Prezident ma’ruzalari «Milliy tiklanish» g‘oyalari uchun dasturulamalga aylandi


205     13.12.2024

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qonunchilik palatasi, Senat va Hukumat rahbarini tasdiqlashga bag‘ishlangan yig‘ilishlardagi ma’ruzalarida davlat boshqaruvining barcha darajalarini tubdan takomillashtirish, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun asosiy yo‘nalishlar belgilab berildi.

Ma’ruzalarda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy yo‘nalishlardagi islohotlarning yangi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi, albatta. Bunda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining ko‘plab tashabbuslari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘un ekaninini alohida ta’kidlash joiz.

Davlat rahbarining yangi tarkibdagi Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi ma’ruzasida ko‘tarilgan masalalar bugunning real ehtiyoji va istiqboldagi rejalarni o‘zida aks ettirgan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘ldi, deyish mumkin.

Xususan, 2030-yilda yalpi ichki mahsulotimizni 200 milliard dollarga yetkazish, kambag‘allik darajasini 5 foizga tushirish, 150 mingta zamonaviy uy-joy qurish, tibbiyot va ta’lim sohalariga ajratiladigan mablag‘larni ikki barobarga oshirishga doir vazifalar xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar ko‘lamidan darak beradi, albatta.

Ma’ruzada milliy qadriyatlarni tiklash va yosh avlodni tarbiyalash borasidagi maqsadlarga shunchalar ustuvorlik berildiki, bu ta’lim sifati va o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha partiyamiz takliflari davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ham ko‘rsatadi. Ma’ruzada bejizga maktablarda o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish va malakalarini doimiy ravishda oshirish orqaligina ta’lim tizimini takomillashtirishga erishish mumkinligi ta’kidlanmadi.

Shunisi quvonarliki, milliy va zamonaviy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yosh avlod tarbiyasini yaxshilashga doir tashabbuslarimiz ham qo‘llab-quvvatlandi. Shundan kelib chiqib, biz til, madaniyat va tarixni asrash bilan bir qatorda yangi avlod vakillarining jahon standartlariga mos bilim olishlarini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini faol ilgari surishga kelishib oldik. Prezidentimiz tomonidan ta’lim sifatini oshirish uchun yangi infratuzilma loyihalariga katta e’tibor qaratilayotgani esa ushbu jarayonning amaliy qiymatini yanada oshiradi, albatta.

Senatning birinchi majlisida esa asosiy e’tibor hududiy vakillik palatasining rolini oshirishga qaratildi. Ushbu yo‘nalishda mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning qarorlar qabul qilishdagi vakolatlarini kengaytirish parlament faoliyatini yanada kuchaytirishga olib keladi, albatta. Senatorlar va mahalliy deputatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladigan tashabbuslar, shubhasiz, hududiy muammolarni hal etishni osonlashtiradi. Shuningdek, mahalliy kengashlarda ayollar va yoshlarning vakolatlari kengaygani, ularning siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi demokratik jarayonlarning yanada kuchayishiga xizmat qiladi.

Hukumat rahbarini tasdiqlashga bag‘ishlangan majlisdagi ma’ruzada ham partiyamizning madaniy merosimizni jahonga tanitish va turizm salohiyatini kengaytirishga oid vazifalariga doir yangi tashabbuslar ilgari surildiki, biz bundan tegishli xulosalar chiqarishimiz kerak bo‘ladi. Milliy turizm salohiyatini ko‘tarish, yangi turistik yo‘nalishlarni ommalashtirish chindan ham partiyamizning muhim maqsadlaridan biri. Bu nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, balki mamlakatimizning madaniy merosini butun dunyoga namoyon qilish imkoniyatini ham oshiradi. Shu ma’noda ham turizm sohasidagi tashabbuslarimizning Hukumat harakat dasturiga kiritilgani O‘zbekistonning barqaror rivojlanishida partiyamizning faol ishtirokini ta’minlaydi, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda Davlat rahbarining har bir ma’ruzasida parlament va hukumat o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilganini, bunda qonunlar ijrosini ta’minlash uchun hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish nihoyatda muhim vazifalar sifatida belgilab berilganini ta’kidlash joiz. Deputat sifatida esa oldimizda turgan eng muhim masalalardan biri – bu joylarda qonunlarning aniq ijro etilishini ta’minlash uchun parlament nazoratini kuchaytirish, ijro hokimiyatining har bir qarorini jamoatchilik manfaatlariga muvofiqlashtirish lozim, deb hisoblayman.

Opa-singilarimizning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirishga doir vazifalarga ham ma’ruzalarda alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Zero, gender tenglikka qaratilgan siyosat "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi dasturida ham muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda ham Prezidentimizning xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga doir tavsiyalari partiyamiz va barcha darajadagi deputatlarimiz uchun yangi istiqbollar ochishda rag‘bat vazifasini bajaradi, deb o‘ylayman.

Xulosa shuki, Prezidentimiz ma’ruzalarida ko‘tarilgan masalalar, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar, ayniqsa, qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish va parlament faoliyatini samarali tashkil etishga doir tavsiyalar biz – deputatlarning o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamladi.

Hukumat harakat dasturida «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan takliflarning qabul qilingani va davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlangani saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishidagi muhim qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

Bilamizki, Yurtboshimiz ma’ruzalarida belgilangan vazifalar har birimizdan o‘ta mas’uliyat, faollik va qat’iyat talab qiladi. Ishonchim komilki, parlament va ijro hokimiyati o‘rtasidagi yaqin hamkorlik orqaligina biz ushbu maqsadlarga tezroq erishamiz.

 

Azamat PARDAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

“Milliy tiklanish” gazetasining 2024-yil, 11-dekabr sonidan olindi