17 06.12.2024
2023-yilning may oyidan kuchga kirgan, yurtimiz taqdiri, xalqimiz farovonligi, tinch va osuda hayotini ta’minlab berayotgan Bosh Qomusimizni hech bir ikkilanishlarsiz xalq Kons titutsiyasi deb atasak xato bo‘lmaydi...
Ma’lumki, Konstitutsiya davlatning Asosiy qonuni sifatida shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi. Zero, har qanday me’yoriy-huquqiy hujjat qonun, farmon, qaror yoki boshqa bo‘ladimi, eng avvalo Konstitutsiyaga asoslanadi.
Qayd etish lozim, yangilangan Konstitutsiyamizga parlament hayoti va qonun ijodkorligi faoliyatiga oid ko‘plab yangi normalar ham kiritildi.
Xo‘sh, yangi tahrirdagi Konstitutsiya parlamentni kuchaytirdimi yoki aksinchami?
Ta’kidlash joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan milliy parlamentimiz fao liyatiga oid 4 ta toifadagi o‘zgarishlar yuz berdi.
Birinchisi, ayrim huquqiy bo‘shliqlar to‘ldirildi. Masalan, Qonunchilik palatasi deputati bir vaqtning o‘zida boshqa vakillik organi deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
Ikkinchisi, sohaviy qonunlarda parlament faoliyatiga oid ayrim normalar Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Ayniqsa, parlament nazorati bilan bog‘liq ko‘pgina qoidalar Konstitutsiyamizdan o‘rin oldi. Masalan, Oliy Majlis palatalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani eshitish vakolati kiritildi.
Parlament tekshiruvini o‘tkazish instituti ham Konstitutsiyaga kiritildi. Shuningdek, ushbu nazorat shaklini o‘tkazish talablari ham o‘zgardi. Ilgari bunday nazorat shaklini har bir palata alohida o‘tkazishi mumkin edi. Endilikda bu palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritildi.
Qator parlament eshituvlari, shuningdek, parlament so‘rovini yuborish masalasi ham konstitutsiyaviy institut sifatida Bosh Qomusimizdan joy oldi.
Ayrimlar bu qoidalar amaldagi qonunlarda bor edi-ku, ularni yana Konstitutsiyaga kiritishga qanday ehtiyoj bor edi, deyishlari mumkin.
Aytish lozimki, aslida parlament vakolatlarining o‘zi Konstitutsiyada belgilanishi lozim. Qolaversa, bunday qoidalarning Konstitutsiyaga kiritilishi bilan ularning maqomi oshadi, ya’ni ular kons titutsiyaviy normaga aylanadi hamda ulardan voz kechish yoki orqaga qaytish bo‘lmaydi.
Ilgarigi qonunchiligimizda parlament xo‘jalik boshqaruvi organlari ustidan ham nazorat olib borishi nazarda tutilgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yurtimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, xo‘jalik boshqaruvi organlari parlament nazoratining obyekti sifatida ko‘rsatilmadi.
Shu munosabat bilan xo‘jalik boshqaruvi organlariga parlament so‘rovi hamda deputat va senator so‘rovlarini yuborish, shuningdek, ularning axborotini eshitish vakolatlarini ham bekor qildik. Xo‘sh, endi ularni nazorat qilishga zarurat tug‘ilsa nima bo‘ladi, degan savollar ham kelib chiqdi. Zarurat tug‘ilganda, tegishli xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyatiga mas’ul bo‘lgan davlat organiga yoki Hukumatga so‘rovlar yuborilishi mumkin, degan fikr mavjud.
Yana bir masala: Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda parlament nazoratining ta’sirchanligini oshirish maqsadida Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining hisobotini eshitish yakunlariga ko‘ra, uni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi tak lifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritishga haqli ekani belgilab qo‘yildi.
Endi haqli bir savol tug‘ilishi mumkin: amaldagi qonunlarda, aniqrog‘i “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunda parlament nazorati natijasi bo‘yicha hukumat a’zosini iste’foga chiqarish to‘g‘risida Prezidentga taklif kiritilishi mumkinligi belgilangan. Ya’ni, faqatgina hisobotni eshitish yakuni bo‘yicha emas, balki bu talab har qanday nazorat shakli bo‘yicha ham bo‘lishi mumkin.
Yana bir muhim fikr: Konstitutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi, deb yozildi. Shuning uchun endilikda faqat hisobot eshitish yakuni bo‘yicha iste’foga chiqarish haqida taklif beriladimi? Nazarimda, Konstitutsiyada yozilgan qoidalar to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi. Konstitutsiyada yozilmagan, boshqa qonunlardagi qoidalar, agar ular Konstitutsiyaga zid bo‘lmasa, qo‘llanilishi mumkin. Shu bois, Konstitutsiyamizda xisobotni eshitish yakuni bo‘yicha iste’foga chiqarish haqida taklif berish nazarda tutilgan. Lekin boshka nazorat shakllarini amalga oshirish natijalari bo‘yicha ko‘riladigan choralar nazarda tutilmagan, ya’ni cheklanmagan. Shu bois, fikrimizcha, boshka nazorat shakli natijalari bo‘yicha xam Qonunchilik palatasi yuqoridagi chorani ko‘ra oladi.
Uchinchisi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari, har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilab berildi. Jumladan, agar ilgarigi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga asosan ular soni 12 taga yetkazildi.
Xo‘sh, bu vakolatlar nimani hisobidan ko‘paydi? Ularning aksariyati ilgari har ikki palataning birgalikdagi vakolati edi. Endilikda Senatning vakolatlari doirasidan chiqarilib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlariga o‘tkazildi. Ular quyidagilar:
Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasi hisobotini ko‘rib chiqish;
Prezident taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
Bosh vazir, Hukumat a’zolari hisobotlari hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish va boshqalar.
Xuddi shunday, Senatning mutlaq vakolatlari ham ilgarigi 14 tadan – 18 taga oshirildi. Misol uchun, Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashishdek o‘ta muhim vakolati Bosh Qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, “Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatini kim bajaradi” degan savolga aniq javob yozildi va bu vakolat Senatga berildi, deb aniq yozib qo‘yildi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirildi. Masalan, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash kabi muhim vakolat palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritildi.
Shuningdek, parlamentning nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarini lavozimga qo‘yish borasidagi funksiyalari ham kuchaytirildi hamda Prezidentning bu boradagi ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazildi.
Masalan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbari va respublika monopoliyaga qarshi kurash organining rahbari Senat tomonidan saylanishi amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Yangi tahrirdagi Kons titutsiya bilan parlament faoliyatining tashkiliy masalalari bo‘yicha ham qator yangi qoidalar belgilandi. Avvalambor, yurtimizda olib borilayotgan ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, Senat tarkibini ixchamlashtirish, shu jumladan senatorlar sonini amaldagi 100 nafardan 65 nafarga o‘zgartirish belgilandi.
Bundan tashqari, davlat boshqaruviga meritokratiya tamoyillarini tatbiq etish, davlat organlaridagi nufuzli lavozimlarni monopollashtirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oliy Majlis Senatining Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
To‘rtinchisi, qonun ijodkorligi faoliyatida ham tub o‘zgarishlar bo‘ldi. Avvalambor, qonunlarni Senat tomonidan ko‘rib chiqishning aniq muddatlari belgilab qo‘yildi. Jumladan, qonun Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida shu muddat ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi nazarda tutildi.
Shu o‘rinda Qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish instituti ham o‘zgarganini aytish joiz. Agar ilgari yettita tashabbuskor subyektda istagan mavzuda qonun loyihasini tashabbus qilish huquqi bo‘lsa, endilikda ushbu tashabbuskor subyektlardan uchtasi, ya’ni Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror faqatgina o‘z vakolatlariga oid masalalar yuzasidangina qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Albatta, bu to‘g‘ri norma bo‘ldi. Lekin uni amaliyotda qo‘llashda mening nazarimda olimlarimizning sharxlari ham kerak bo‘ladi. Masalan, Konstitutsiya va qonunlarimizga muvofiq, prokuratura barcha qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Shunday ekan, Bosh prokurorning vakolat doirasiga kirmaydigan qonun loyihasi qaysi bo‘lishi mumkin, degan savol kelib chiqaveradi.
Yana bir inqilobiy yangilik. Endilikda nafaqat yettita qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari parlamentga masala kiritadi, balki saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman, Markaziy saylov komissiyasiga qonunchilik takliflarini kiritish huquqi berildi.
Bosh Qomusimizga bunday qoidaning kiritilishi davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini kengaytiradi. Islohotlarning tashabbuskori sifatida insonlar o‘zlarining kelajagi, orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim qarorlar qabul qilishda, jamiyatdagi muammolarni o‘z vaqtida xal etishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishlari uchun sharoit yaratiladi.
Jahongir SHIRINOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil, 4-dekabr sonidan olindi