Yangiliklar


449   09-02-2022

Navoiydan toparsan o‘zni

Bugun o‘zbek va turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi, asli ismi Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning tavallud topgan kuni.

Yaratgan Navoiyga beqiyos isteʼdod, iqtidor, ilhom va quvvai hofiziga barakot berdi. U agarki, boshqa bir har qanday kasbni qo‘lidan tutganida ham uning yetuk otasi bo‘lishi muqarrar edi. Biroq, U ADABIYOTni tanladi!

O‘sha davrda past nazar bilan qaralib, yo‘qolib ketayotgan turkiy so‘zlarni to‘plab, 300 000 dan ziyodroq so‘zlar ichida 120 000 dan ortiqrog‘i ishtirokida tojdor asarlar yaratdi va o‘zbek tilining kuch-qudratini dunyoga namoyon etdi.

Alisher Navoiy 61 yilgina umr ko‘rdi va shu davr ichida 40 dan ortiq yirik asarlar yozdi. Sharqda «Nizomi millati va-d-din», yaʼni din va millatning nizomi unvoni bilan ulug‘lanadi.

Sharofiddin Ali Yazdiy nazariga tushdi, Mavlono Lutfiy yosh shoir isteʼdodiga yuqori baho berdi, Kamol Turbatiy eʼtirofini qozondi. Sayyid Hasan Ardasher, Pahlavon Muhammad kabi ustozlardan taʼlim oldi.

Ayniqsa, Abdurahmon Jomiy uning hayoti, ijodida katta o‘rin egalladi, ustozi va piriga aylandi.

1483 yildan Alisher Navoiy o‘zining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni o‘z ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan ortiq bo‘lib, Navoiyning barcha sheʼriy merosining deyarli yarmini tashkil qiladi. Shu maʼnoda, “Xamsa” – Alisher Navoiy ijodining qalbidir.

Navoiy juda katta va boy lirik xazina yaratib qoldirdi. Bu lirik xazinaning asosiy 45 ming misraga yaqini o‘zbek tilidagi sheʼrlarni o‘z ichiga olgan «Xazoyinul maoniy» va 12 ming misradan ziyod fors-tojik tilidagi sheʼrlarni o‘z ichiga olgan «Devoni Foniy»ni yaratdi.

Yuqorida aytganimiz Alloh bergan isteʼdod nafaqat shoirlar sultoni, balki, davlat arbobi rutbasini ham berdi. U Temuriylar davlatining mustahkamligiga, adolatligiga hissa qo‘shdi. Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o‘tirgach (1469), Navoiy hayoti va ijodida yangi bosqich boshlanadi, muhrdorlik (1469) mansabiga, vazirlik (1472) va Astrobod hokimligi (1487)ga tayinlanadi.

Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga «Muqarrabi Hazrati Sultoniy» («Sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan unvonni berdi. Unga ko‘ra, Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.

El ulusning hurmatini, mehrini qozondi.

Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor miqdorida edi. Ulug‘ bobomiz bu daromadning asosiy qismini xayrli ishlarga sarf qilgan.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Navoiy 1480-1500 yillar mobaynida o‘z mablag‘lari hisobidan bir necha madrasa, 52 rabot, 17 masjid , 10 xonaqoh, 9 hammom, 16 ko‘prik, 20 ta hovuz qurdiradi.

Navoiy turli soha olimlariga homiylik qilib, o‘nlab ilmiy risolalar bitilishiga bevosita sababchi bo‘lgan.

Har tomonlama yetuklikka intilgan Navoiy odamiylik maqomini yuksaklarga olib chiqdi. Navoiy ko‘p yozdi, ho‘b yozdi, sof yozdi, sarafroz yozdi! Kuyib yozdi, kuylab yozdi!

Tinglang, Navoiyning o‘sha navolari bugun ham har bir navosoz qalblarda jaranglamoqda.

 

Yuragingga qil ham sig‘masa,

Mehrsizlik diling tig‘lasa,

Bu holingdan joning talvasa

Qilsa agar Navoiyga ayt,

O‘qi kitob Hazratingga qayt!

 

Sotib ketsa eng yaqin do‘sting,

Bitmas bo‘lsa hech kamu ko‘sting,

Daraxtmisan, qay taraf o‘sding,

Bilmoq bo‘lsang Navoiydan so‘r,

Do‘st topmassan, Hazratdan-da zo‘r!

 

Yo‘liqqaning bo‘lsa xiyonat,

Uchib ketsa qo‘lingdan omad,

Osmon tushib, bo‘lsa qiyomat,

Navoiydan topasan panoh,

Hazrat erur holingdan ogoh!

 

Bu saltanat metin qo‘rg‘ondir,

Unda yashar har kim omondir,

U jannatdir, Eram bo‘stondir,

Navoiyni aylaylik tavof,

Hazrat erur eng oliy savob!

 

Magar senga ilm kerakdir,

Duo kerak, tilak kerakdir,

Ishq kerakdir, ko‘ngil kerakdir,

Navoiydan toparsan o‘zni,

Hazrat aytar ul xolis so‘zni!

 

o, yurakka malham Navoiy,

Har g‘aribga hamdam Navoiy,

Zarrangizman men ham Navoiy,

Yagonamsiz, sizgadir taʼzim,

o, sultonim, xonim, hazratim!

 

 

Farida BO‘TAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, shoira

"Milliy tiklanish" gazetasining 2022-yil 9-fevral sonidan olindi