Yangiliklar


432   03-02-2022

Inson qadri indekslarda

“Inson qadri uchun” tamoyili asos qilib olingan Taraqqiyot strategiyasi davlat va jamiyat hayotining barcha qirralarini qamrab olib, islohotlar yakunida rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Inson qadri, uning qimmati, manfaatlari, huquq va erkinliklarini taʼminlash, taʼlim va sog‘liqni saqlash, ijtimoiy hayotning boshqa yo‘nalishlari asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Albatta, olib borilayotgan islohotlarimiz inson uchun, uning qadri uchun qaratilgan ekan, bosib o‘tgan davrimizga nisbatan qiyosiy baholash orqali amalga oshirilgan ishlarimizga baho berib, ko‘nglimizni to‘q qilib turishimiz mumkin. “Ha-a, mana yaxshi ishlar olib boryapmiz, xalqimizning ko‘nglidan chiqyapmiz, odamlar bizdan rozi bo‘lsin”, qabilida ish tutish ham mumkin. Lekin aslida qanday? U talab darajasidami, yo‘qmi?

Shu sababdan ham bugun mamlakatimizda insonlar uchun yaratilayotgan sharoitlarni baholashda xalqaro darajaga mos bo‘lgan ko‘rsatgichlar bilan baholash tizimini joriy etish maʼqul ko‘rilmoqda. Dunyoda qo‘llanilayotgan indekslarga o‘xshash indekslardan foydalanish olib borayotgan ishlarimiz maromini ko‘rsatadi. Yutuqlarimiz nimalardan iborat, qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda, yechimini kutayotgan muammolar nimalardan iborat kabi savollarga javob beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Toshkentdagi mahallalarda aholi muammolarini o‘rganish uchun Inson qadri indeksini joriy etilishi islohotlar o‘zanini rostlab turish imkonini yaratadi, deb baralla taʼkidlashimiz mumkin. Indeks 8 ta ko‘rsatgichdan iborat bo‘lib, sog‘liqni saqlash, taʼlim, xavfsizlik, bandlik, daromad, harakatchanlik, demografiya, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikdek o‘ta muhim mezonlarni qamrab olgan.

Mazkur indeks bizni orqada qolayotgan mahallaga yo‘naltiradi, undan muammosi ko‘proq bo‘lgan ko‘chaga boshlaydi, qaysi fuqaro yoki xonadon bilan birinchi navbatda ishlash kerakligini ko‘rsatadi. Islohotlarimiz umumiylikdan individuallik sari tamoyilga xos tus oladi. Yomondan yaxshi tomonga qarab borish aholimizning hech bir fuqarosi yoki oilasi eʼtibordan chetda qolib ketmasligini kafolatlaydi.

Taklif etilayotgan indeksning islohotlar davridagi afzalliklari istiqbolda mamlakatimizning barcha hududlarida, mahallalarida joriy etilishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi. Baland tog‘ qishloqlari, olisda joylashgan ovullarda ham amalga oshirilayotgan islohotlarning inson qadrini taʼminlashdagi natijasi indeks ko‘rsatkichlari asosida baholanadi, tegishli choralar belgilanadi.

Mazkur indeksning muhim jihatlaridan biri – bu aholimizga amalga oshirilayotgan islohotlarni baholab borish imkoniyatini yaratadi. Bu esa o‘z navbatida hukumatning masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi. Zero, islohotlar natijasi o‘zaro hamkorlikda yaqqol ko‘zga tashlanadi.  

 

O‘rol HAITOV,

partiya Markaziy kengashi xodimi