Pirovard maqsad – O‘zbekistonni rivojlantirish


227     21.11.2024

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi tarixiy majlisida Davlatimiz rahbari "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining taʼlim tizimi rivoji bilan bog‘liq tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, barcha islohotlar, taqdirimiz va istiqbolimiz, eng avvalo, maktabga va muallimlarga, umuman, ushbu soha rivojiga chambarchas bog‘liq ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, millat yetakchisi tomonidan yosh avlodni qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularga ona tili va chet tillarini o‘rgatish uchun keng imkoniyat va qulay sharoitlar yaratishga oid takliflarimiz ham muhim ekani, aynan shu yo‘l bilangina farzandlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalash uchun mustahkam poydevor yaratilishiga eʼtibor qaratdi.

Zero, bugungi globallashayotgan dunyoda hayot-mamot masalasiga aylangan taʼlimsiz taraqqiyot, ilm-fansiz esa yuksalish bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekiston islohotlarning zamiriga ham aynan taʼlim tizimi asos qilib olingani bejiz emas.

Yangi O‘zbekiston islohotlarining yangi davri, yangicha yondashuvlar va yangi huquqiy makon haqida gap ketganida, Davlatimiz rahbari o‘tgan besh yil davomida quyi palataning samarali faoliyati bilan birga, dolzarb masalalar eʼtibordan chetda qolayotganini ham qayd etdi.

Albatta, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar, jumladan, qonunlar sifati, parlament nazorati masalasi, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati asosan uchrashuvlar, shikoyat va savollarga javob berish bo‘lib qolayotgani haqidagi mulohazalardan deputatlar bilan bir qatorda, biz – siyosiy partiyalar ham tegishli xulosalar chiqarishimiz kerak.

Majlisda yangi saylangan deputatlar oldida turgan ustuvor vazifalar ham tilga olinib, yangi davrda parlament chinakam xalq uyiga, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerakligi, shuningdek, parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Biz muxoliflik deganda parlamentda partiya fraksiyalarini qonunlar yoki Hukumat qarorlarini muhokama qilishdagi tortishuvini tushunamiz. Bunday tortishuvlar millat va mamlakat manfaati yo‘lida konstruktiv tarzda kechadi, pirovard maqsadimiz esa O‘zbekistonni rivojlantirish, xalqimiz farovonligini oshirishga qaratiladi, albatta.

Biz partiyalararo yoki g‘oyalar masalasida konstruktiv qutblashishga qarshi emasmiz, lekin milliy taraqqiyotga xizmat qiluvchi maqsadlarimiz yagona va bahs-munozaralarsiz kechishi kerak!

Maʼlumki, endi yangi parlament quyi palatasida 12 ta emas, 10 ta yangilangan qo‘mita faoliyat yuritadi. Ko‘pchilik hamkasblarimiz taʼkidlaganidek, bu nihoyatda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Har bir qo‘mita qoshida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi ham yaxshi samara beradi, degan umiddamiz.

Shu o‘rinda yana bir masalaga alohida eʼtibor qaratmoqchiman: bundan buyon Davlat rahbarining partiya raislari bilan ular istagan vaqtda muloqot qilish uchun tayyorligi hamda mahalliy byudjetlarga daromad solig‘ining 50 foizini qoldirish haqidagi takliflarini partiyalar uchun katta yutuq sifatida olqishlash kerak.

Yana bir muhim o‘zgarish: endi fraksiya rahbarlari qonunga muvofiq Spikerga o‘rinbosarlik qilmaydi. Bu esa shubhasiz, fraksiya faoliyatini yanada erkinlashtirish va asosiy eʼtiborni saylovchi – elektorat manfaatiga qaratishga imkon beradi.

Alisher QODIROV,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari