234 13.12.2024
Ma’lumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining shu yil 9- dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida chiqindilarni to‘plash va olib chiqishda to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Ushbu loyihada chiqindi to‘lovlaridan qarzi bo‘lganlarni “SMS” orqali xabardor qilib borish, qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida ogohlantirilgandan keyin to‘lov amalga oshirilmasa, ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Deputatlar qonun loyihasini qizg‘in muhokama qilib, bu masalada alohida o‘rganishlar olib borish, ya’ni yangi kiritilayotgan tizimning joylarda ishlashi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar zarurligidan kelib chiqib, loyihani ko‘rib chiqishni fraksiyaning keyingi yig‘ilishiga qoldirgandi. Mas’ul idora vakillari e’tirozni qabul qilib, tez kunlarda ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim qilishga va’da bergandi.
Fraksiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan qonun loyihasi palata yalpi majlisi kun tartibiga ham kiritilmagan edi.
Fraksiya tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda ushbu qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Mas’ul idora vakillari chiqindi to‘lovlaridan qarzi bo‘lganlarni “SMS” orqali xabardor qilib borish, qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida ogohlantirilgandan keyin to‘lov amalga oshirilmasa, ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni nazarda tutuvchi yangi tizimning ishlash tartiblari haqida batafsil ma’lumotlar berishdi. Chiqindilarni to‘plash va olib chiqishda to‘lov intizomini mustahkamlashiga qaratilgan yangi tizim bejizga ishlab chiqilmagani qayd etildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik hozirda 596 mlrd. so‘mni tashkil etib, yil boshiga qaraganda 115 mlrd. so‘m ko‘paygan. Qarzdorliklarni undirish to‘g‘risidagi arizalarni sudlarga kiritish bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarish vazirligining hududiy organlariga yuklatilgan vazifa ham amaliyotda o‘z samarasini bermayapti.
Yig‘ilishda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilib, fuqarolar alohida ogohlantirishdan keyin ham chiqindi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmasa, chiqindi bo‘yicha qarzini to‘lanmaguniga qadar elektr energiya bo‘yicha to‘lovni amalga oshirmaslik taklif qilinayotgani ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari Azamat Pardayev, Farhod Zayniyev va boshqalar qonun loyihasining mohiyatiga alohida to‘xtalib, unga kiritilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlaridan izoh so‘rashdi. Xususan, elektr tarmoqlari va iste’molchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar qonun loyihasi qabul qilinganidan so‘ng, yana qaytadan tuziladimi, degan savol ko‘tarildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ko‘tarilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.
Yig‘ilishida berilgan takliflar qonun loyihasini maromiga yetkazish chog‘ida e’tiborga olinadigan bo‘ldi.