Uy-joy bozorida aholi mablag‘lari kafolatlanadigan tizim yaratiladi


125     14.12.2024

Uy-joy inson hayotining uzviy va ajralmas bir qismi bo‘lib, u jamiyatda erkin hayot kechirishning garovidir. Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir shaxsning uy-joyga ega bo‘lish haqidagi huquqlari kuchaytirilib, uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi davlat ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab qo‘yildi.

Davlat, o‘z navbatida, uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun turli siyosat va mexanizmlar ishlab chiqishi, agar shaxsning uy-joyga bo‘lgan huquqi buzilsa, ularni himoya qilish va tiklash choralarini ko‘rib borishi haqidagi bir qator yangi normalar aks ettirildi.

Bugungi kunda aholining ijtimoiy himoyalanmagan va kam ta’minlangan toifalarining uy-joy huquqlarini kafolatlashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, O‘zbekistonda uy-joy siyosati, fuqarolarning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va aholiga qulay shart-sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan. Maqsad bitta — aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash va hayotdan rozi qilish.

Davlat tomonidan uy-joy sotib olish va uy-joy bozorini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarga bu borada yengilliklar yaratishga qaratilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqini amalga oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ipoteka krediti shartlarining soddalashtirishi, uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar ajratilishi, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish maqsadida, qurilish resurslarini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berilishi, soliq imtiyozlari qo‘llanishi va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi, shubhasiz, uy-joyga muhtoj aholi uchun arzon va qulay narxlarda uy-joy sotib olish imkonini yaratdi.

Ushbu sohada amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga qaramay, talab ko‘pligidan foydalanib, ba’zi holatlarda sohada insofsiz biznes yuritayotgan ayrim tadbirkorlar uchrayotgani kishini o‘ylantiradi. Boisi ular o‘z manfaatlarini o‘ylab, iste’molchilarga har xil asossiz vajlarni keltirib, uy-joylarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirmay kelayotgan holatlar hamon kuzatilmoqda. To‘lov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik yo‘qligi bunga yo‘l ochib berayotgan asosiy sabablardan biridir.

Buning natijasida yangi uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini bank orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berayotgani uchun bu mablag‘lar “soya”da qolayapti. Ko‘p hollarda esa uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar “muzlab” turibdi. Ulushdorlik shartnomalari ham hech qayerda ro‘yxatga olinmay, faqat quruvchining manfaatiga xizmat qilmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari ishtirokida kun tartibidagi ushbu masala batafsil muhokama qilinib, uy-joy sotib olishda aholi mablag‘larini kafolatlaydigan “escrow” tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Endi buyurtmachi va tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan, har bir qurilish inshooti bo‘yicha “escrow” hisobvarag‘i ochilishi ushbu sohadagi muammolar yechimiga qaratilgan juda samarali va oqilona yechim bo‘lib, bu yuzaga kelayotgan masalalarni bartaraf etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ko‘chmas mulk uchun kelishilgan mablag‘lar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi. Unda yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit taqdim etadi. Qurilish bitgach, xaridorning hisobvarag‘idagi pul developer tashkilotga o‘tkaziladi.

Aytish joizki, “escrow” tizimi o‘zining xavfsizligi, ishonchni ta’minlashi va qonuniy himoya mexanizmlari bilan birgalikda ko‘plab afzalliklarga ega. Masalan, tizim taraflar o‘rtasidagi ishonchni kuchaytirishga yordam beradi. Ya’ni, xaridor tovar yoki xizmatni sotib olishdan oldin pulni escrow-agentga o‘tkazadi va pulning sotuvchiga o‘tkazilishi faqat shartlar bajarilsa, amalga oshadi. Bunday holatda har ikki tomon ham o‘z manfaatlarini himoya qilinishiga erishadi. Quruvchi o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda, bu pul egasiga qaytarib beriladi. Bu esa firibgarlik holatlarini oldini oladi.

Umuman olganda, “escrow” tizimi moliyaviy va huquqiy xavflarni kamaytirish, ishonchni ta’minlash va taraflar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu tizimning afzalligi tomonlar o‘rtasidagi ishonchni ta’minlash, har ikki tarafning manfaatlarini himoya qilish va moliyaviy munosabatlarni xavfsiz, aniq va samarali amalga oshirishni ta’minlaydi.

 Farhod ZAYNIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish"

demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi