Yangiliklar


403   04-02-2022

Taʼlimsiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi

Yaqinda mamlakatimiz rahbari raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yurtimiz kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bog‘liq ekani taʼkidlandi va taʼlim tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirish zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi. O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish ham aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgani bejiz emas. Taʼlim-tarbiyaga barcha zamonlarda najot yo‘li sifatida qaralgan.

Ilm bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Ilmli kishi madaniyatli va maʼrifatlidir, u jamiyat rivojiga hissa qo‘sha oladi, kashfiyotlarning zamini ham bilimdadir. Yaʼni, jamiyat taraqqiyotini ilmli insonlar belgilaydi. Buning uchun esa, albatta, shart-sharoit, imkoniyatlar yaratilishi kerak.

Yig‘ilishda Yurtboshimiz bugungi maktablarda taʼlim-tarbiyani mukammal darajada yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlar yetarli emasligi, mamlakatimizdagi barcha maktablarni isloh qilish zarurligini taʼkidladilar.

Men ham deputat sifatida o‘zim saylangan hududga borib, taʼlim maskanlari faoliyati bilan tanishganimda hali bu sohada hal qilinmagan muammolar juda ko‘pligiga guvoh bo‘lganman. Ayrim maktablarda sinfxonalar yetishmasligi, talab darajada jihozlanmagani, laboratoriyalar, sport zali yo‘qligi oddiy holatga aylangandi. Shuncha yetishmovchiliklar bilan farzandlarimiz risoladagidek taʼlim olmagani kamdek, ayrim o‘qituvchilar ham talab darajasida bilim berolmayotgani haqiqat.

Prezidentimizning maktablarni hozirda mavjud bo‘lgan o‘z o‘rnida yoki yaqinida qo‘shimcha binolar qurish haqida bildirgan fikrlarini ham alohida eʼtirof etish joiz. Chunki o‘quvchilarning o‘z mahallasidan olis hududga qatnab o‘qishi ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqaradi.

Darsliklarni qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlash, izlanishlari uchun sharoit yaratish ham muhim masalalardan sanaladi. Ko‘pincha darsliklar yetishmaydi degan fikrlarga duch kelamiz. Darslik yetishmagan joyda o‘quvchi qanday qilib fanlarni o‘zlashtiradi?

Ha, bugun taʼlim sohasini rivojlantirish xususida gap ketar ekan, qator savollarga duch kelamiz. Savollarga javobni esa Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalardan topamiz.

Bu boradagi vazifalarni bajarish uchun esa faqat taʼlim sohasi xodimlari emas, balki barcha darajadagi rahbarlar jon kuydirishi lozim. Deputatlar ham taʼlim maskanlari faoliyat bilan yana-da chuqurroq tanishib, nimalarga eʼtibor qaratish zarurligini aniqlashi va qonunchilik tashabbusi orqali muammolarni hal qilish choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq.

 

Muborak AHMEDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati