Yangiliklar

408 08-02-2022
Ajrim muammosini boshdan kechirganlar «aliment fondi»ning tashkil etilishini yagona yechim, deb hisoblamoqdalar
Xalqimizning azaldan oilani muqaddas bilib, farzand tarbiyasiga muhim vazifa sifatida qarashi, shubhasiz, azaliy qadriyatlarimizdandir. Ammo ming afsuski, bugun ana shu qadriyat darz ketib, u go‘yo jar yoqasiga borib qolgandek. Buni ko‘proq yosh yigit-qizlarimizning oilaga yengil-yelpi qarayotganlarida ko‘ryapmiz. Tan olaylik, ayni paytda ko‘pgina yoshlar oila qurishga majburiyat, ajrashishga esa mavjud muammoning yechimi sifatida qaray boshladilar.
Ayni paytda, juda katta ko‘rsatkichlarda aks etayotgan oilaviy ajrimlarning oshib borayotgani, yosh ota-onalarning esa to‘liqsiz oilada o‘sayotgan bolalar taqdiriga haddan tashqari yengil munosabatda bo‘layotganlarini ko‘rish nihoyatda og‘riqlidir. Hatto, oramizda o‘z farzandi uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan otalar uchrayotgani, jamiyatda ana shunday holatlarga guvoh bo‘layotgan butun bir avlod shakllanayotgani millatimiz, jamiyatimiz uchun isnod, albatta.
Xo‘sh, maktabni bitirar-bitirmas pul topish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urayotgan, oilaning og‘irini yengil qilish maqsadida o‘z orzularidan ham voz kechayotgan yoshlar ertaga qanday ota-ona bo‘ladilar?
Albatta, bunday muammolarning ming bitta sabablari bor. Mutaxassislarning fikricha, aksariyat hollarda ajrashishga jazm qilgan er-xotinning mol-mulk yoki farzandlarni bo‘lib olish tufayli kelib chiqadigan nizolar, ajrimga ariza berish uchun to‘lanadigan davlat bojini to‘lashga mablag‘i yo‘qligi ajrimlar jarayonining hatto besh yilga cho‘zilishiga olib kelayotgan ekan. Baʼzan esa qonuniy ajrashmasdan turib, boshqa oilaga “asos” solinayotgani ham ajrim mojarosi atrofidagi janjallarni kuchaytiryapti. Xo‘sh, ajrimgacha bo‘lgan vaqtda yosh bolasi (yoki bolalari) bilan ishsiz qolgan ona (ko‘p hollarda bolalar ona bilan qoladi) davlat tomonidan beriladigan nafaqa evaziga qanday kun ko‘radi?..
Qayd etish joizki, ko‘pincha ajrimga qadar borar joyi yo‘q ayollar qo‘lidagi bolasi bilan mahalla idorasiga moddiy yordam, uy-joy so‘rab chiqadi, bunday xotin-qizlarning ajrimdan tashqari ham ming bitta muammosi borligi hech kimga sir emas. Yaqinda bir ayol 3 nafar farzandi bilan ikki yildan beri akasinikida yashayotganini, mahallaga chiqib, bolalariga nafaqa puli so‘rasa, bu manzilda doimiy ro‘yxatda turmasligini, doimiy ro‘yxatda turgan sobiq turmush o‘rtog‘ining mahallasiga borsa, ikki yildan buyon bu yerda yashamasligini bildirib, sarson qilayotganlarini gapirib berdi.
– Xo‘jayinim allaqachon uylanib, farzandli bo‘lgan, aliment pulini ham to‘lamaydi. Ajrimga beray desam, pulim yo‘q. Ishlay desam, bolalarim hali yosh. Akamning topganiga sherik bo‘lib, unga yuk bo‘lishdan esa uyalyapman. Xorijga chiqib ishlash haqida ham o‘yladim. Ammo bolalarimni ko‘zim qiymadi, – deydi N.K ismli ayol.
Bunday holatlarga qonuniy yechim topish esa afsuski, ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi. Ana shunday qiyinchiliklar oldida irodasizlik qilib, o‘z joniga qasd qilayotgan yoki nopok yo‘llarga kirib qolayotgan ayollarimiz qancha? Yaqinda xizmat safari bilan Latviyada bo‘ldik. Maʼlum bo‘lishicha, ularda bu kabi holatlarda ajrim xolatiga qadar bolalar uchun davlat tomonidan aliment puli to‘lab berilar, bu pul keyinchalik aliment to‘lovchidan undirilar ekan. Bu tajriba bizda ham amaliyotga tatbiq etilib, partiyamiz tomonidan ilgari surilgan «Aliment fondi» tashkil etilsa, ajrimlarda hech bir aybi bo‘lmagan qanchadan-qancha murg‘ak go‘daklarning qorni to‘q, usti esa but bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, onalik va bolalikni muhofaza qilish maqsadida ajrim yoqasidagi oila farzandlariga keyinchalik alimentchidan undirib olish sharti bilan davlat byudjetidan moddiy yordam puli ajratish vaqti keldi, menimcha. Shuni tan olaylikki: butunlay taʼminotsiz qolgan ona va bolalarda jamiyatga, davlatga nisbatan alam va nafrat tuyg‘usi paydo bo‘lishi tabiiy hol. Baski Prezidentimiz tomonidan «Inson qadri uchun» tamoyili ilgari surilayotgan ekan, ushbu ezgu g‘oya ijrosi uchun, eng avvalo, qonunlarimiz hayot talablariga moslashtirilishi kerak.
Shohsanam KULIYEVA,
xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati
"Milliy tiklanish" gazetasining 2022-yil 2-fevral sonidan olindi