48 06.12.2024
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida biron-bir soha yoki tizimda qo‘lga kiritilgan natijalaru, biron-bir hayotiy muammo e’tibordan chetda qolmadi. Hukumat oldida turgan vazifalardan tortib, mahalliy kengash deputatining uyg‘oqligiyu, yangi parlament zimmasidagi mas’uliyatgacha chuqur tahlil qilindi...
Agrar sektorda ishlab chiqarishni 1,3 barobarga oshirish, har gektar yerdan olinadigan daromadni o‘rtacha 5 ming dollarga, eksport xajmini esa 10 milliard dollarga yetkazish, suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan yer maydonlarini 2 karra oshirishga doir vazifalargacha millatimiz yetakchisining e’tiborida bo‘ldi. Albatta, yuqoridagi natijalarga erishish va aholining xavfsiz oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish uchun masalaga kompleks tarzda yondashish lozim. Ammo bunda birlamchi masala, bu suv bilan bog‘liq.
Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining aholisi eng ko‘p, ammo suv resurslari eng kam hududi hisoblanadi. Shu bois yurtimizda sug‘orish va ekologik maqsadlar uchun suvga ehtiyoj to‘liq qondirilmayotgani dolzarb muammolardan biri sifatida tilga olinyapti. Bundan tashqari suv iste’molining ortishi va manbalarining ifloslanishi, ayrim hududlarda esa hatto chamalab bo‘lmas isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilayotgani ham suv zahiralarining kamayishiga olib kelyapti.
Qurg‘oqchilik xavfining ortib borishi esa sohada tezkor choralar ko‘rish va suv resurslaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi, albatta. Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosini ta’minlash va sohaga zamonaviy boshqaruvni joriy etish maqsadida Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi.
2024-yilning 7-noyabrida esa Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Yig‘ilishda, shuningdek, 2025 yil suv xo‘jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘lishi ta’kidlangani bejiz emasdi.
Ana shunday sa’y-harakatlar asosida 2025-yili mamlakatimizda 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlashtirishga 800 milliard so‘m, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun esa 5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Albatta, suv hayot manbai. Uni asramasak, tejamasak, kelajakka xiyonat qilgan bo‘lamiz. Suv haqida gap ketganda ushbu ne’matni tejash va uni isrof qilmaslik bu, eng avvalo tarbiya bilan bog‘liq ekanini alohida ta’kidlash lozim. Ichimlik suvi bo‘ladimi yoki sug‘orish uchun foydalanadigan suvmi, biz birdek tejamkor bo‘lishimiz, farzandlarimizni ham shunga o‘rgatishimiz shart.
Aks holda har qancha harakat qilmaylik, o‘nlab hujjatlar qabul qilmaylik, suvga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirmasak, biron natijaga erisha olmaymiz. Zero, har bir inson yer yuzida suv resurslari kamayib borayotganini 50-100 yilda neft emas, suv ilinjidagi ixtiloflar avj olishi mumkinligini to‘liq anglab, kelgusi avlodlar oldida javobgarlikni his qilgan holda hozirdanoq uni tejash uchun tamal toshini qo‘yishimiz shart.
Bu jarayonda esa parlamentning nazoratchilik funksiyasi yanada kuchaytirilishi lozim.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil, 4-dekabr sonidan olindi