Yangiliklar

412 10-02-2022
Tenglik tamoyili tengsizlikka xizmat qilmasin!
Yaqindagina siyosat maydonida xotin-qizlar uchun kvota joriy etish lozimligi haqida bong urgandik. Oradan ko‘p o‘tmay niyatimizga erishdik – kvota joriy etildi?! Xo‘sh nima o‘zgardi!? To‘g‘ri, bu borada sonda yetakchimiz. Ammo bu hali siyosiy faollikda sifat ko‘rsatkichi yetarli darajaga chiqdi, degani emas!
Bugun qabul qilinayotgan qonunlarda ayol deputatlarning ulushi qancha? Qonun ijodkorligi jarayonlarida ularning ishtiroki qay darajada? Qay bir ayol deputatimiz qonun tashabbuskori bo‘ldi? Shu kabi savollar sohada faoliyat yuritayotgan yoki endi kirib kelayotgan opa singillarimizning siyosiy faolligini oshirish hamda taʼlimiy dasturlarni yaratish borasida hali talaygina ishlar bajarilishi lozimligini anglatadi. Yana bir haqiqat borki, demokratiyaning sifat ko‘rsatkichi borasidagi bunday kamchiliklar faqat O‘zbekistondagina emas, boshqa davlatlarga, hatto, Amerikadek rivojlangan davlatga ham xosdir. Aks holda shu paytgacha mamlakatni boshqargan 50 nafar prezidentning loaqal bittasi ayol bo‘lishi mumkin edi!
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga oid qonun qabul qildik. Bu borada maxsus tuzilmalar faoliyatini haminqadar yo‘lga qo‘ydik. Zo‘ravonlik kamaydimi?
Yo‘q! Statistikaga eʼtibor qarataylik: o‘tgan yilning 11 oyida 35 ming ayolga himoya orderi berilibdi. Bu o‘zida jurʼat topib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan ayollardir. Oilasidagi sirini ko‘chaga olib chiqishni o‘ziga or deb bilib, o‘z yog‘iga qovurilib yurgan opa-singillarimiz qancha?! Qonunlarimizda ham maishiy zo‘ravonliklar borasida muammo bor! Amalda ham shunga yarasha, yaʼni ayrim jinoyatlar jazosiz qolmoqda...
Yaqinda Toshkent hayvonot bog‘ida ro‘y bergan ko‘ngilsiz voqea bunga misol bo‘lishi mumkin. Oilani jar yoqasiga olib kelgan masʼuliyatsiz oila boshlig‘i esa tinchgina yashayapti. Ruhiy xasta bo‘lgan ona esa hibsda! Ana endi o‘z o‘zimizga bir savol beraylik: o‘z farzandini yirtqichga yem qilmoqchi bo‘lgan ayol aqlan sog‘lom bo‘lishi mumkinmi?
Ko‘pchiligimiz esa onasi ajal domiga uloqtirgan, baxtli tasodif tufayligina omon qolgan qizchaga ziyon yetkazmagan ZUZU laqabli ayiq bilan rasmga tushish ilinjida yuribmiz...
Achinarlisi, bugunga kelib, o‘z farzandining qotiliga aylanib qolayotgan ayollar sanog‘idan adashib qolyapmiz. AQSHdagi ruhshunoslar tadqiqotiga ko‘ra, har to‘rtinchi ayolning xayolidan bir marta bo‘lsa ham o‘z bolasini o‘ldirish fikri o‘tar ekan. Bu ona bo‘lishga, oila qurishga tayyor bo‘lmagan jami xotin-qizlarning fojiasi, desak xato bo‘lmas...
Rossiyaning Kuban davlat universitetida olib borilgan tadqiqotlar o‘z farzandini o‘ldirgan ayollarning 74 foizi hech bir psixonevrologik dispanserda ro‘yxatga olinmaganini, ularning teng yarmi fertil yoshida va ruhiy zo‘riqish holatida bo‘lgan ayollar ekanini ko‘rsatadi.
Yuqoridagidek ko‘ngilsiz holatlar bizda ham xotinqizlarning muammolari masalasida jiddiy o‘rganishlar, ilmiy tadqiqotlar olib borish shartligini ko‘rsatmoqda. Bu borada muhim va aniq tahliliy manbalar «tilga kirishi» – dalillar, misollar ochiqlanishi kerak. Chunki har qanday vaziyatda ayolni aybdor qilishga o‘rgangan jamiyat, avvalo, hatto hayvon ham o‘z bolasiga ravo ko‘rmaydigan mudhish qaror qabul qilinishining sababini o‘rganishi va ulardan tegishli xulosalar chiqarishi zarur.
Oila qurish bo‘sag‘asida turgan yoshlar bilan tizimli ishlash, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida taklif etilgan, afsuski, haligacha qog‘ozdan hayotga ko‘chmayotgan «Yosh oila innovatsion maktablari»ni amalda ishlatish choralarini ham kuchaytirish zarur, deb o‘ylaymiz. Aks holda, bunday ko‘ngilsiz voqealar yana takrorlanmasligiga kim kafolat beradi?
Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan Sotsiologiya institutini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Umid qilamizki, galdagi vazifa – Psixologiya universitetini tashkil etish bo‘ladi. Toki, mahallalarda aholini ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish barobarida har bir xonadonga malakali psixologik maslahat va madad yetib borishini taʼminlashga erishaylik. Zero, buni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Ayol va erkakning tengligi haqida ham qonun qabul qildik. Jinslar o‘rtasida muvozanat paydo bo‘ldimi? Ayrim ota-onalar hali ham o‘z haq-huquqlarini talashish bilan ovora. Ikki o‘rtada esa bolalar jabrlanyapti. Maʼlumotlarga qaraganda, 2021-yilda ayollarning aliment olish bilan bog‘liq murojaatlarining 79,2 foizida amaliy natija bo‘lmagan. To‘liq bo‘lmagan ayrim oilalar uchun aliment yagona daromad manbai ekanini inobatga olsak, nurab borayotgan oilalarni asrab qolishga qaratilgan qo‘shimcha choralarga ehtiyoj borligi maʼlum bo‘ladi. Bu borada partiyamiz tomonidan ilgari surilayotgan, rivojlangan davlatlarda allaqachon amaliyotga tatbiq etilgan Aliment fondini tashkil etish g‘oyasi muammoga ijobiy yechim bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Ayollar daftar»ini joriy etdik. Afsuski, ro‘yxatga kiritilganlar orasida ushbu ezgu tashabbusni o‘zlariga nisbatan kamsitish sifatida qabul qilganlar ham uchramoqda. Shuningdek, ayollarni “zaifa” deb atashlarini haqorat sifatida qabul qilayotganlar ham chiqyapti. Vaholanki, milliy qadriyatlarimizga mos ravishda ayollarni “zaifa” deb atash orqali ularning nozik hilqat ekanligini taʼkidlash, muhofazasiga eʼtibor qaratib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatishga urg‘u berilayotganini tushunish qiyin emasku! Qotib qolgan stereotiplar bilan hayotbaxsh anʼana va qadriyatlarimiz o‘rtasidagi farqni aniq belgilash fursati yetdi, nazarimda! «Xo‘rozqand chet elniki desa...» qabilida yashash va fikrlash tarzi olomonlashuv “madaniyati”ning taʼsiri emasmi, aslida?! Maʼlumki, gender tenglikni taʼminlashda umumeʼtirof etilgan majburiy qoidalar mavjud. Lekin har bir davlat tenglikni taʼminlashda o‘z qadriyatlariga suyanishi va mazkur yo‘nalishda o‘z milliy andozasini yaratishi kerak.
Yana bir ruhshunos singlimiz, oilaga erkaklar kerak emas, degan iddao bilan chiqdi. Otamiz, akamiz, ukamiz, jondan aziz o‘g‘limiz ham erkak! Qolaversa, aksariyat erkaklarimiz oilaparvar. Ayrim masʼuliyatsiz erkaklarni deb ulardan ham voz kechamizmi?
Xotin-qizlar orasida tobora kuchaytirilayotgan bunday «erkin targ‘ibot» bir paytning o‘zida ham ayol, ham erkak manfaatlariga zid emasmi? Jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lgan ruhshunos Nargiza Sattorovaning bitta savoli meni o‘ylantirib qo‘ydi. Yaʼni, ayollarning erkaksiz yashashi ham mumkin, degan xulosaga kelishlarining sababi nimada? Bugun bir-ikki so‘m pul topib, mashina haydab, «erkakdan kam joyim yo‘q, kerak bo‘lsa, undan ham ko‘proq pul topaman», deb yurgan, oila, oilaviy munosabatlar, oilada erkak va ayolning masʼuliyati haqida unutib qo‘yayotgan ayrim opa-singillarimizning bunday nojo‘ya harakatlarida, albatta, erkaklarimizning ham aybi bor! Bunday illatlarning ildizi, eng avvalo, oilaga borib taqaladi, qizimiz bilan birga o‘g‘illarimizni ham to‘g‘ri tarbiya qilishimiz lozimligini ko‘rsatadi.
Gender tenglik haqida gap ketganda, dinni ro‘kach qilmang, deb eʼtiroz bildirishibdi ayrimlar. «Milliy tiklanish» partiyasi ayolning qadrini ayrim o‘rinlarda hatto erkaklardan ham ustun deb belgilagan Islom dini maqsadlarini jamiyatga to‘g‘ri yetkazilishidan manfaatdor bo‘lgan siyosiy kuchdir. Muqaddas dinimizda ayol va erkak o‘rtasidagi munosabatda biz uchun eng yaxshi muvozanat belgilab berilgan. Dinimizda ham, mentalitetimizda ham qizlar o‘qitilmasin, degan ko‘rsatma yo‘q. Demak, hech ikkilanmasdan aytishimiz mumkinki, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘un bo‘lgan jamiyat farovonlikka yuz tutadi.
Xulosa o‘rnida: bugun g‘arbda erkaklar va xotinqizlar tengdirlar, deya erkak va ayollar uchun mo‘ljallangan alohida hojatxonalar buzilayotgan ekan. Gender neytral hojatxonalarda barcha jins vakillari bitta xonaga kirib ehtiyojini qondirarmish. Tasavvur qilyapsizmi?! Devorsiz, pardasiz jamiyat hali ochiq jamiyat degani emas-ku! Bu ham tenglikni iddao qilayotganlarning ishi emasmi?! Bunday g‘arazli maqsadlarga aldanib, o‘z ildizimizga o‘zimiz bolta urmaylik!
Erkak ayolsiz, ayol erkaksiz zaif! Hattoki, jamiyat va davlat zaif! Tenglik esa birlikda, hamkorlikda. Zaiflik, tengsizlik bir-birini tushunmaslikdan paydo bo‘ladi, nazarimda. Ezgulik yo‘lida bir tan-u bir jon bo‘lgan juftliklarning esa tenglik, tengsizlik kabi tushunchalar bilan ishi yo‘q. Chunki ular bir-birlari bilan baxtli! Yolg‘izlik esa faqat Yaratgangagina xosdir!
Feruza MUHAMMADJANOVA,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisining o‘rinbosari
"Milliy tiklanish" gazetasining 2022-yil 9-fevral sonidan olindi