Yangiliklar

420 07-02-2022
Yangi kodeks fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatidir
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Xo‘sh, hajmi jihatidan katta, jamiyat hayotining barcha jabhalariga maʼlum maʼnoda daxldor bo‘lgan mazkur hujjatni qabul qilish zaruriyati nimalardan iborat ?
Maʼlumki, 1994-yil 22-sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi fuqarolarimizning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilish borasida samarali xizmat qildi. O‘tgan davr mobaynida kodeksdagi normalar zamonga moslab takomillashtirib borildi. Xususan, unga 170 ga yaqin o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, 250 dan ortiq yangi prim moddalar qo‘shildi.
Lekin, maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, jabrlanuvchi arizasiga asosan yuritiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni tugatish tartibini tatbiq etish, maʼmuriy jazo choralari tizimini liberallashtirish hamda maʼmuriy javobgarlikka tortishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar toifasini maqbullashtirish bugungi kun talablaridan biridir. Shundan kelib chiqib, yangi kodeks loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat bilan taklif etilayotgan tartiblar asosan fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangi kodeks loyihasida fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, aybsizlik prezumpsiyasi, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi va ishlarning oshkora ko‘rilishi prinsiplariga asoslanishi belgilab qo‘yilmoqda. Shaxsning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishda aybdorligi isbotlanguniga, vakolatli davlat organining (mansabdor shaxsning) qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanishi, hech kim o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi hamda barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning foydasiga hal qilinishi lozimligi kabi konstiututsion qoidalar kiritilmoqda.
Amaldagi kodeksda maʼmuriy huquqbuzarlikni belgilash vakolati maxalliy hokimliklarga xam berilgan edi. Yangi kodeks loyihasi bilan bunday qoida chiqarib tashlanib, maʼmuriy jazo choralari faqat kodeks bilan belgilanishi to‘g‘risidagi tartib mustahkamlanmoqda. Maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish tartibi ilg‘or xalqaro amaliyotdan kelib chiqib takomillashtirilmoqda. Xususan, huquqbuzarlikka oid ish yuritish tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etishning huquqiy asoslari yaratilib, amaldagi kodeksda mavjud bo‘lmagan isbot qilish, dalillar taqdim etish, xolislar, ekspertiza tayinlash, sud majlisini videokonferensiya tarzida o‘tkazishga oid yangi tartiblar joriy etilmoqda.
Shuningdek, huquqiy jihatdan tartibga solinmagan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda rad qilish asoslari va tartibi, maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qabul qilingan qarorga nisbatan qo‘yiladigan talablar va boshqa huquqni qo‘llash amaliyotidagi muhim masalalarga oid qoidalar ochib berilmoqda.
Fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligi va sansalorligining oldini olish, davlat organlari xodimlarining vaqti hamda resurslarni tejash maqsadida maʼmuriy huquqbuzarliklarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish hamda yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan ish yuritish tartiblarining huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, maʼmuriy jazo choralari tizimi takomillashtirilib, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan “maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish”jazosi kodeksdan chiqarilmoqda. Maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish tizimi takomillashtirilib, korrupsiya holatlariga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish maqsadida huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida naqd pulda jarima undirish tartibi bekor qilinmoqda.
Bundan tashqari, maʼnan eskirgan, amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan yoki bo‘lmasa fuqarolik va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan moddalarini ham ko‘rib chiqishni zamonning o‘zi taqazo etayotgan edi. Shu sababli amaldagi kodeksda belgilangan 33 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklar kodeksning yangi loyihasidan chiqarilmoqda.
Ijtimoiy munosabatlarni tartibiga solish zaruriyati, yaʼni obyektiv ehtiyojdan kelib chiqib, 12 ta yangi turdagi huquqbuzarlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Xususan, oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish yoki bo‘lmasa majburiy energetik tekshiruvlar va ekspertizalar o‘tkazmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Qatʼiy maʼmuriy jarimalar qayta ko‘rib chiqilib, ularning minimal va maksimal miqdorini belgilash orqali jarimalarni pasaytirgan holda amaldagi jazolar liberallashtirilmoqda.
Kodeks loyihasini ikinchi o‘qishda takomiliga yetkazish borasida deputatlar va masʼul qo‘mita keng ko‘lamli tahlillarni amalga oshirishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishini taʼminlash borasida normalarni yana-da takomillashtirish choralarini ko‘rishi lozim bo‘ladi.
Sherzod TO‘XTASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati