35 05.12.2024
Partiya Markaziy kengashida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida oilaviy qadriyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Markaziy kengash xodimlari, deputatlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Maʼlumki, Sharq xalqlari o‘zligini anglash uchun o‘z milliy qadriyatlari va anʼanalarini asrab-avaylabgina yuksak maʼnaviyatga ega bo‘ladi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda oilalar mustahkamligi, ularda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, xotin-qizlarga munosib sharoitlar yaratish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
- Oila – jamiyatimizning birlamchi bo‘g‘ini, xalqimizning go‘zal urf-odatlari va qadriyatlarini o‘zida asrovchi muqaddas maskandir. Bejizga ezguliklar oiladan boshlanadi, deya taʼkidlanmaydi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bahodir Mamatxonov davra suhbatini ocharkan.
Bu boradagi ishlarimizga esa, shubhasiz, xalqimiz xohish-irodasi asosida qabul qilingan “Xalq Konstitutsiyasi” dasturulamal vazifasini o‘tamoqda.
Maʼlumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 76-moddasiga aynan qadriyatlar himoyachisi – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi taklifi bilan nikoh O‘zbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi bilan bog‘liq norma kiritilgan edi.
– Bu o‘zgarish shubhasiz, mamlakatimizda ming yillik oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, hurmat qilish har doim eng ustuvor masala bo‘lib qolishidan dalolat beradi, – dedi so‘zga chiqqan fraksiya aʼzosi Davron Aripov.
Uning izohlashicha, Bosh Qomusimizga bejizga Oila, bolalar va yoshlar bo‘yicha alohida bob tashkil qilinmadi. So‘nggi yillarda globallashayotgan dunyoda aksariyat rivojlangan davlatlarda oilaviy qadriyatlar inqirozga yuz tutdi. Oila instituti toptalmoqda va yoshlar oila qurib farzand ko‘rish va ularni boqish, tarbiyalashga ortiqcha tashvish sifatida qarayapti. Natijada bugun bunday davlatlar demografiya bilan bog‘liq qanday muammolarga yuz tutganini ko‘ryapmiz. Bu taraqqiyotga ham salbiy taʼsir ko‘rsatmasdan qolmayapti.
Mamlakatimizda odamlar hayoti tobora farovonlashayotgan bir paytda afsuski oilalar mo‘rtlashayotgani xavotirli, albatta. Shu bois, oilalar mustahkamligiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazira Muxtorovaning keltirishicha, mamlakatimizda joriy yilning 6 oyida 22 467 ta oilaviy ajrim qayd etilgan va bugun bu muammo jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtasiga aylandi. Minglab bolalar yetim qolayotganini eʼtiborga olsak, ajrimlarning bittasi ham ko‘p.
Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova partiyaning 2025-2029 - yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham “Oila qadriyatlar beshigi, Vatan ichra vatandir” g‘oyasidan kelib chiqib, bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surilgani haqida gapirdi.
– Dunyoning eng yaxshi pedagoglari bu – ayollar. Mutafakkirlarimiz dunyoning yarmi ayollar, qolgani esa ularning tarbiyalanuvchilaridir, deb bejiz taʼkidlamaydilar, – dedi Feruza Muhammedjanova.
Davra suhbatida fraksiya aʼzosi Shahnoza Joldasova ham so‘zga chiqib, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni oilaga tayyorlash, ularni globallashayotgan dunyo va “Ommaviy madaniyat” tahdidlaridan himoya qilish borasida qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida gapirdi.
Tadbir yakunida partiya vakillari va barcha darajadagi deputatlar joylarda oilaviy qadriyatlarni asrash va mustahkamlash, nikoh – muqaddasligi borasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida, ayniqsa, partiya Saylovoldi dasturida bu borada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda faol bo‘lishi lozimligi taʼkidlandi. Yoshlar ham so‘zga chiqib, ushbu mavzuda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Partiya Markaziy kengashi Axborot xizmati