Yangiliklar


262

Endi byudjet xarajatlarining 5 foizi fuqarolar ishtirokida sarflanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi Jahongir Abdurasulov tashabbusi bilan Asaka tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminar tashkil etildi. Unda viloyat Moliya boshqarmasi masʼullari, tuman Kengashi deputatlari, hokim yordamchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda byudjet sohasida maʼlumotlar ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi, sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Mamlakatimizda byudjet mablag‘larini sarflanishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda fuqarolarni byudjet jarayoniga yanada kengroq jalb qilish maqsadida qaror ham qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, joriy yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda tegishli tuman (shahar)lar byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. 2022-yildan boshlab esa ushbu tartib barcha tuman va shaharlarga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Mazkur norma “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonda ham o‘z aksini topdi.

Seminar ishtirokchilariga tashabbusli byudjet jarayonini amalga oshirish mexanizmi va uning mohiyati haqida keng maʼlumotlar berilib, shu yilning fevralidan boshlab “Fuqarolar byudjeti” jarayonining joriy yildagi birinchi bosqichiga “start” berilgani taʼkidlandi. Shu sababli jarayonlarda qanday ishtirok etish va takliflarni (openbudget.uz) axborot portaliga joylashtirish tartiblari haqida tushunchalar berildi.

Seminar faol interaktiv shaklda o‘tkazilgan bo‘lib, deputat ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi. Shuningdek, tashabbusli byudjet tizimini rivojlantirish va undagi maqsadlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan berilgan takliflar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan yozib olinib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi muhokamasiga taklif sifatida kiritilishi maʼlum qilindi.