilab olgan. Albatta, bu maktab direktorining zamon bilan hamnafas ishlayotganidan dalolat.
Yig‘ilishda Prezidentimiz ushbu masalaga ham to‘xtalib, tuman xalq taʼlimi bo‘limlariga mudirlik va maktab direktorligiga tanlov asosida malakali menejerlarni olib kelish taklifini ilgari surgani ham shundan.
Videoselektorda o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va sanʼat to‘garaklarini faollashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
O‘rganishlarimizdan maʼlum bo‘ldiki, ko‘plab maktablarda o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yetarli sharoit yaratilmagan. Shu bois, deputatlik vakolatimiz doirasida bunday muammolarni hal qilishga ko‘proq eʼtibor qaratib kelyapmiz.
Shu o‘rinda qayd etish lozim, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Toshkent shahar va tuman Kengashlaridagi deputatlari saʼy-harakati bilan poytaxtimizdagi ko‘plab maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, mahallalarda sport maydonchalari qurildi, sport jihozlari bilan taʼminlandi. Chunki yoshlar jismonan sog‘lom bo‘lsa, berilayotgan bilimlarni ham ko‘proq va yaxshi o‘zlashtira oladi.
Bugun mamlakatimiz taʼlim tizimi yana-da muhim o‘zgarishlar arafasida turibdi. Chunki Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham bu borada ustuvor vazifalar belgilangan. Prezidentimiz eʼtirof etganidek, “Taʼlim-tarbiya – bu bizning kelajagimiz, hayot-mamot masalasi. Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Chunki biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz”.
Otabek JIYANBAYEV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi,
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati