271 29.11.2024
UzАning xabar qilishicha, Bank-moliya akademiyasi tashabbusi bilan “Islom moliyasi orqali moliyaviy ommaboplikni oshirish: mavjud salohiyat va rivojlanish istiqboli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o‘tkazilibdi.
Taʼkidlanishicha, sohaning yetakchi olimlari, mahalliy va xorijiy moliya institutlari vakillari ishtirok etgan tadbirda Islom moliyasi bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni o‘rganish, mamlakat moliya tizimida yangi yondashuvlar joriy qilish, bu borada xalqaro tajriba, innovatsiya va xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinibdi.
Maʼlumki, keyingi yillarda bugun dunyoda Islomiy moliya tizimiga qiziqish keskin oshayotir. Ushbu tizim foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni ko‘zda tutishi bilan eʼtibor tortyapti. Yaʼni, bu sheriklik asosidagi moliyalash tizimi bo‘lib, daxlsizlik, shartnoma majburiyatlariga rioya qilish, tavakkalchiliklar, foyda va daromadlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlik hamda ijtimoiy adolatning muvofiqlik tamoyillariga asoslanadi.
Аnʼanaviy banklar esa pulni sotish, yaʼni mijozga foiz evaziga maʼlum muddatga berish mumkin bo‘lgan faoliyat bilan shugʼullanadilar. Islomiy moliyada esa muvaqqat berilgan mablag‘ini yo‘qotish xavfi minimallashadi. Chunki qarz ham, uning foizi ham loyihaning qanday natija bilan tugashidan qatʼi nazar garov vositasida kafolatlanadi. Sodda qilib aytganda, anʼanaviy banklar foyda orqali idora etilsa, islomiy bank ruxsat va taqiq mezonlari orqali boshqariladi.
Mamlakatimiz aholisining 90 foizidan ortig‘i Islomga eʼtiqod qilgani uchun ham 15-20 foizga yaqin aholi anʼanaviy kreditlash tizimidan foydalanishni istamaydi. Muqobil kreditlash tizimi orqali esa aynan ushbu qatlam ham qamrab olinishi mumkin. Bu ana shu qatlam omonatlarini iqtisodiyotga jalb etish imkoniyatini yaratish bilan birga xufiyona iqtisodiyotni kamaytirish, eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, qadriyatlarga tayangan taraqqiyot g‘oyasini ilgari surayotgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida anʼanaviy moliya tizimiga muqobil ravishda sherikchilikka asoslangan kreditlash mexanizmini joriy etish taklifi ilgari surilgan edi.
Partiya Markaziy kengashi raisi Аlisher Qodirovning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda allaqachon joriy etilishi kerak bo‘lgan ushbu tizimni amaliyotga tatbiq etish chindan ham qiyin kechyapti. Vaholanki, bugunga kelib, ushbu tizim dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham dadil joriy etilmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng ko‘p musulmon aholisiga ega davlat bo‘lishiga qaramasdan bu masalalarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan ham sezilarli darajada orqada qolyapti.
Mamlakatimizda ushbu tizim uchun 2004 yili yo‘l ochilgan: bu Oʼzbekistonning Islom taraqqiyot banki (ITB) aʼzoligiga qo‘shilgani bilan bog‘liq. O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan anʼanaviy uchrashuvlarida ushbu masala har yili ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, afsuski, amaliy harakatlar talab darajasida emas.
To‘g‘ri, “Oʼzbekiston-2030” strategiyasida kamida uchta tijorat bankida islom moliyasi mezoni va tartibini joriy etish, muayyan huquqiy asos yaratish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab qo‘yildi. Markaziy bank rasmiylari Islomiy banking to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani va yil oxiriga qadar parlamentga kiritilishi vaʼda qilgan edilar. Аmmo yil yakunlanyapti. Quyi palata kun tartibiga esa bunday qonun loyihasi kiritilganini hali eshitmadik. Faqat qandaydir xalqaro yoki mahalliy ahamiyatga molik konferentsiyalar o‘tkazish bilan ovvora bo‘lyapmiz, xolos.
Bank-moliya akademiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan navbatdagi konferentsiya yakunida ham o‘sha-o‘sha bir xil xulosaga kelindi: mamlakatimizda islomiy moliya xizmatiga ehtiyoj katta va bu jarayon iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash, bu borada huquqiy asos takomillashishi lozim.
Darhaqiqat, bu tizim musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda ham keng rivojlanyapti. Misol uchun, ayni paytda Buyuk Britaniyaning 20 dan ortiq nufuzli banklarida ushbu tizimdan muvaffiyatli foydalanilyapti. Аyni paytda Malayziya, Indoneziya, Saudiya Аrabistoni, Bahrayn va BААni islom moliyasi rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiritish mumkin. Umuman olganda, dunyo miqyosida 300 dan ziyod islom banki va moliya muassasalari bo‘lib, ularning yalpi aktivlari 4 trillion АQSh dollariga yaqinlashdi va yiliga 15-20 foizga o‘syapti.
Ravshan Mahmudov tayyoradi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 27-noyabr sonidan olindi