Yangiliklar


355

O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti

Jahon ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan Ona diyorimizda ne-ne buyuk allomalar yetishib chiqqan. Shu bois, vatanimizning “O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti” deya atalishi ayni haqiqatdir.

Shunday mutafakkir bobolarimizdan biri Muhammad Al-Xorazmiydir. Bugun butun dunyo foydalanadigan hisob-kitob amallari, zamonaviy texnologiyalar faoliyati ana shu bobokalonimiz yaratgan qoidalarga asoslanadi. Butun dunyo Xorazmiyning ilm-fan rivoji yo‘lidagi hissasini yuksak qadrlaydi, uni voyaga yetkazgan zaminga alohida ehtirom bilan qaraydi.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev huzurida qurilish loyihalari taqdimotida Urganch shahrida qurilishi rejalashtirilgan Al-Xorazmiy shaharchasining qurilish loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, shaharchada taʼlim muassasalari, IT park, fan va madaniyat markazlari, sport majmuasi barpo etiladi. Eʼtiborlisi, shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy maydoni qurilib, buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi.

Islom dini va hadis ilmini rivojlantirishda, mashhur to‘qqizta hadis to‘plamidan yettitasining jamlovchisi, islom olamida mashhur bo‘lgan muhaddis Imom Buxoriy majmuasi ham yangidan barpo etilmoqda. Shu kuni taqdimotda, majmuaning ichki va tashqi ko‘rinishiga oid chizmalar ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, maqbarada naqqoshlik va xattotlik sanʼatini uyg‘unlashtiriladi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qurʼoni karim suralari va hadislar yoziladi. Barcha pardozlash ishlarida yorqin, “issiq” ranglardan ko‘proq foydalaniladi.

Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, mamlakat tarixi va madaniyatini dunyoga targ‘ib qilish orqali, uning turizm salohiyati va ijobiy imijini shakllantirishga, shuningdek, investitsiya salohiyatini oshirishga va iqtisodiyotning rivojlanish jarayonini yana-da tezlashtirishga erishish mumkin. Turistlarning asosiy maqsadi esa dunyo xalqlari tarixi va madaniy obidalari bilan tanishish, ularni o‘rganish va aloqalarni yana-da mustahkamlashdir.

Ko‘rinib turibdiki, madaniy turizm mamlakatimiz uchun istiqbolli sanalgan turizm turlaridan biridir. Shu sababli, uni rivojlantirish borasida izchil siyosat yuritilmoqda, turizm sohasini har tomonlama rivojlantirish qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shuni ham aytish kerakki, mamlakatimizda qurilayotgan har bir yangi bino qurilish uslubi, dizayni chet eldan kelayotgan sayyohlarni o‘ziga tortadigan bo‘lishi lozim. Bu borada mamlakatimizda qad ko‘tarayotgan binolarning arxitektura loyihalari milliy urf-odatlarimizga monand ishlab chiqilayotganligi ham quvonarli holdir. Shu bilan birga, qayta taʼmirlangan mashhur ziyoratgohlarimizda milliy qurilish sanʼati anʼanalariga sodiq qolinmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda madaniy turizmni yana-da rivojantirish imkoniyatlari mavjud bo‘lib, uning rivojlanishi yurtimizning xalqaro aloqalari rivojlanishida muhim o‘rinni egallaydi. Xalqaro aloqalarning rivojlanishi esa, xalqimizni boshqa millatlar bilan yanada yaqinlashtiradi, ular bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytiradi. O‘zaro hamkorlikning kuchayishi O‘zbekistonga kirib kelayotgan xorijiy investitsiyalarning yanada ortishiga xizmat qiladi.

 

Farhod ZAYNIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mita raisi o‘rinbosari