Zimmadagi mas’uliyat o‘n karraga oshdi


98     19.11.2024

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasini eshitib, deputat zimmasidagi mas’uliyat o‘n karra ortganini his qildim.

Boshqalarni bilmadimu, ammo Davlatimiz rahbarining ushbu tarixiy ma’ruzasi men uchun haqiqiy motivatsiya bo‘ldi. Ya’ni, kechaning o‘zidayoq keyingi besh yillik faoliyatimni belgilab oldim desam xato bo‘lmaydi.

Ishonchim komilki, Yurtboshimiz o‘tgan besh yil davomida quyi palata samarali faoliyat ko‘rsatganini e’tirof etish bilan birga, xalq vakillari e’tiboridan chetda qolgan masalalarga, shuningdek, quyi palataning yangi tarkibi oldida turgan ustuvor vazifalarga bejiz to‘xtalmadilar.

Majlisda deputatlar endi bilim va tajribalarini tinimsiz oshirib, mas’uliyatni chuqur his etgan holda yanada ko‘proq mehnat qilishlari, puxta bilim, professional malaka, yuksak fazilat va tafakkurga ega bo‘lgan xalq vakiligina quruq gap va populizmdan yiroq bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Prezident partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidladilarki, bundan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Aytmoqchimanki, demak partiyamizning maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, farzandlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularga ona tili va chet tillarni o‘rgatish uchun yanada keng sharoitlar yaratishga oid takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Yana shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, tarixiy taraqqiyot va milliy qadriyatlarga asoslangan Yangi O‘zbekiston rivojlanishi yo‘lida har birimiz xalq dardini, o‘z saylov okrugimizdagi saylovchilarning muammolarini his etgan holda aniq maqsad hamda yechimlar yuzasidan uyg‘oq turuvchi xalq mayog‘i bo‘lishimiz lozimligini chuqurroq angladim.

Zero, Davlatimiz rahbari qayd etganlaridek, o‘ttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistondek katta davlatning parlamenti a’zosi bo‘lish, shubhasiz, har birimiz uchun ulkan sharafdir.

Maxsud MUHAMMЕDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 19-noyabr sonidan olindi