373 12.12.2024
Janobi haydovchi, endi avtobus yo‘lini to‘ssangiz kuyasiz!
Chiqindilar masalasidagi qaror qat’iy emas...
Nega «Milliy tiklanish» fraksiyasi tomonidan ma’qullanmagan qonun yalpi majlis kun tartibidan ham chiqarib tashlandi?
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan masala – avtobus yo‘lagida harakatlanish qoidasini buzganlarga jarima belgilash haqidagi qonun loyihasi partiyalar fraksiyalari tomonidan birinchi o‘qishda muhokama qilib bo‘lindi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ham ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Qonun tashabbuskorlarining izohlashlaricha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxt yo‘llarida tirbandliklarni kamaytirish hamda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida jamoat transportiga ustuvorlik berilyapti. Jumladan, so‘nggi yillarda Toshkentda avtobuslar soni ikki barobarga oshdi.
Avtobuslar uchun qariyb 50 km.li alohida yo‘laklar tashkil etilib, oraliq masofa ikki barobarga qisqartirildi. Natijada poytaxtimizda jamoat transportidan foydalanyotgan yo‘lovchilarning kunlik soni 1 mln.ga ko‘paydi. Biroq qonunchilikdagi bo‘shliqlar jamoat transportidan foydalanish samaradorligini pasaytirmoqda. Bu boshqa transport vositalarining avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanishi bilan bog‘liq.
Bunday qoidabuzarlar hozirda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-moddasiga asosan umumiy asoslarda 170 ming so‘m miqdorda jarimaga tortilyapti, xolos. Lekin bunday miqdordagi jarima ushbu qoidabuzarlikning kamayishiga yordam bermayapti. Shu bois, kodeksga yangi modda kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Ushbu harakatni birinchi marta sodir etganlik uchun BHMning 3 baravari (1125000 so‘m), bir yil davomida takroran sodir etilsa 5 baravari (1875000 so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga endi yondosh hududdan chiqib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘lakni bo‘shatgan holda, yo‘lning qatnov qismiga o‘tayotgan transport vositalariga yo‘l bermaganlar 1 baravar (375000 so‘m) miqdorida jarima to‘laydilar.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish “Milliy tiklanish” partiyasi taklifi bilan tashkil etilganidan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi muhimligini ta’kidladi. Biroq jamoat transportining alohida yo‘lagidan harakatlangan avtomobil haydovchilariga ham, “A” polasada mashinasini qoldirib ketganlarga ham bir xil miqdorda jarima solinishiga e’tiroz bildirdi.
–Avtobus yo‘lagidan “parkovka” sifatida foydalanayotgan haydovchilarga nisbatan jazoni kuchaytirish kerak, ؘ – dedi fraksiya rahbari.
Deputat Kozim Tojiyev esa bir yil davomida takroran sodir etganlarga nisbatan belgilanayotgan jarimaga qarshi chiqdi. U yangi kiritilayotgan amaliyot uchun bunday keskin jazo qo‘llash qonunchilikka qanchalik mos keladi degan masalani ko‘targan bo‘lsa, Farhod Zayniyev Toshkent shahrining bosh rejasi hamon tasdiqlanmaganidan kelib chiqib, qonunchilikka bunday o‘zgartishlar kiritishga hali vaqt borligini bildirdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ikkinchi o‘qishda jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqish sharti bilan loyiha konseptual ma’qullandi. Ma’lumki, yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biri noqonuniy ravishda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish, yo‘lni to‘sib qo‘yish holatlari hisoblanadi. Ya’ni, ayrim fuqarolar o‘z yashash hududlaridagi ko‘chalarda sun’iy to‘siqlar o‘rnatib, shoshilinch xizmat ko‘rsatuvchi transportlar harakatiga to‘sqinlik qilyapti. Shu bois, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilib, bunday shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilanyapti.
Yig‘ilishda ayrim xorijiy mamlakatlar qonunchiligida yo‘llarga noqonuniy to‘siqlar o‘rnatganlik uchun hatto jinoiy javobgarlik belgilangani ta’kidlandi. Masalan, Qirg‘izistonda yo‘lni noqonuniy to‘sib qo‘yganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Fraksiya yig‘ilishida ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan yana bir masala – chiqindidan qarzi borlarni elektr uchun to‘lov qilishdan cheklash bilan bog‘liq qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasida chiqindi to‘lovlaridan qarzi bo‘lganlarni “SMS” orqali xabardor qilib borish, qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida ogohlantirilganidan keyin to‘lov amalga oshirilmasa, ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik hozirda 596 mlrd so‘mni tashkil etib, yil boshiga qaraganda 115 mlrd so‘mga ko‘paygan. Qarzdorliklarni undirish to‘g‘risidagi arizalarni sudlarga kiritish bo‘yicha Ekologiya vazirligining hududiy organlariga yuklatilgan vazifasi ham amaliyotda o‘z samarasini bermayapti. Shu bois, fuqarolar alohida ogohlantirishdan keyin ham chiqindi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmasa, elektr energiya bo‘yicha to‘lovni amalga oshirmaslik taklif qilinyapti.
Fraksiya a’zolari ushbu masala bo‘yicha joylarda alohida o‘rganishlar olib borish zarurligini ta’kidlashdi. Chunki qog‘ozda aksariyat hududlarda chiqindilar mas’ul korxonalar tomonidan o‘z vaqtida olib chiqib ketiladi. Amalda esa bunday emas. Shu bois, qonunchilikka kiritilayotgan bunday o‘zgarish ertaga aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin
Misol uchun: Bekobod shahri va tumanida chiqindilarni to‘playdigan poligon ekologik muammolar sabab yopilgan. Endi xonadonlarda to‘planib qolgan chiqindilar hech qayerga olib chiqib ketilmayapti. Bu aholi bilan chiqindilarni olib ketadigan idora o‘rtasidagi nizoga sabab bo‘ldi. Ya’ni, odamlar ko‘rsatilmagan xizmatga haq to‘lamoqchi emas. Mas’ul idora esa to‘lashni talab qilyapti.
– Ana shunday vaziyatlarda chiqindi to‘lovini to‘lamaganlarni elektr energiyadan uzib qo‘yish qanchalik to‘g‘ri. Afsuski, bunday misollarni boshqa hududlar misolida ham ko‘plab keltirish mumkin, – dedi fraksiya a’zosi Davron Aripov.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, deputatlar bu masalada hududlarda alohida o‘rganishlar olib borish zarurligidan kelib chiqib, qonun loyihasini ko‘rib chiqishni fraksiyaning keyingi yig‘ilishlaridan biriga qoldirishga qaror qilishdi. Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu qonun loyihasi “Milliy tiklanish” fraksiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganligi sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibidan ham chiqarib tashlangan.
Yig‘ilishda qurilishda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ham muhokama qilindi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda shaharlarimizda qurilish obyektlari sonining ortishi oqibatida paydo bo‘layotgan chang zarralari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan belgilangan normadan 10 barobar yuqori bo‘lyapti. Hisob kitoblarga ko‘ra, 500 kv.m.lik ochiq qurilish maydonidan yiliga o‘rtacha 50 tonna chang va qum havoga ko‘tariladi. So‘nggi uch yilda qurilish obyektlari soni 3 barobar oshib, 2023 yil yakuniga ko‘ra 35,2 mingtani tashkil etganini hisobga olsak, buning oqibatlarini tasavvur qilish qiyin bo‘lmaydi.
Eng yomoni, chang zarralari aholi sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazyapti. Yurtimizda oxirgi ikki yilda yurak va qon-tomir kasalligi 13 foizga, nafas yo‘llari kasalliklari (astma, bronxit) esa 9 foizga ko‘paygan. Biroq qonunchilikda atmosfera havosini muhofaza qilish talablari va shaharsozlik qoidalari doirasida aynan qurilishda changni havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun aniq javobgarlik belgilanmagan. Shu bois, ushbu qonun loyihasi bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisabatan BHM 10 baravari (3 750 000 so‘m), huquqbuzarlik jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etilsa, 50 baravari (18 750 000 so‘m) miqdorida jarima belgilash taklif etilmoqda. Chang asosan yirik qurilish maydonlaridan chiqayotgani sababli, dastlabki bosqichda fuqarolarga nisbatan javobgarlik belgilamaslik taklif etilyapti.
Ravshan MAHMUDOV, «Milliy tiklanish» muxbir
“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil 11-dekabr sonidan olindi