118 14.12.2024
Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Bugungi kunda jamiyatimizning yuzini qora qiluvchi pastkashlar, yomonlar, beboshlar, o‘g‘rilar, giyohvandlar va nashavandlar kechagi tarbiyasiga e’tibor berilmagan bolalardir”, degan fikri tarbiya masalasining juda qo‘hna mavzu ekanini ko‘rsatadi.
Axborot texnologiyalari, xususan, Internet nafaqat kattalar, balki bolalar hayotining ham ajralmas qismiga aylanib ulgurgan, “Ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi ma’naviy tahdidlar millat madaniyatiga, an’anaviy va axloqiy qadriyatlariga daxl qilayotgan, aksariyat hollarda ijtimoiy tarmoqlardan jamiyat rivoji va tinchligiga rahna solishga qaratilgan g‘arazli maqsadlarda foydalanilayotgan ayni kunlarda ham ushbu masala o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Ma’lumki, bola tarbiyasidagi eng samarali vositalardan biri bu kitob mutolaasidir.
Bugungi globallashuv, tezkor axborot almashinuvi davrida yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi, degan iddaolar tez-tez quloqqa chalinadi. Menimcha, bu fikr haqiqatdan ancha uzoq. Bugungi yoshlar Internet orqali avvalgidan-da ko‘proq o‘qishyapti. Bu juda yaxshi, albatta. Lekin ular nimalarni o‘qishyapti, degan savolga afsuski har doim ham asosli javobimiz bo‘lavermaydi. Vaholanki, biz uchun eng muhimi, hali ongi, tafakkuri va dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan bolalarning nimalarni o‘qishidir.
Zero, mutolaa bolalarni ovutish, zeriktirmaslik, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishgagina emas, ular qalbiga insoniy fazilatlarni singdirishga xizmat qilishi kerak. Bola milliy va umuminsoniy g‘oyalar ulug‘lanadigan adabiyotlarni o‘qisa, ma’nosini uqish, tushunish orqali o‘zligini anglaydi, tafakkurini shakllantiradi. Lekin tan olaylik: g‘arbona, oqava tushunchalar targ‘ibi aks etgan asarlar tanlovi – bu fojia! “Kimningdir favqulodda aqliy salohiyat egasi ekanini bilsak, uning qanday kitob o‘qishi bilan qiziqishimiz lozim”, deb yozgan edi donishmandlardan biri. Shuningdek, nomaqbul ko‘chalarga kirib qolayotganlarning ham nimalarni o‘qiyotgani juda muhim...
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 10 182 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, ularda 6 410 119 nafar bola tahsil olmoqda. Xo‘sh, bugun bizda nashr etilayotgan bolalar adabiyoti va nashrlari o‘quvchilar uchun yetarli bo‘lyaptimi?
Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida chop etilayotgan adabiyotlarning asosiy qismini bolalar adabiyoti tashkil qilar ekan. Bizda esa, aksincha holat: 2020-2025-yillarda mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Milliy dastur qabul qilinganiga qaramay, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish masalasi hamon dolzarbligicha qolyapti.
Ijtimoiy tarmoqlardan bolalar, ayniqsa, o‘smir yoshdigilarning ongi, tafakkuri, dunyoqarashini toraytirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlardan uzoqlashtirish, irodasini zaiflashtirish vositasi sifatida foydalanishga urinishlar bo‘layotgan bir paytda kutubxonalar sonining borgan sari kamayib ketayotganini qanday izohlash mumkin?!
Statistika agentligining ochiq ma’lumotlar bazasida keltirilgan ko‘rsatkichlar keyingi 20-yilda O‘zbekistondagi kutubxonalar soni 15-barobarga kamayganini ko‘rsatyapti. Shuningdek, aksariyat tumanlardagi bolalar kutubxonalarining yopilib ketgani, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bolalarga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlarning yetarli emasligi nashriyotlar, tahririyatlar va ijodkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash lozimligini ko‘rsatadi.
2018-yilda 278-ming nusxada chop etilgan bolalar nashrlari – “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari, “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallarining obunasi so‘nggi yillarda jami 19-mingdan salgina ziyod bo‘lgani yosh avlod kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir insonni tashvishga solishi kerak. Vaholanki, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish, ularni ma’naviy xavflardan himoya qilishda kitobning o‘rni qanchalar muhim bo‘lsa, bolalar va o‘smirlar nashrlarining ahamiyati ham undan kam emas.
PISA o‘quvchilar yutuqlarini xalqaro baholash natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yili eng yomon ko‘rsatkichga ega davlatlar o‘ntaligiga kirgan, 81 ta mamlakat ishtirok etgan tanlovning 2-yo‘nalishi, ya’ni o‘qish savodxonligi bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘quvchilar 80-o‘rinni egallashgan. Bunday uyatli natija uchun aybni bolalardan emas, nazarimda ularning yoshi, qiziqishlariga mos, ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga to‘la javob beradigan adabiyotlarni yetarli miqdorda yetkazib bera olmayotganimiz uchun o‘zimizni ayblashimiz kerak. Bu ham yetmaganidek, bugun chop etilayotgan ayrim o‘zbek xalq ertaklari esa bolalarni tarbiyalashga emas, aksincha, ahloqsizlikka undayotgandek.
Masalan, “Yamoqchining qizi va podshovachcha” ertagida “Bir o‘pich bersangiz, tovoq-povog‘i bilan beraman, - debdi podshovachcha. Qiz hali yosh ekan. Yaxshi-yomon gapni hali ajratmas ekan. O‘pichni berib, bir tovoq holvani olib uyiga qochibdi”.
“Qani, bir un elab ko‘r-chi, agar un elaganingda keting qimirlamasa, podshovachchamiz seni qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y berib, xotinlikka oladi...” kabi uyatli jumlalar keltirilgan.
“Quloqboy” nomli ertakda esa: “Cholning xotini homilador bo‘libdi. Kunlardan bir kun kampirni to‘lg‘oq tutibdi. Chol shunday qarasa, xotini yettita quloq tuqqan emish”, degan jumlalarni o‘qiysiz.
“Sumbul bilan Gul” ertagida: “O‘gay ona Gulning aqlli, chiroyli bo‘lganidan uni yaxshi ko‘rib qolgan ekan. Bir kuni u Gulni yoniga chaqirib, uni yaxshi ko‘rib qolganini aytibdi. Gul: “Oyi, men sizning o‘g‘lingiz bo‘laman-ku, menga shunday gaplarni aytishga uyalmaysizmi?” debdi”...
“O‘zbek xalq topishmoqlari”da topishmoqlarda ham g‘aliz, ham uyatli iboralar ishlatilganiga guvoh bo‘lish mumkin. “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar”, deymizu, lekin so‘zimiz va amalimiz birmi, degan savolga javobimiz yo‘q. O‘zbek xalq ertaklaridan yana biri – “To‘qliboy” nomli ertak qahramoni To‘qli o‘gay onasi uni o‘ldirmoqchi bo‘layotganini bilib qolib, uning hiyla va nayranglari orqali o‘z bolalari, ya’ni o‘gay ukalarini o‘ldirib yuboradi. Vaholanki, ertaklar bolalarni johillik, bag‘ritoshlik, qasoskorlikka emas, aksincha, ezgulikka yetaklaydigan, mehribonlik, rahmdillik, kechirimlilikka o‘rgatadigan vosita bo‘lishi kerak emasmi, aslida?!
Bunday mantiqsiz ertak va topishmoqlar bolalarga nima beradi, degan o‘rinli savolga mutasaddilar rasman javob qaytaradigan vaqt keldi, nazarimizda. Bular axir xalq og‘zaki ijodi mahsuli-ku, deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, lekin xalq o‘zi kim? Xalq - bu sizu biz emasmi? Demak, bu ertak va topishmoqlar ham sizu bizdek oddiy odamlar tomonidan aytilgan, yozilgan. Shunday ekan, xalq og‘zaki ijodi namunalarining badiiy, tarbiyaviy ahamiyati nuqtai nazaridan, ularni saralash, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi muhokamasidan o‘tkazib, yosh avlod e’tiboriga havola etish shart ayni paytda.
Bilamizki, bugun ijtimoiy tarmoqlarni to‘la nazorat qilishning imkoni yo‘q. Bas shunday ekan, “Ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi ma’naviy tahdidlar “qurboni”ga aylanib qolayotgan yoshlarda ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish, axborot, xabar va ma’lumotlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, ya’ni ma’naviy immunitet hosil qilib, ularning ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolishlarining oldini olishimiz kerak. Bunda esa mutolaaning o‘rni beqiyos.
Bu o‘ta muhim masala “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ham e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q.
Partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturida noshirlik – kitob ishlab chiqarish va uning sotilishida qo‘llaniladigan qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar joriy etish, “Milliy tiklanish” kitob javoni” loyihasi doirasida ta’lim xorijiy tillarda olib boriladigan maktablardagi kutubxonalar fondini davlat tilidagi badiiy adabiyotlar hamda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop risolalar bilan boyitish, bunday maktablar o‘quvchilari o‘rtasida davlat tilida “Kim ko‘p kitob o‘qiydi?” tanlovlarini muntazam o‘tkazib borish, yoshlarni kitobxonlikka qaytarishga qaratilgan “Faqat kitob haqida”, “Kitobsevar millat”, “Oila kutubxonasi” kabi vazifa va yirik loyihalar belgilab olindi.
Yaqinda esa “Ayollar va Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan “Bolalar kitobxonligi: muammo va yechimlar” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazilib, unda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti, Respublika bolalar kutubxonasi, bir qator nashriyotlar, bolalar yozuvchilari, bolalar va o‘smirlar nashrlari bosh muharrirlari hamda OAV vakillari bilan bolalar adabiyotini rivojlantirish, bolalarimizni kitobxonlikka qaytarish uchun, o‘qiydigan millat bo‘lishimiz uchun nimalar qilishimiz kerak, degan savollarga javob izlandi.
“Yangi asr avlodi” nashriyoti direktori Erkin Abdurahmonovning fikricha, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya kabi davlatlarda chop etilayotgan adabiyotlarning 70 foizini bolalar, 30 foizini esa kattalar adabiyoti tashkil etadi. Bizda esa aksincha, bolalar adabiyotining ulushi 15-20 foizdan oshmaydi.
Juda ko‘p kuzatganmiz: ota-onalar tomonidan farzand tarbiyasiga oid ko‘plab kitoblar sotib olinadiyu, ammo bolalarning o‘zi o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblarga deyarli e’tibor qaratilmaydi... Bunga bolalarga mo‘ljallangan kitoblarning qimmatligi ham sabab bo‘lyapti. Chunki bolalar adabiyoti uchun mualliflardan tashqari kuchli tarjimonlar, rassomlar xizmati kerak bo‘ladi. Bugun bozor rastalaridagi arzon narxdagi sifatsiz kitoblarda esa mazmun uchun ham, sifat uchun ham javob berilmaydi.
Demak, kitob o‘qiydigan millatga aylanishimiz uchun birinchi navbatda bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, bolalar adabiyotini nashr qiladigan nashriyotlar va bolalar adabiyotini sotuvchi do‘konlarga soliqlardan imtiyozlar, preferensiyalar berish, ularni bojlardan ozod qilish kerak.
“Bolalarga mo‘ljallangan kitoblar mukammal darajada chop etilmasa, so‘rovi ham shunga yarasha og‘ir bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, aynan bugun eng sifatsiz, qiyshiq kitoblarni ham aynan bolalar kitoblarining orasida uchratyapmiz”, - deydi “Akademnashr” nashriyoti direktori Canjar Nazarov.
“Alifbe” kitobini chiqarmoqchi bo‘lib bozor talablarini o‘rganganimizda: “Hozirda chop etilayotgan “Alifbe” kitoblariga o‘xshab qolmasa bo‘ldi”, degan javobni oldik. Chop etilgan “Alifbe” kitoblarini ko‘zdan kechirsam, ularda mutanosiblik yo‘q, sifati juda past edi. Ayni paytda bunday holatlarga barham berishga qaratilgan harakatlarimiz bor.
“Asaxiy” Internet-do‘koni asoschisi Firuzbek Allayevning aytishicha, bolalar adabiyotini rivojlantirish uchun birinchidan, kutubxonachilik kasbini qaytadan ko‘rib chiqish kerak. Hozir ular eng past maosh oladigan, asosan rahbariyatning buyrug‘ini bajaradigan noto‘g‘ri “KPI” bilan ishlaydigan qatlamga aylanib qolganlar. Kutubxonachiga “KPI” qilib, ko‘proq bolani kitob o‘qitish emas, kitoblarni yangi va toza saqlash vazifasi qo‘yilgan. Natijada kutubxonachi bugun bolaning kitob o‘qishidan emas, kutubxonada kitoblarning joy-joyida turishidan, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘qilmasligidan manfaatdor. Kutubxonachining vazifasi kitoblarni qo‘riqlash emas, bolalarga o‘qitish bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, kutubxonada jonkuyar, kitobning, mutolaaning qadrini tushunadigan kadrlar ishlashi uchun kutubxonachilarning maoshini kamida ingliz tili o‘qituvchisi darajasida oshirish kerak. Chunki kitob o‘qishning ahamiyati ingliz tilini o‘rganishdan kam emas!
Uchinchidan, adabiyot darslarining metodikasini qaytadan ko‘rib chiqish vaqti keldi. Adabiyot muallimi bolani ko‘proq kitob yodlatib, testga tayyorlaydigan emas, bolaga kitob o‘qitadigan muallimga aylanishi kerak. Toki, bola Abdulla Qahhorning tug‘ilgan yili hamda asarlari nomini yodlash o‘rniga, uning asarlarini o‘qib, tushunishga harakat qilsin. Bu ham milliy dastursiz, mutaxassislarsiz, kamida o‘n yillarsiz amalga oshmaydigan jarayon. Buning uchun hatto adabiyot fanidan o‘tkaziladigan testlarni bekor qilishimizga ham to‘g‘ri kelishi mumkin.
To‘rtinchidan, sohaga ijtimoiy buyurtmalarni ko‘paytirish kerak. Shu yili biz bolalar tahririyatini rivojlantirishimiz uchun AOKA va Jurnalistlar uyushmasi tomonidan bizga beshta kitobni nashrga tayyorlash ishlarini davlat granti qilib berishdi. Bolalar adabiyoti moliyaviy tomondan o‘zini oqlamayotgan ekan, eng to‘g‘ri yo‘l sohada sifat va tajribasi bilan o‘zini oqlagan nashriyotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish, grant va subsidiyalarni ko‘paytirish, kitob yaratuvchilarga ko‘proq investisiyalar ajratishdir.
– Biz bolalar adabiyotiga tarbiyaviy estetik hodisa sifatida qaraymiz xolos, – deydi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, “Mutolaa” loyihasi Bolalar yo‘nalishi muharriri Sa’dullo Quronov. – Ta’lim bilan bog‘liqligi – bu shunchaki illyuziya, amalda yo‘q bu narsa. Ya’ni, o‘qish ko‘nikmasi degan tushuncha bor. Bu bolalar adabiyoti asosida rivojlantiriladi. Bolalarda o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish uchun esa birgina Anvar Obidjonning kitobini o‘qitishning o‘zi yetarli emas. Uning pedogoglar, psixologlar va yana bir qator mutaxassislar tomonidan katta bir institutsional tarzda tayyorlanadigan ilmiy-metodik asoslari bor. Bizda esa bunday ishlanmalar mavjud emas.
Kitob o‘qiydigan millat bo‘lishimiz uchun bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi uchta tamoyilga amal qilishimiz kerak. Bular:
Birinchidan, bolalar adabiyotining ta’limiy ahamiyatini oshirishni ehtiyoj sifatida ko‘rish kerak.
Ikkinchidan, yosh ijodkorlar maktabini shakllantirish lozim.
Uchinchidan, bolalar adabiyoti bozorini yaratish kerak.
– Afsuski, bu borada hech bir xususiy nashriyot uyushma bilan hamkorlik qilmaydi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Bolalar va o‘smirlar adabiyoti Kengashi raisi, shoir Orif To‘xtash. – Aslida har bir nashriyotda muharrirlar guruhi mavjud bo‘lishi, har bir kitobning saviyasi uchun mas’ul muharrir javob berishi lozim. Agar chop etilayotgan asarning mazmun-mohiyati, g‘oyaviy jihatlariga aynan ijodkorlarning xulosalari talab qilinguday bo‘lsa, bu borada Yozuvchilar uyushmasi hamisha hamkorlikka tayyor.
Bolalar yozuvchisi, psixolog Muazzam Ibrohimovaning aytishicha, bibliopsixologiya bu bola tilini kitob tili bilan umumlashtiradigan, matnlarni bolalar ruhiyatiga mos tarzda yetkazib beradigan alohida fandir. Bizda bibliopsixologlar yo‘q, sababi bibliopsixologiya fan sifatida o‘qitilmayapti.
–Men Turkiya tajribasini o‘rganib, nashriyotlarda chop etilayotgan bolalar adabiyotining tili sodda, ravon bo‘lishi, yosh kitobxonlarga qiziqarli tarzda yetkazib berilishiga alohida e’tibor qaratilishiga guvoh bo‘ldim. Yana bir ibratli jihati, Turkiyadagi katta-katta savdo markazlarida shanba va yakshanba kunlari kitob yarmarkalarini tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. E’tiborli tomoni, dam olish kunlari kitoblar arzonlashtirilgan narxlarda sotiladi.
Yodimda bor, 1979-yil butun dunyoda “Bolalar yili” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Turkiyada bolalar adabiyotiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytirildi. Sababi, o‘rganishlar bolalar kitobxonligi kamayib ketganini ko‘rsatgan. Shunda davlat tomonidan nashriyotlarga bolalar kitoblarini ko‘paytirishga doir topshiriq berilgan, noshirlarga katta haq to‘langan. Bolalar adiblarining qalam haqlari ham oshirilgan, ularning hech qanday iqtisodiy, ijtimoiy masalalarga chalg‘imay, erkin ijod qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Turkiyada Bolalar adabiyoti kengashi hamda Bolalar adiblari kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yana, Bolalar adabiyoti prokuraturasi, degan tuzilma ham borki, adiblarning yangi yozgan asarlarini eng avvalo, shu tuzilma a’zolari, ya’ni, bolalar o‘qib chiqishadi. So‘ngra asar bolalar adiblari muhokamasidan o‘tkaziladi hamda bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar, o‘zgartirishlar asosida asar qayta tahrir qilinadi. Bunday puxta, mag‘zi to‘q asarlarning esa nafaqat mamlakatda, balki dunyo miqyosida bozori chaqqon bo‘lishi tayin.
Yuqorida ta’kidlanganidek, 70-, 80-, 90-yillar bolalar adiblarining asarlari mavzusi bugunning bolalari uchun qiziqarli bo‘lmayapti, ularning tilini qabul qilishmayapti. Demak, bugungi yosh kitobxonlar uchun boshqacha yondashuv kerak. Bolalar kitob o‘qimay qo‘yishdi, degan fikrga qo‘shilmayman. Bolalar o‘qishyapti, hattoki og‘ir onkologik xastalikka chalingan bolalar ham o‘qishadi. Ularning qiziqishlariga, ruhiyatiga mos kitoblar yetkazib berishimiz muhim.
O‘zim psixolog bo‘lganim uchun o‘n nafar eng zo‘r kutubxonachilar bilan trening o‘tkazdim. Stolga bir nechta bolalar kitoblarini qo‘yib, o‘zlari istagan joyidan bolalarga o‘qib berishlarini so‘radim. O‘zim zalda o‘tirgan bolalarni kuzatdim va qay birlari esnab, boshqalari zerikib o‘tirganiga guvoh bo‘ldim. Ishonasizmi, bizga eng zo‘rlari, deb tanishtirilgan kutubxonachilarning birortasi bolalarning ko‘zini yondirib yoki uyg‘otib yuborganini ko‘rmadim. Xohlagan kutubxonangizga boring, hattoki respublika kutubxonasida ham bolaning so‘ragan adabiyotini, voy, bu juda qiziqarli kitob, uning mazmuni mana bunday, yur, men senga uni olib beraman, demaydi, aksincha, bu kitob huuv anavi jovonda yoki narigi xonada yotibdi, borib olaver, deyishadi va shu tarzda bola bilan muloqot uziladi.
Xulosa shuki, bolalarning kitobdan, mutolaadan yiroqlashib ketishlarida kutubxonachilarning ham aybi bor.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, pedogogika institutida bibliopsixologiya kafedrasini tashkil etish lozim.
Ikkinchidan, yurtimizdagi katta-katta savdo markazlarida milliy taqinchoqlar, milliy liboslar savdosi bilan bir qatorda kitoblar savdosini ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak.
Sitora Usmonova, “Milliy ruh” bolalar kreativ kitoblari loyihasi asoschisi, bolalar yozuvchisi:
– Men Germaniyada yashayman. O‘zbekistonda mualliflar, tarjimonlar maktabining yo‘qligi meni xayratda qoldirdi. Ijodkorlarni birlashtiruvchi Yozuvchilar uyushmasi mavjud, lekin kitob chiqarish jarayoniga tayyorlaydigan yo‘nalish yo‘q ekan. Kitoblarning aksariyati sun’iy tafakkur orqali yaratilib, chop etilayotgani - bu haqiqiy fojia!
Nazarimda muammoning ildizi bo‘lgan kitob ishlab chiqaruvchilarni mutaxassislikka tayyorlaydigan olti oylik kurs yoki maktab tashkil qilish kerak (bakalavr yo‘nalishi bo‘lishi shart emas). Shuningdek, bolalar dunyosini chin ma’noda his qila oladigan, so‘zlariga, ranglariga, qahramonlariga alohida e’tibor qaratadigan illyustratorlar maktabini ham yaratish kerak.
Ulug‘bek Jabborov, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti mas’ul xodimi:
– Bolalarga kitob o‘qitish uchun ularning qo‘liga “Baby's Day Out” (Kichkintoy sayrga chiqdi) nomli Gollivud filmiga asos bo‘lgan asar yoki kitob o‘qib odamga aylangan robot haqidagi “Ikki yuz yoshli odam” filmiga asos bo‘lgan asarlar kabi mafkurasi kuchli asarlarni tutqazishimiz kerak. Buning uchun esa bolalar olamini, ularning psixologiyasini yaxshi biladigan kuchli adiblar kerak. Xorijdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida adiblar tayyorlaydigan yo‘nalishlar mavjud. Bizda ham adabiyotshunoslik yo‘nalishlari bor, lekin u adabiyotshunoslarni tayyorlaydi.
Menimcha, ishni adiblarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlar yoki malaka oshirish kurslarini ochishdan boshlash kerak.
Bolalarga mo‘ljallangan kitoblarning ijtimoiy reklamasini ham tashkil qilish vaqti keldi nazarimda.
Bolalar adabiyotining chin ma’nodagi fidoyilari tomonidan kuyunchaklik bilan bildirilgan fikrlarni eshitib, taniqli yozuvchimiz Gʻafur Gʻulomning: “Har gal bozorga borganingizda farzandingiz uchun bitta kitob sotib olib, uyingizga qo‘yib qo‘ying. Bolangiz uning ustidan sakrab o‘tsa ham hech bo‘lmaganda bitta harfini ilib oladi”, degan fikri beixtiyor yodimizga tushdi. Farzandlarimiz eshitganidan ko‘ra, ko‘rganiga ko‘proq amal qiladi, degan tushuncha mavjud. Shunday ekan, avvalo, o‘zimiz qo‘limizga kitob olaylik, o‘qiydigan millat bo‘lish uchun harakatni har birimiz o‘zimiz, o‘z oilamizdan boshlaylik.
Feruza Muhammedjanova,
Feruza Jalilova