Energetika tarixida yangi sahifa ochildi


59     19.12.2024

Maʼlumki, yurtimizda energetika sohasi so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, iqtisodiy o‘sishini taʼminlash va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 13-dekabr sanasida Davlat rahbari raisligida yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bag‘ishlangan tadbir bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning davomi bo‘ldi.

Taʼkidlash lozim, sohada xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida oxirgi besh yilda energetika tizimiga qariyb 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi va bu milliy iqtisodiyotimiz uchun katta yutuq bo‘ldi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va Germaniya kabi davlatlarning yirik kompaniyalari hamda xalqaro moliya institutlari bilan bu borada manfaatli hamkorlik o‘rnatilgan.

Birgina 2025-yilda 84 milliard kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan 25 milliard kilovatt soat yoki 1,5 barobarga ko‘pdir. Bunday o‘zgarishlar esa o‘z navbatida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha qiymat yaratishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish davlatning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Xususan, 2030-yilga qadar 19 ming megavatt quvvatga ega “yashil energetika” obyektlari ishga tushirilishi kutilyapti. Natijada qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi. Ushbu dastur ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Tantanali marosimda Prezidentimiz tomonidan qayd etilganidek, sohada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining joriy qilinishi va elektr energiya bozorining erkinlashtirilishi tizim tarmoqlarini modernizatsiya qilish imkonini beradi. Bu energetika samaradorligini yana-da oshirishda muhim qadamdir.

Bu galgi marosimda umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha tayyorlangani eʼtiborga molik. Ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qo‘shimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Eng asosiysi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi. Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga turtki beradi.

Yana bir muhim jihati: Parij bitimi doirasida zararli gazlar chiqindisini 35 foizga kamaytirish borasidagi global ekologik majburiyatlarni bajarish uchun olib borilayotgan ishlar O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘sini oshiradi.

Albatta, yuqorida qayd etilgan marralarga erishish parlament va deputatlar zimmasiga mamlakatimizda “yashil energetika” sohasini rivojlantirishga qaratilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish orqali mazkur sohadagi islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminlash vazifasini yuklashi shubhasiz.

 

Bekmirza ESHMURZAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

“Milliy tiklanish” fraksiyasi aʼzosi